Bugun, 2 aprel kuni Toshkent shahridagi Amiti universitetida “ITWomen.Uz – 2021” loyihasi bo’yicha o’quv kurslarini bitirgan bir guruh xotin qizlar taqdirlandilar.
Ushbu loyiha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, IT Park, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari hamda Uzcard bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunga qadar respublikamiz bo‘yicha o‘quv kurslarini 1228 nafar xotin-qizlar muvaffaqiyatli yakunlagan. Ushbu treninglarning birinchi bosqichida 35 yoshgacha bo‘lgan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1200 dan ziyod xotin-qizlarga kompyuter savodxonligi va elektron tijoratga oid bilimlar berildi. Olib borilgan darslar va psixologik treninglar hududlardagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida va Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlarida joriy yilning 15-fevraldan 5-martiga qadar tashkil qilindi.
“ITWomen.Uz – 2021” loyihasining ikkinchi bosqichi yurtimizning barcha hududlarida joriy yilning 3-may oyidan boshlab tashkil etiladi. Loyihaning keyingi bosqichida sertifikat olgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash ishlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur loyiha doirasida xotin-qizlarning axborot-texnologiyalar sohasidagi faolligini oshirishga, elektron tadbirkorlik va kompyuter savodxonligiga qaratilgan bo‘lib, “Besh muhim tashabbus” dasturining uchinchi yo‘nalishi ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilmoqda.
Tadbir davomida bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi va kurs ishini eng yaxshi tayyorlagan xotin-qizlarga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Manba: Axborot xizmati