Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonun takomillashtirilmoqda (RASMIY BAYONOT)
    02.05.2022

    Senatning yalpi majlisida “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ko‘rib chiqildi.

    Mazkur Qonunning yangi tahriri xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirishga hamda pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

    Qonun bilan pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari kengaytirilib, unga asosan davlat tomonidan pochta aloqasini xalqaro normalar va standartlarga muvofiq rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ilg‘or innovatsion, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini rag‘batlantirish belgilanmoqda.

    Mazkur Qonun hujjatlarining rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini yurituvchi davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi belgilanmoqda.

    Qonun bilan foydalanuvchilarning manziliga oid ma’lumotlar, pochta va kurerlik jo‘natmalari, ularning tarkibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar pochta aloqasining sirini tashkil etishi va uni davlat tomonidan kafolatlanishi belgilanmoqda.

    Shuningdek, Qonun pochta aloqasining xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kurerlik jo‘natmalarining, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini ta’minlashga qaratilgan.

    Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

    Manba: Axborot xizmati