Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Kelgusi 2 yil davomida hududlarda 100 dan ortiq BPO markazlari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq yuqori maoshli ishchi o‘rinlari yaratiladi
    06.04.2022

    Bugun, 6-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon Banki bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda inklyuziv raqamlashtirish va biznes jarayonlarni autsorsing qilish (BPO)” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

    Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Yevropa va Markaziy Osiyoda raqamli rivojlanish amaliyoti menejeri v.b Nikol Klingen, Jahon bankining O‘zbekiston bo‘yicha davlat menejeri Marko Mantovanelli, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdi.

    Ma’lumki, davlat xizmatlarini barchaga tezkor, samarali va adolatli ko‘rsatish uchun elektron hukumatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik ishonchi va shaffofligini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlanish jarayonida ishtirok etish va hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari doimo rivojlanib, jamiyat, madaniyat va iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirmoqda.

    “Dunyo raqamli ekotizimda texnologiyaning jadal rivojlanishiga guvoh bo‘lmoqda, bunga ijtimoiy tarmoqlar, blokcheyn, sun’iy intellekt, biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) va bilim jarayonlari autsorsingi (KPO) misol bo‘la oladi”, – dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.

    Raqamli rivojlanishning O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi uchun muhim ahamiyatini e’tirof etgan holda, Hukumat raqamli transformatsiyani o‘zining birinchi strategik kun tartibiga qo‘ymoqda: “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qabul qilish va 2022–2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida raqamlashtirishga e’tibor qaratish – shular jumlasidandir.

    Ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston hukumati raqamli ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda O‘zbekistonda raqamli ish o‘rinlarini yaratish, shu jumladan, yoshlarning salohiyatini oshirish uchun IT va biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) hamda bilim jarayonlari autsorsingi (KPO) xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘zining izchil ishlarini olib bormoqda. O‘zbekiston hukumati IT-autsorsing salohiyatini yorqin namoyon etgan holda, aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish uchun barcha viloyat va tumanlarda BPOga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarini tashkil etib, ushbu imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

    “Hozirgi kunda tashkil qilingan BPO markaz tajribasi asosida respublikaning barcha hududlarida ham autsorsing (BPO) markazlarini tashkil qilishni o‘z oldimizda maqsadli vazifa etib belgilab oldik va joriy yilning birinchi choragi davomida respublikaning yana to‘rt hududida shu kabi Markazlar tashkil qilindi.

    Kelgusi 2 yil davomida hududlarda 100 dan ortiq BPO markazlari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq yuqori maoshli ishchi o‘rinlari yaratiladi. Natijada 400 ming AQSH dollari miqdorida IT-xizmatlarni eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

    Shu bilan birga, 2022-2023 yillar davomida barcha hududlarda IT-Park filiallari tashkil etiladi.

    Amalga oshirilayotgan kompleks choralar dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 10 barobarga oshirib, 2025 yilda 500 mln. AQSH dollariga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratiladi”, – deya qo‘shimcha qildi AKT vaziri.

    Tadbirda mamlakatimiz mutaxassislari va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, raqamli rivojlanishning bugungi holati va istiqbollari, baholash usullari hamda O‘zbekistonni raqamli rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdilar.

    Tadbir davomida O‘zbekistonda BPO xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, bu jarayonlarga yoshlarni keng jalb etish, autsorsingga ixtisoslashgan kompaniyalar tajribasi haqida ma’lumotlar berildi.

    Manba: Axborot xizmati