Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • UzPost mijozlarga qulay turlarni kengaytirishi bilan birga xizmat ko‘rsatish tizimini ham tubdan yangilab bormoqda
    19.03.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “O‘zbekiston pochtasi” AJ tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etib, pochta xodimlarini taqdirladi.

    Unga ko‘ra, faoliyati davomida faollik ko‘rsatgan va korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga o‘zlarining samarali mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan “O‘zbekiston pochtasi” AJ xodimlarining 4 nafar xodimi “Mohir aloqachi” faxriy unvoni bilan, 14 nafar xodimi “O‘z kasbining ustasi” belgisi bilan, shuningdek, 10 nafar xodimi faxriy yorliq bilan taqdirlanishdi.

    Hozirgi kunda “O‘zbekiston pochtasi” AJ tarkibiy jihatdan 165 ta tuman va shahar pochta aloqasi tarmoqlari, 1803 ta pochta aloqasi bo‘limlaridan (ulardan 1358 tasi qishloq joylarida) iborat bo‘lgan 14 ta mintaqaviy filiallar, 4 ta ixtisoslashtirilgan filiallar – “Xalqaro pochtamt”, “Xalqaro tezkor pochta”, “O‘zbekiston markasi”, “Matbuot tarqatish”ni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, respublika hududida pochta jo‘natmalari muntazam ravishda 3 ta avia, 303 ta avtomobil yo‘nalishlari bo‘yicha yetkazib berilmoqda.

    O‘zbekiston 2020-yil 14-dekabrdagi “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021-yil 14-dekabr sanasida “O‘zbekiston pochtasi” AJ o‘z faoliyatida rebrendingni ommaga havola qildi va aynan shu sanadan boshlab O‘zbekiston pochtasi nomi UzPost deb tan olindi.

    Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2021-yilda “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini transformatsiya qilish, moddiy-texnika bazasini takomillashtirish va ish faoliyatini raqamlashtirish, shuningdek, pochta va kuryerlik xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, elektron tijorat, bank va davlat xizmatlarini ko‘rsatishni joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. “O‘zbekiston pochtasi”ning mavjud axborot tizimlari yangilandi, to‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalari bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yangilanib, “AVVAL” brendi ostida ishga tushirildi hamda uning mobil ilovasi ham yaratildi. Bugungi kunda mazkur tizimda 60 dan ortiq to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati mavjud.

    Hozirda respublikaning chekka hududlarda yashovchi aholi uchun 930 ga yaqin pochta aloqa obyektlarida 30 turdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

    Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi “UNISAVDO” brendi ostida Milliy onlayn savdo maydonchasi 2021 yil mart oyidan boshlab toʻliq ishga tushirildi. Mazkur tizim orqali tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlarini respublika bo‘yicha savdoga chiqarishlari mumkin bo‘ladi. “O‘zbekiston pochtasi” АJ esa maydoncha orqali xarid qilingan maxsulotlarni xaridor manzili bo‘yicha yetkazib beradi. 

    Elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urganch shahrida logistika markazi qurilishi boshlandi.

    Shuningdek, “Gibrid pochta” tizimi takomillashtirilib, Yagona milliy tizim joriy etildi. Gibrid pochta xizmatning afzalligi shundaki, davlat organlari va tashkilotlari pochta jo‘natmalarini konvertga solish, unga marka yopishtirish, oluvchining manzillarini yozish va pochtaga olib kelish vazifalaridan holi bo‘lishadi.

     Buning natijasida pochta jo‘natmasini yetkazib berishdagi nazorat muddatlari qisqarishiga erishildi, ya’ni avval pochta jo‘natmalar eng chekka hududda yashovchi aholiga 6-8 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, endilikda 1-2 kun ichida yetkazib berilmoqda.

     AKT vaziri Sh. Shermatov ta’kidlaganidek, bugungi kunda 100 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari ushbu xizmatdan foydalanib kelmoqda. Gibrid pochta jo‘natmalarining hajmi 2020-yilga nisbatan 2021-yilda 2 barobar ko‘payib, 3,5 million donani tashkil etgan.

     “Pochta jo‘natmalarni yetkazib berishdagi logistika tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Bunda pochtalonlar elektroskuterlardan foydalangan holda pochta jo‘natmalarni markazdagi pochta saralash bo‘limidan “bog‘lama-mijoz” sxemasi asosida olib, oluvchilarga yetkazib berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi va 500 ga yaqin elektroskuterlar bilan ta’minlandi.

     Natijada mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilandi hamda pochta jo‘natmalarni yetkazib berish vaqtini qisqartirishga erishildi, ya’ni avval pochtalonlar tomonidan pochta jo‘natmalar oluvchilarga 2-3 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib 1 kun ichida yetkazib berilmoqda”, – dedi AKT vaziri Sh. Shermatov. 

    Manba: Axborot xizmati