Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Amalga oshirilayotgan loyihalar monitoringi natijalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
    12.06.2020


    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Andijon va Farg‘ona viloyatlarida soha korxona va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va hajmini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ijro intizomi talablarining bajarilishi yuzasidan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    Unda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruviga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “Elektron hukumat” tizimini keng joriy etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, sohalarni raqamlashtirish, IT-parklar tashkil etish orqali mamlakat iqtisodiyotining yalpi ichki mahsulotidagi ulushida axborot texnologiyalari sohasi xizmatlari hajmini yanada oshirish masalalariga eng dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.

    Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4699-son qarori bilan tasdiqlangan ustuvor loyihalarni amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi.

    Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Andijon va Farg‘ona viloyatlariga tashrifi davomida Andijon shahrida loyiha qiymati 20 milliard so‘m hamda Marg‘ilon shahrida loyiha qiymati 8,4 milliard so‘m bo‘lgan, zamonaviy infratuzilmaga ega texnoparklar ishga tushirildi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu texnoparklarda 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, 100 dan ortiq dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi rezidentlarni joylashtirish, dasturiy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish orqali ushbu hududlarning AKT xizmatlari hajmini kamida 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Andijon viloyatida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida 35 ta, Farg‘ona viloyatida esa 38 ta yangi korxonalar tashkil etilgan.

    Bugungi kunda Andijon viloyatida 164 ta, Farg‘ona viloyatida 120 ta korxonalar dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchi korxonalar hisoblanadi. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tgan 1500 dan ortiq IT-korxonalar bo‘lib, ulardan 284 tasi dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalardir.

    Videoselektor davomida tizimdagi barcha tashkilotlarga “Elektron hukumat” va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha soha oldiga qo‘yilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash, vazirlik markaziy apparatidagi mas’ul boshqarma va bo‘limlar ham tegishli yo‘nalishda hududlardagi muammo va dolzarb masalalar yechimiga e’tibor qaratishi, hududiy boshqarma boshliqlarining rahbarlik, tashabbuskorlik va tashkilotchilik qobiliyatlarini baxolash, davlat rahbarining viloyatlarga har bir tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining eng kamida 1 tadan tuman darajasidagi bog‘lamalarini barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha namunaviy qilib taqdimot tashkil etish vazifasi belgilandi.

    Yig‘ilish davomida hududiy boshqarma boshliqlarining Vazirlik markaziy apparatidagi mas’ul boshqarma va bo‘limlari bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimi bo‘yicha ustuvor loyihalar va vazifalar ijrosini tashkil etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini bugungi kun talablaridan kelib chiqib yanada rivojlantirish masalalariga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.

     

    Manba: Axborot xizmati