Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Oliy Majlisi Senatida “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuninning dastlabki muhokamasi bo‘lib o‘tdi (RASMIY BAYONOT)
    22.04.2022

    Joriy yil 21-aprel kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Unda Qo‘mita a’zolari, ekspertlar, tegishli vazirlik, idoralar rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

    Xususan, senatorlar yangi tahrirdagi “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonunga e’tiborini qaratdilar. Ta’kidlanganidek, respublikadagi pochta aloqasi xizmatlari bozorining rivojlanish darajasi va jahon pochta aloqasi xizmatlari bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari ushbu sohadagi qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni taqozo etmoqda.

    “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 7 bob va 41 moddadan iborat. Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorijiy davlatlarning pochta aloqasini tartibga solish borasidagi tajribalaridan foydalanilgan.

    Jumladan, Ozarbayjon, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarning qonunchilik hujjatlari hamda Umumjahon pochta ittifoqi aktlari o‘rganilgan.

    Pochta aloqasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradigan maxsus vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi etib belgilanmoqda.

    Shuningdek, mazkur qonun bilan pochta aloqasi sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat”) amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.

    Xavfli pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natish xavfini kamaytirish, pochta va kurerlik jo‘natmalarining butligini ta’minlash bilan bog‘liq xavf darajasini kamaytirish maqsadida pochta xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan alohida normalar qo‘shilmoqda.

    Shu bilan birga, abonent pochta javonlari ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlariga bu uylar qurilayotgan paytda qurilish tashkilotlari tomonidan o‘rnatilishi, umumjahon pochta ittifoqi hujjatlariga muvofiq belilangan majburiyatlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida bajarish uchun pochta aloqasi milliy operatorining maqomi, mutlaq huquqlari va funksiyalari aniq belgilab berilmoqda.

    Senatorlar muhokama jarayonida Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq holatlarga ham e’tibor qaratdi.

    Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

     

    Manba: Axborot xizmati