eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Mamlakatimizda yangi O‘zbekiston- AQSh qo‘shma BPO korporatsiyasi tashkil etiladi
    26.06.2022

    2022-yil 24-iyun kuni Kaliforniya shtati Irvin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park Uzbekistan va "LoadStop" kompaniyasi hamkorligida “Uzbekistan-USA: Logistics Technology & BPO Shared Opportunities” nomli tadbir tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonga biznes-jarayonlari autsorsingi yo‘nalishida yirik buyurtmalarni jalb etish, mavjud BPO kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonda yangi BPO eksport korporatsiyasi ochilishi haqida e’lon qilish.

    Tadbirda 50 dan ortiq BPO sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va Irvin shahri meri Farra Xan hamda Irvin Savdo-sanoat palatasi prezidenti Brayan Star boshchiligidagi davlat organlari vakillari ishtirok etdi.

    AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistondagi yangi autsorsing bozori salohiyati haqida so‘z yuritar ekan, mamlakatimizda mavjud zarur shart-sharoitlar, jumladan, xalqaro talablarga mos qonunchilik, yosh iste’dodlarning ko‘pligi, zarur zamonaviy infratuzilma, soliq va bojxona imtiyozlari ta’minlanganligi hamda IT sohasida ta'lim yo‘lga qo‘yilganligiga urg'u berdi. Bu esa, o'z navbatida, O'zbekistonni autsorsing sohasidagi hamkorlik uchun eng jozibador davlatga aylantiradi.

    Shuningdek, IT Park rezidenti “RevoTech” kompaniyasi tomonidan “LoadStop” nomli startapga sarmoya kiritilganligi alohida qayd etildi. Ta’kidlash joiz, qiymati 50 million AQSH dollaridan yuqori baholangan startap transportni boshqarishning innovatsion tizimini ko‘zda tutadi. Kompaniya esa uning hammuassisi hisoblanadi.

    Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Access Capital Management Corp” o‘rtasida IT va BPO sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolanishi va qoʻshma korporatsiya tashkil etilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Boʻlajak korporatsiya 3 yil ichida 1100 ta ish oʻrni yaratilishi hamda AQSH va Oʻzbekistonda yuridik shaxs tadbirkorlik subyektlari ochilishini nazarda tutadi. Yangi korporatsiya miqyosida sug'urta, faktoring, QA (sifat nazorati) va multimediya kabi yo'nalishlar bo'yicha biznes-jarayonlarni autsorsing faoliyatini kengaytirish bo'yicha kelishuvlarga erishilganligi qayd etildi.

    Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng Amerika kompaniyalari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda IT Park rezidenti maqomini olish tartibi va rezidentlarga taqdim etiladigan imtiyozlar muhokama qilindi. O‘zbekistonda BPO sohasi rivoji bilan shug‘ullanuvchi uyushma tashkil etish, shuningdek, “ICT WEEK Uzbekistan 2022” doirasida tadbirlarni tashkillashtirish masalalari ham ishtirokchilar e’tibor markazida bo‘ldi.

    Manba: Axborot xizmati