eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
AKTda ta'lim

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’limni yanada rivojlantirish yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab zamonaviy ta’limning kredit tizimiga o‘tkazildi. Ta’limning kredit tizimida hozirgi kunda 9 609 nafar talaba ta’lim olmoqda. Kredit tizimiga o‘tish orqali o‘quv rejalari jahon standartlariga moslashtirish uchun yangi fanlar bilan boyitildi, talabalarga fanlarni tanlash erkinligi berildi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga akademik mobillik tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratildi. Universitetga xorijiy davlatlardan 21 nafar professor-o‘qituvchi jalb qilindi.

Bugungi kunda universitet va uning hududiy filiallarida 57 nafar fan doktori, 251 nafar fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. 2019 yil davomida professor-o‘qituvchilarining 51 nafari doktorlik ishini himoya qildi, xalqaro ilmiy jurnallarda 111 ta ilmiy maqolalar chop etildi va universitet professor-o‘qituvchilari ilmiy salohiyati darajasi 28 foizdan 33 foizga yetkazildi.

Vazirlar Mahkamasining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tarkibida O‘zbek-Belarus qo‘shma axborot texnologiyalari fakultetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 18 yanvardagi 46-son qarori qabul qilindi. Qo‘shma fakultet uchun abituriyentlarga tayyorlov kurslari tashkil etildi. Ushbu fakultetda 2019/2020 o‘quv yilida 505 nafar talaba qabul qilindi.

Shuningdek, 2019 yilda universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining 1,6 mln. dollar miqdoridagi texnik granti hisobiga O‘quv media markazi foydalanishga topshirildi.

2019 yilda 5,2 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi 60 ta loyiha amalga oshirildi.

Universitet 2019 yilda Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida 5 ta yangi loyihada ishtirok etishni boshladi. Ushbu loyihalar 2019-2021 yillar davomida amalga oshiriladi, umumiy loyihalar soni 10 taga yetkazildi. Universitetning 2 nafar bakalavr, 22 nafar magistrant va 9 nafar doktorantlari xorijiy universitetlarda tahsil olmoqda.


Toshkent shahridagi INHA universitetida 1 558 ta talaba tahsil olmoqda. Kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra 40 ta eng yaxshi talaba grant asosida qabul qilindi. Bugungi kunda INHA universitetida Koreyadan va boshqa xorijiy mamlakatlardan 14 nafar professor o‘qituvchi va mutaxassis, mahalliy mutaxassislardan 8 nafar professor va 26 nafar o‘qituvchi jalb etilgan.

2019 yilda universitetning “Kompyuter injiniring” va “Dasturiy injiniring” mutaxassisligi bo‘yicha 202 nafar bitiruvchi ikkita – INHA universiteti (Koreya Respublikasi) va Toshkent shahridagi INHA universiteti diplomlariga ega bo‘lishdi. Bitiruvchilarning 177 nafari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishga joylashgan, 25 nafari Germaniya, Janubiy Koreya, Kipr va boshqa Yevropa mamlakatlari universitetlarning magistraturasiga o‘qishga qabul qilingan.

2019 yilda Toshkent shahridagi INHA universitetida SAP Vision center faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu hamkorlik doirasida universitet va SAP kompaniyasi o‘rtasida kelishuvga asosan talabalar va o‘qituvchilar kompaniyaning “SAP University Alliance” dasturi doirasidagi o‘quv qo‘llanmalardan beg‘araz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 yanvardagi qarori bilan Toshkent shahrida Amiti universiteti tashkil etilib, 2019 yil 24 sentyabrdan boshlab universitet o‘z faoliyatini boshladi. Hozir universitetda 499 nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PHD darajasiga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Talabalar almashinuvi dasturi doirasida Amiti universitetining Birlashgan Arab Amirliklaridagi kampusiga 14 nafar hamda Hindistondagi kampusiga 8 nafar talaba yuborilgan.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish doirasida Vazirlik tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Respublika bo‘yicha 24 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Shundan 22 tasi 2019 yilda, 3 tasi 2020 yilda faoliyatini boshladi.

Mazkur markazlarda o‘qishlarni samarali tashkil etish maqsadida 14-30 yoshdagilar uchun dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratishga oid jami 19 ta fan dasturlari ishlab chiqildi.

Mazkur markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan 14-30 yoshdagilar uchun dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratishga oid jami 19 ta fan dasturlari ishlab chiqildi.

Mazkur markazlarda xozirgacha 5 ming nafar tinglovchi o‘quv kurslarini yakunladi, hozir 600 nafar tinglovchi tahsil olmoqda.
 

Biroq yosh kadrlar o‘z bilim va salohiyatini amalda ko‘rsatish uchun, ularga yetarli shart-sharoit yaratib berish kerak. AKT-sohasida kuchli raqobat mavjud bo‘lganligi uchun, yangi startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutadi.

Bu borada Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park) barpo etildi. IT-Park rezidentlari uchun imtiyozlar yaratildi, ya’ni ular 2028 yilgacha barcha turdagi soliqlar va maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy to‘lovlardan, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lov hamda bojxona bojlari (yig‘imlardan tashqari) ozod qilingan. Hozirgi kunda IT-Park rezidentlar soni 398 ta tashkil etib, 23 ta startap-loyihalar amalga oshirilmoqda, 4,2 ming xodim faoliyat yuritmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z parlamentga yo‘llangan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, u hozirdanoq o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi. Yaqin orada “IT-park”larning filiallari respublikaning 14 hududlarida, birinchi navbatda, Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida, hamda Muxammad al-Xorazmiy nomidagi maktabida ham tashkil etiladi.

IT-parkni kelgusida rivojlantirish maqsadida uning hududini kengaytirish va yangi infratuzilma ob’ektlarni qurish bo‘yicha konsepsiyasi ishlab chiqildi. 2022 yilga umumiy maydoni 6,28 gektargacha keyngaytiriladi, binolar maydoni esa 408,2 ming kvadrat metrdan oshadi.

 

IT kadrlarni tayyorlashda yanada ko‘p muhim vazifalar oldimizda turibdi

 
 
Davlatimiz rahbariyati tomonidan yoshlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident o‘z ma’ruzalarida ta’kidlaganidek, iqtisodiyotni tubdan takomillashtirish eng muhim omillaridan biri axborot-texnologiya va raqamli texnologiyalardir. Shuning uchun kelajagimiz bevosita AKT va ularga tayangan mutahassislar bilan bevosita bog‘liq.

2021-yil yurtimizda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilingan. Shu tarzda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2021-yilda ham iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash ishlari izchil davom ettiriladi.

AKT sohasida oxirgi yutuqlarga asoslangan holda va malakali IT kadrlarga yuqori bo‘lgan talabni qondirish maqsadida ta’lim sohasini takomillashtirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Shu qaror asosida, respublika tuman (shahar)larida mavjud umumta’lim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Shunga ko‘ra, 2020-yilda mazkur yo‘nalishda 14 ta tayanch maktablar ochildi, 2021-2023 yillarda esa respublika bo‘yicha jami 205 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Xalq ta’limi vazirliklari, hamda Davlat test markazi hamkorligida tasdiqlangan qabul kvotalari asosida qishki ta’til kunlarida ixtisoslashtirilgan maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish bo‘yicha tanlov o‘tkazilgan edi.

Shuningdek, 20-yanvar kuni kuni Buxoro shahridagi 7-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab maqomi berildi. Eng zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan sinf xonalari, robototexnika xonasi, raqamli kutubxona, faollar zalida o‘quvchilarga informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqur o‘zlashtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tanlov asosida mazkur ilm maskaniga informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 1 ta sinfda 30 nafar o‘quvchi qabul qilindi.

Keng qo‘lamli ishlarni olib borishda, shubhasiz, yuqori malakali kadrlarga talab oshib kelmoqda. Shundan kelib chiqib bosqichma-bosqich o‘qituvhilarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyarga o‘qitish va IT sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning sonini ko‘paytirish maqsad qo‘yilgan. Jumladan, IT sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning sonini 2021-yilda 250 taga2022-yilda 350 tagacha va 2023-yilda esa 450 tagacha ko‘payitirilishi belgilangan.

Shu bilan birga Respublika miqyosida IT mutahassislarni keng tayyorlash ishlari ham faol ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezident tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusning uchinchi yo‘nalishi – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha respublika bo‘yilab Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil qilinmoqda, va hozirgi kunda ularning soni 108 ga yetdi. Mazkur o‘quv markazlarda mahalliy yoshlar uchun AKT asoslarini o‘rgatish hamda IT mutahassislarning malakasini oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular zamonaviy kompyuter jihozlari va Internet aloqa bilan ta’minlangan. Mahalliy yoshlarni AKT asoslariga samarali o‘rgatish va zamonaviy bilim berish maqsadida qator dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 19 ta ta’lim dasturlari ishlab chiqilgan, jumladan, dasturlash, kompyuter grafikasi, robototexnika asoslari, mobil va veb ilovalarni ishlab chiqarish va boshqalar.

IT mutahassislarni keng tayyorlash loyihalar qatorida “Bir million dasturchi” (One Million Uzbek Coders) muhim o‘rin tutadi. Mazkur yirik loyiha O‘zbekistonda 2019-yil noyabr oyida ishga tushirilib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Qo‘shma Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg‘armasi ko‘magida va IT Park qoshidagi IT Akademiyasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-texnologiya fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab bilan hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida dasturlashni masofaviy ravishda o‘rgatish uchun www.uzbekcoders.uz portal hamda o‘zbek tilidagi Udacity.com xalqaro ta’lim platformasi ishga tushirilgan. Birinchi bosqichda loyiha doirasida to‘rtta dolzarb IT yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berishi yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni FrontEndFullStackAndroid dasturlash hamda Ma’lumotlarni tahlil qilish (Data Analysis). Umumiy kurs 120 soatga mo‘ljallangan.

One Million Uzbek Coders dasturining birinchi yili juda sermahsul bo‘ldi. Loyiha 120 mingdan ortiq tinglovchilarni jamlab, ulardan 18 mingtasi muvaffaqiyatli ravishda kurslarni tamomladi. To‘rtta saralash bosqichlari bo‘lib o‘tdi, va ularning natijalari bo‘yicha Udacity Nanodegree dasturi bo‘yicha bepul o‘qishni qo‘lga kiritganlar tanlab olindi. Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda yoshlarga zamonaviy bilim egallash uchun barcha sharoitlar yaratilayotganligi ijobiy baholasa bo‘ladi. Prezident ta’kidlaganidek, aynan yoshlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini egallab, oʻz amaliy ishlari, gʻayrat-shijoati bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar boʻlishini isbotlaydi.