Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Zamonaviy AKT-infratuzilmani yaratish – raqamlashtirish jarayonlarining asosidir
    14.07.2020

    Raqamli iqtisodiyotni izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili — zamonaviy AKT-infratuzilmani yaratishdir. Bu bo‘yicha bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

    2020 yil 28 aprel kuni yurtimiz iqtisodiy va ijtimoiy hayotida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha ishlarning mantiqiy davomi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
    Unga ko‘ra, 2023 yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga va ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazishi nazarda tutilgan.

    Shu bilan birga 2020-2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha jami 268 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida yirik loyihalar amalga oshirishga eng ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratiladi.

    Xususan, “O‘zbektelekom” AK “Mobil aloqa tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirish” loyihasi doirasida Respublika bo‘ylab 160 dan ziyod ob’ektlarda baza stansiyalarini ishga tushirdi. Yangi baza stansiyalarning aksariyat qismi qishloq va chekka hududlarda foydalanishga topshirildi.

    Yangi antenna-machta inshootlari, baza stansiyalari va zamonaviy qurilmalarning o‘rnatilishi ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirishga va qamrov zonalarining kengayishiga hamda tezkor mobil Internet texnologiyalari joriy etilishga xizmat qiladi.

    Hozirgi kunda modernizatsiya ishlari Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon, Toshkent, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida nihoyasiga yetgan. Shuningdek, ayni kunlarda Xorazm viloyatida modernizatsiya ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida, UZTELECOM mobil aloqa tarmog‘i tayanch stansiyalarining aksariyat qismi 4G LTE texnologiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

    Mamlakatning boshqa hududlarida ham modernizatsiya jarayonlari izchil davom etmoqda.

    Umuman, Respublikami bo‘ylab mavjud mobil aloqa kompaniyalari tomonidan qariyb 1500 ta ob’ektda joylashgan tayanch stansiyalarni modernizatsiya qilish orqali keng polosali internet xizmatlarini taqdim etish imkoniyati yaratildi.

    Telekomunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish loyihalari doirasida rejalashtirilgan ob’ektlarga qadar 6,5 ming kilometr optik tolali aloqa kabellari yotqizildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etmoqda.

    Aytish joizki, shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi mobil tarmoqlarni kengaytirish amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha barcha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, joriy yil mobaynida 2200 ta tayanch stansiyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

    2020 yil - “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlanish yili” birinchi yarim yilligi mobaynida mobil aloqa operatorlari tomonidan jami 1375 ta mobil aloqa tayanch stansiyalari o‘rnatilib, aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 foizga va keng polosali mobil Internet tarmog‘iga ulanish qamrovi darajasi 78 foizga yetkazildi.

    Eng muhimi, mobil aloqa tarmoqlari qurilmalari respublika miqyosida o‘rnatilmoqda. Xududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Qashqadaryoda 138 ta, Samarqandda 157ta, Namanganda 128 ta, Toshkent viloyatida 134 ta, Farg‘onada 171 ta, Toshkent shahrida 164ta, Xorazmda 64 ta, Sirdaryoda 31 ta, Surxondaryoda 76 ta, Navoiyda 34 ta, Jizzaxda 70ta, Buxoroda 61 ta, Andijonda 117 ta, Qoraqalpog‘istonda 34 ta mobil aloqa stansiyalari o‘rnatildi. Yangi tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish ishlari uzviy ravishda olib boriladi.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish davr talabi. Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Shu maqsadda ayni paytda yurtimizda internet va mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish darajasini yuksaltirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bu esa, o‘z navbatida, Internet tezligining oshishiga omil bo‘ldi. Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda simli internet tezligi 2 barovarga o‘sdi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirildi. Internet provayderlariga respublikaning turli hududlarida tarmoqqa ulanish yagona tartibda va bir xil narxlarda tashkil etildi.
    Shu bilan birga mazkur yo‘nalishi bo‘yicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

    Xususan, 2020 yil yakunigacha kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratilishi, 12 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilishi belgilangan. Zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida joriy yil boshidan bugungi kungacha Internet tarmog‘ida keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish maqsadida 340 ming portga teng keng polosali yangi abonent qurilmalari keltirildi. Qurilmalar hududlarga taqsimlanib, mutaxassislar tomonidan montaj va sozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirda 281 ming port qurilmalar o‘rnatildi.

    Bundan tashqari, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini kengaytirish uchun 40 ta server qurilmasi va 5 komplekt ma’lumotlarni saqlash qurilmalari o‘rnatilib, ishga tushirildi.

    2021 yilda barcha ijtimoiy soha ob’ektlari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi hamda olis chekka hududlardagi aholi maskanlarida ham telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

    Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron hukumat, elektron tijorat, xavfsiz va aqlli shahar tizimlarini keng joriy qilish jarayonida ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun har bir hududda data-markazlar faoliyatini tashkil etish zarur. Shu maqsadda xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda Toshkentdagi mavjud data-markazni kengaytirish, shuningdek, poytaxtimizda, Qo‘qon va Buxoro shaharlarida mutlaqo yangi data-markazlar qurilishi belgilangan. Albatta, rejalar, oldinga qo‘yilgan vazifalar ko‘lami keng. Maqsad esa yagona. Yurtimiz aholisining raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanishi, bu yo‘nalishdagi xizmatlar sifati va raqobatbardoshligini ta’minlashdir.
     

    Manba: Axborot xizmati