Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Yil boshidan beri IT-Park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346 mlrd. so‘m, eksport hajmi $6,1 mln.ni tashkil etdi
    27.07.2020

    Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda.

    Shundan kelib chiqib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 27 iyul kuni o‘tkazilgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Matbuot kotibi Sherzod Axmatov bugun eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga javob berdi.

     

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning tashkil etilganiga mana bir yil bo‘ldi! Shu davr ichida nima ishlar amalga oshirildi?

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining izchil rivojlanishining yana bir muhim omillaridan biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.

    Aynan mana shu maqsadni ko‘zlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning rezidentlari hisoblangan 400 tashkilotda bugun to‘rt ming nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.

    Yil boshidan beri IT-Park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346 mlrd. so‘m, xususan, eksport hajmi 6,1 mln. doll.ni tashkil etdi.

    Toshkent shahrida IT-Park rezidentlari sonini ko‘paytirish va yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-Park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi. IT-Parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

    IT-Parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital city” texnoparki), Farg‘ona (IT-Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-Park Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirilib, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Namangan (5800 kv.m), Nukus (12000 kv.m), Samarqand (12000 kv.m), Urganch (9200 kv.m) va Jizzax (850 kv.m) shaharlarida IT-Park filiali binolarini qurish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

    AKT bozorini rivojlantirish, IT-ekotizimini shakllantirishda bozorning professional ishtirokchilari o‘rtasida keng muloqot olib borish, startaplarni amalga tatbiq etish, bu yo‘nalishda turli ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmalar tashkil qilish ham doimiy diqqat markazida bo‘lib kelyapti. Shu maqsadda:

    BMT vakolatxonasi va IT-Park bilan birgalikda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, uning oqibatlarini yengillashtirishga xizmat qiluvchi innovatsion g‘oyalarni izlab topish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Kovid Chellenj 2020” (“COVID-19 Challenge 2020”) tanlovi o‘tkazildi. Unda sog‘liqni saqlash, yordamga muhtoj aholiga ko‘maklashish, ta’lim, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 600 dan ortiq ariza kelib tushdi. Shulardan g‘olib deb topilgan eng yaxshi 5 ta loyiha egalariga 42,5 ming dollar mablag‘ ajratildi.

    Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport, tadbirkorlik va turizm sohalari bo‘yicha talabalar o‘rtasida eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha “mGovAward” birinchi respublika tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlov uchun Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan 100 ming dollar ajratilgan va 3 ta munosib jamoa mazkur mablag‘ hisobidan rag‘batlantiriladi.

    Amerika Qo‘shma Shtatlarining YuSAID agentligi bilan birgalikda IT-Park tomonidan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qiymati 140 ming dollarlik tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilyapti.

    Manba: Axborot xizmati