Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri EPAM Systems asoschisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
    25.01.2022

    2022-yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va “EPAM Systems” kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Tomonlar O‘zbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va iste’dodlarni rivojlantirish, shuningdek, IT sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.

    “EPAM Systems” rahbari O‘zbekistonda yoshlarga sifatli ta’lim beradigan va axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlaydigan onlayn-universitet ochishni tez orada amalga oshirishga kirishish istagini ma’lum qildi.

    AKT vaziri Sh. Shermatov, o‘z navbatida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda IT-Park ushbu universitetni ochish bo‘yicha EPAM Systems bilan hamkorlikni boshlashga va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama ko’mak berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

    Vazir Oʻzbekistonda xalqaro miqyosda tajribaga ega dasturchilar yetishmayotganligiga to'xtalib o'tdi. Shu sababdan mavjud vaziyatni oʻzgartirish hamda ularning sonini koʻpaytirish maqsadida xorijiy davlatlardan mutaxassislarni mamlakatga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ular, oʻz navbatida, 3-5 yil mobaynida mahalliy ishlab chiquvchilarni zarur koʻnikmalar bilan ta'minlashi hamda o'zaro tajriba almashinilishi ko'zda tutilgan. Vazir, shuningdek, xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonda faoliyat olib borishi qulay bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini alohida ta’kidladi.

    Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xorijlik IT-mutaxassislarni ko‘chirish jarayoni uchun quyidagi qulayliklarni taqdim etadi:

    – O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish, IT-vizani rasmiylashtirish va taqdim etishda yordam ko‘rsatish;

    – O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida ijaraga beriladigan uy-joy topish va taqdim etishda ko‘maklashish;

    – oila a’zolarini (yaqin qarindoshlarini) ta’lim muassasalarida (bolalar bog‘chasi, maktab va boshqalar) joylashtirish;

    – tarmoq va aloqa vositalari (mobil aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlash;

    – O‘zbekiston Respublikasi hududida turistik sayohatlarni tashkil etish.

    Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida O‘zbekistonda EPAM tizimlarini eng keng miqyosda rivojlantirish niyatida ekanligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kompaniyaning toʻliq rivojlanishi uchun 10 yil sarflangan, Oʻzbekistonda esa bu 3-5 yil ichida sodir boʻlishi mumkin.

    Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan “EPAM Global” konferensiyasini tashkil etish, uning doirasida EPAM Systems kompaniyasining yetakchi mutaxassislari uchun O‘zbekistonda ishlash uchun sharoit va imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida IT-tur o‘tkazilishiga to‘xtaldilar.

    Natijada ikki tomon ham yuqoridagi barcha loyihalarni amalga oshirishga kirishishga kelishib oldilar. 

    Manba: Axborot xizmati