Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Geoaxborot texnologiyalarni keng joriy etish va qo‘llash muhim masaladir
    05.10.2020

    “Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘llash” mavzuida navbatdagi vebinar o‘tkazildi.

    Mazkur vebinar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashabbusi bilan Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vazirligining Aerokosmik qo‘mitasi va “Qazaqstan G‘arysh Sapari” milliy kompaniyasi” AJ ishtirokida tashkil etildi.

    Vebinarda o‘n beshdan ortiq vazirlik va idoralar markaziy apparati, korxonalar, tashkilotlar, institutlar rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

    Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – respublikada Yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, ular asosida geoaxborot mahsulotlarini ishlab chiqish, turli ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borishda hamkorlik qilish, xorijiy tajribani o‘rganishdir.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda Yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, ular asosida geoaxborot mahsulotlarini ishlab chiqish bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirishning va insoniyat faoliyatining turli jabhalariga raqamli texnologiyalarni joriy etishning kuchli vositadir.

    Shu bilan birga, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik sub’ektlari faoliyatining tezkorligini, sifatini va samaradorligini oshirish uchun geoaxborot tizimlarini yanada kengroq joriy etish va foydalanishga katta ehtiyoj mavjud.

    Tadbirda kosmik faoliyat yo‘nalishlarida salmoqli ilmiy, amaliy va ishlab chiqarish tajribasiga ega Qozog‘iston Respublikasining qo‘mita, jamiyat va tashkilotlarining mutaxassislari tomonidan yo‘ldosh apparatlarni yaratish va foydalanish, hamda geoaxborot tizimlarini yaratish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

    Jumladan, amaldagi yo‘ldosh apparatlari guruhi, ularning texnik tavsiflari va qo‘llanish sohalari, yangi yo‘ldoshlarni yaratish va uchirish rejalari, ulardan Qozog‘iston iqtisodiyotida foydalanishda bo‘lgan tizimlar va ularni respublikada joriy etish, hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida Yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash va geoaxborot tizimlarini turli sohalarga tadbiq etish bo‘yicha qabul qilinadigan qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etishda Qozog‘iston Respublikasining tajribasini o‘rganishga hamda Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vazirligining Aerokosmik qo‘mitasi va “Qazaqstan G‘arysh Sapari” milliy kompaniyasi” AJ bilan hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

    Ko‘plab savol va javoblar bilan o‘tgan vebinar natijalari bo‘yicha qatnashchilarda Yerni masofadan zondlash texnologiyalari va geoaxborot tizimlarini turli sohalarda qo‘llash samaradorligi, shuningdek, ularni joriy etishning normativ-huquqiy, texnologik va iqtisodiy jihatlari to‘g‘risida yanada chuqurroq tushunchalar shakllandi hamda qiziqish bildirgan vazirlik va idoralar bilan yo‘nalishga oid bo‘lgan alohida tadbirlarni o‘tkazish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

     

    Manba: Axborot xizmati