Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AQSHning O‘zbekistondagi yangi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
    12.01.2023

    Bugun, 12-yanvar kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi yangi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennik bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

    Uchrashuv o‘tkazishdan asosiy maqsad – IT sohasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va masofaviy xizmatlar eksportini yanada oshirishdan iborat.

    Uchrashuvda Raqamli texnologiyalari vaziri Sh. Shermatov raqamlashtirish sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Jumladan, mamlakatni IT xabga aylantirish va raqamlashtirishni yangi bosqichga olib chiqish natijasida o‘tgan 2022-yilda IT eksport hajmi 100 mln dollardan oshganligi va uning asosiy qismi aynan AQSh bozoriga to‘g‘ri kelishi aytib o‘tildi. 

    Shuningdek, Sobiq Ittifoq davlatlari ichida O‘zbekiston aholisi eng ko'p o‘sganini hisobga olib, mamlakatda BPO va KPO orqali yoshlar uchun munosib masofaviy ish o‘rinlarini yaratish va bu orqali ularni o‘z oilalari bilan O‘zbekistonda yashab, yuqori maoshli ish bilan ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi. 

    O‘z navbatida, maktablarda avval boshlangan English Speaking Nation loyihasi natijasida Cambridge University Press tomonidan ishlab chiqilgan ingliz tili kitoblarining o‘tgan o‘quv yilidan amalga kiritilganligi, kelgusi bitiruvchilarning ingliz tilini bilish darajasini oshirishga yordam berishi, bu esa ko‘proq yoshlarimizni IT, BPO, KPO orqali daromad topish imkoniyatlariga jalb qilish mumkinligi bildirildi.

    Vazirlik Coursera bilan hamkorlikda uzbekcoders.uz loyihasining keyingi bosqichi sifatida ko‘proq yoshlarga IT'dan qo‘shimcha ta'lim olish imkoniyatlari yaratilayotgani aytib o‘tildi. Shu bilan birgalikda, Vazirlik tomonidan ko‘proq yoshlarimizni IT va Ingliz tiliga o‘rgatish bo‘yicha IT-ta’lim sohasida ham hamkorlikni yanada kengaytirish, IT yo‘nalishida Amerikaning yetakchi universitetlarida yoshlarimizning ta’lim olib kelishi uchun yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha takliflar berildi. 

    AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennik O‘zbekiston AQSh bilan geografik joylashuv nuqtai nazaridan yaqin bo‘lmasa ham, aynan IT sohasi orqali masofani yaqin qilib hamkorlikni rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish uchun imkoniyat yetarli darajada ekanini bildirdi. 

    Shu bilan birga, yurtimizda AQSH yetakchi IT, startap va venchur kompaniyalarining vakolatxonalarini ochish, ular bilan yaqinlik o‘rnatishda elchixona imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi. Shu orqali bosqichma bosqich servis eksportidan, produkt eksportiga o‘tish muhimligi ta’kidlandi.

    Manba: Axborot xizmati