eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Yaponiya Kompyuterlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik Markazi orqali Yaponiyaning yirik IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish masalalari muhokama qilindi
    16.07.2022

    Bugun, 16-iyul kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Yaponiya Kompyuterlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik Markazining (CICC) Rejalashtirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha ijrochi direktori  U.Koichiro bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda AKT sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar va rejalar to‘g‘risida gaplashildi.

    Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida axborot texnologiyalari sohasida erishilgan natijalar va 2022-yilga mo‘ljallangan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish doirasida O‘zbekistonni hududiy IT-markazga aylantirish vazifasini qo‘ygan edi.

    Shu maqsadda AKT vaziri O‘zbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirish, axborot texnologiyalari yo‘nalishini asosiy drayver sohaga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

    Shuningdek, mamlakatimizda ham autsorsing xizmatlari (BPO va KPO) rivojlanganini aytib o‘tdi. Xorijiy kompaniyalar ishtirokida BPO xizmatlarini rivojlantirish va shu tariqa IT mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb qilish hamda yuqori maoshli ish bilan ta’minlashdan iborat ekanligini qayd etdi.

    O‘z navbatida, nafaqat yapon kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritishi balki o‘zbek IT kompaniyalarining Yaponiya kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik olib borishlari maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

    Uchrashuv so‘ngida ikki tomon rahbarlarining o‘zaro hamkorlik qilish borasidagi fikr va mulohazalari tinglandi. Kelgusida manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha masalalar gaplashib olindi.

    Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini qayd etib, axborot texnologiyalari sohasida sheriklikni rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Ma’lumot uchun: CICC Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ko‘magida IT-professional ishlanmalar va axborot texnologiyalari xizmatlarini o‘tkazishga bag‘ishlangan korporativ jamg‘armadir. Jamg‘armaning asosiy maqsadi Osiyo mamlakatlaridagi hukumat, sanoat va jamiyatda IT dan foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat bo‘lib, ularning infratuzilmasi, xavfsizligi, iqtisodiyoti boshqa barcha elementlarni yanada yaxshilashni o‘z ichiga oladi.

    Manba: Axborot xizmati