Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Zangiotadagi 235 metrlik ikkita antenna machtasi demontaj qilindi
    13.02.2019

    13 fevral kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qoʻrgʻonida joylashgan balandligi 235 metrlik ikkita antenna machta inshooti murakkab uslubda demontaj qilindi. 2002 yilda uzun va oʻrta toʻlqinlarda radioeshittirishlar toʻxtatilganidan buyon ushbu antenna machta inshootlari ishlatilmayotgandi.

    Ulkan antennalarning demontaj qilish ishlari oldidan ushbu hudud aholisi ogohlantirilib, tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar, yongʻin xavfsizligi boʻlimlari, tez tibbiy yordam, elektr va gaz taʼminoti xizmati mutaxassislarini jalb etgan holda, barcha ehtiyot va xavfsizlik choralari koʻrilgan. Ushbu antennalar joylashgan mazkur hudud endi Mudofaa vazirligi tasarrufiga oʻtkazilib, bu yerda zamonaviy harbiy shaharcha qad koʻtaradi.

    Oʻtgan asrda radioeshittirish tizimlari asosan uzun va oʻrta toʻlqinlarda, qisman qisqa toʻlqinlarda tashkil etilar edi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qoʻrgʻoni yonidagi katta quvvatli radiostansiya oʻz vaqtida uzun toʻlqinlarda radioeshittirish signallarini tarqatishga moslashtirilgan edi. Ushbu radiostansiya hududida oʻtgan asrning 80-yillari boshida balandligi 235 metrlik ikkita machtalar orasiga uzun toʻlqinlarni tarqatuvchi radioantenna tizimi qurilgan.

    Radioeshittirishlarning uzun (chastotasi 148,5 – 408 kGs, toʻlqin uzunligi 2020 – 735 metr) va oʻrta (chastotasi 526,5 – 1606,5 kGs, toʻlqin uzunligi 570 – 186 metr) toʻlqinlar diapazonlarida keng rivojlanishining asosiy sabablari oʻsha davrdagi radiolampalar va tranzistorlar yordamida aynan ushbu diapazonlarda ishlovchi arzon radioqabulqilgichlarni koʻp miqdorda ishlab chiqarish imkoniyati boʻlgan. Shuningdek, mazkur diapazonlarda ishlovchi yuqori quvvatli radioeshittirish uzatkichlari tarqatayotgan radiotoʻlqinlar yer shari egriligi boʻylab, nisbatan ancha uzoq masofalarga tarqala olgan.

    Lekin, uzun toʻlqinlarda 10 – 20 radiostansiyalargina ishlashi mumkin edi. Analog signal sifati nisbatan past va turli xalaqitlar taʼsiri yuqori boʻlganligi bois, dunyo miqyosida uzun toʻlqinlarda radioeshittirish qisqarib bormoqda. Jumladan, Ukraina, Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Moldaviya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistonda uzun toʻlqinlarda radioeshittirish toʻxtatilgan.

    Oʻzbekistonda ham uzun va oʻrta toʻlqinlarda radioeshittirishlar 2002 yildan toʻxtatilgandi.

    Manba: Axborot xizmati