Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT sohasiga oid 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2021 yilgi ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot taqdim etildi
    09.01.2021

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2020 yilda amalga oshirilgan ishlarning tanqidiy-tahliliy natijalari hamda 2021 yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

    Brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov ishtirok etib, AKT sohasiga oid 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va sohani rivojlantirishga 2021-yilda qaratilgan vazifalar to‘g‘risida axborotni taqdim etdi.

    Ta’kidlash kerakki, 2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi va bu borada qabul qilingan Davlat dasturiga muvofiq axborot texnologiyalari sohasi oldiga qator vazifalar belgilab berilgan edi.

    Axborot texnologiyalari sohasida o‘tgan 2020 yilda davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlariga IT texnologiyalarni keng joriy etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish va boshqa qator yo‘nalishlarda muayyan ishlar olib borildi.

    Eng e’tiborli jihati o‘tgan yilda sohani rivojlantirish maqsadida qator Prezident va Hukumat hujjatlari qabul qilindi.

    • Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni yanada rivojlantirish;
    • Raqamli O‘zbekiston - 2030” Strategiyasi va “Raqamli Toshkentdasturini amalga oshirish;
    • Pochta aloqasi tarmog‘ini isloh qilish;
    • IT kadrlarni tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish;
    • Elektron davlat xizmatlari turlarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar shular jumlasidandir.

     

    Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish borasida:

    “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan, kelgusi 3 yilda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 1 627 ta loyihani amalga oshirish belgilandi.

    Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish bo‘yicha 2020-2022 yillarda 42 ta vazirlik va idoralarda jami 260 tadan ortiq loyiha amalga oshirilishi boshlab yuborildi.

    Raqamli Toshkent” dasturi doirasida 30 dan ortiq axborot tizimini yaratish va integratsiya qilinmoqda.

    Tibbiyot sohasiga IT texnologiyalarni joriy qilinishi, jumladan “Yagona tez tibbiy yordam” axborot tizimini joriy etish orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilishga sarflanadigan vaqtni 2 barobarga qisqartirishga erishildi.

    Bundan tashqari Toshkent shahridagi 88 ta ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalarda “Elektron poliklinika” axborot tizimi joriy etildi.

    Yuqorida aytib o‘tganimdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qo‘shimcha 50 tadan ortiq xizmatlar joriy etildi va tizim orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 218 taga yetdi.

    Foydalanuvchilarni identifikatsiya qilishning yagona tizimi modernizatsiya qilinib, amaliyotga joriy etildi va 621 mingdan ortiq foydalanuvchilar ulandi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan IT tadbirkorlik va yoshlarni ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Har bir hududda Raqamli texnologiyalari o‘quv markazlari tashkil etish orqali aholini, ayniqsa yoshlarimizni dasturlash sirlari, veb-saytlar va mobil ilovalar yaratish bo‘yicha bilimlarni oshirish yo‘lga qo‘yildi.

    Shu maqsadda o‘tgan yili IT Parkning 5 ta filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi (Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand), ularda 400 dan ziyod korxona faoliyat boshladi.

    Qisqa vaqt mobaynida ular tomonidan 900 dan ziyod dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqildi.

    Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus doirasida respublika bo‘yicha 107 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi foydalanishga topshirildi va 200 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi.

    Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni joriy etishda raqamli infratuzilmani rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan:

    • 1 mln.ta Internet tarmog‘ida keng polosali ulanish portlari o‘rnatildi va ularning umumiy soni 3 mln.taga yetkazildi;
    • 32 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurildi;
    • 3 mingta tayanch stansiyalari keng polosali texnologiyalari asosida modernizatsiya qilindi;
    • 5 Petabayt sig‘imga teng Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirildi.
    • Mavjud texnik quvvatlarimizni keskin oshirish hisobiga o‘tgan yil dekabr oyidan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobarga, o‘tgan yil davomida internet xizmatlari tariflari esa 29 foizga arzonlashtirilishiga erishildi (1 Mbit/s internet narxi 40,0 ming so‘m).

     

    Shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlariga, shu jumladan 8 095 ta xalq ta’limi, 5 440 ta maktabgacha ta’lim va 3 207 ta sog‘liqni saqlash muassasalarigacha jami 14 ming km optik tolali aloqa liniyalari tashkil etildi va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi.

    Bundan tashqari mobil aloqa 5 641 ta mobil aloqa tayanch stansiyalari ishga tushirildi.

    Birgina o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida respublikamiz bo‘yicha 14 ta, ya’ni har bir hududda bittadan tayanch AyTi maktablari tashkil etildi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi.

    Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 120 mingdan ziyod o‘quvchi jalb qilindi, ulardan 18 ming nafardan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi.

    Davlatimiz Rahbarining o‘tgan yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomalari asosida 2021 yilda sohamiz tomonidan amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarni belgilab olindi.

    Bu borada asosiy e’tiborimiz sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni tizimli ravishda davom ettirish, raqamli iqtisodiyot, elektron hukumatni raqamli infratuzilmani rivojlantirish va kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Jumladan:

    • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi;
    • davlat organlari faoliyati ochiqligi va fuqarolar bilan o‘zaro hamkorligi shaffofligini oshirish choralari ko‘riladi;
    • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida talabgorligi yuqori bo‘lgan 60 ta xizmatlar joriy etiladi;
    • mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida “E-qaror” elektron tizimini joriy etiladi.
    • Ochiq ma’lumotlar portalining infratuzilmasi va platformasi modernizatsiya qilinadi, imkoniyatlari yanada kengaytiriladi.
    • Barcha oliy ta’lim muassasalarida boshlang‘ich loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inkubatsiya markazlari tashkil etiladi;
    • 50 ming kmga teng optik tolali aloqa liniyalari quriladi. Bunda asosiy e’tiborimiz olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga qaratiladi.
    • barcha ijtimoiy ob’ektlar mutasaddi vazirliklar bilan hamkorlikda Internet tarmog‘iga ulash ishlari to‘liq yakuniga yetkaziladi.
    • Mobil aloqa operatorlari tomonidan qo‘shimcha 2 mingta baza stansiyasi o‘rnatiladi.

    Hududlarda IT tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratish maqsadida mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Nukus, Urganch, Namangan, Qarshi, Termiz va Toshkent shaharlarida ham IT Park filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

    Shuningdek, yil oxiriga qadar respublikaning barcha tuman va shaharlaridan 100 dan ziyod Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi foydalanishga topshiriladi;

    IT ta’limni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filiali va hududlarda axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

    Qolaversa, respublikadagi mavjud 82 ta umumta’lim maktabi negizida bosqichma-bosqich ITiga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

    Pochta aloqasi tarmog‘idan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi, qolaversa Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

    Manba: Axborot xizmati