Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • IT tadbirkorlikni rivojlantirish va IT mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
    22.03.2022

    Bugun, 22-mart kuni It Park rezidenti “Astrum” IT akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini riojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Shayxutdinov va “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi vakillari bilan o‘zaro muloqot qildi.

    Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, IT-ta’limni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash AKT sohasida o‘zaro yaqinlikni kengaytirish bo‘yicha atroflicha fikrlar almashildi. Shuningdek, IT Park va “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi faoliyatlari to‘g‘risida, O‘zbekiston va Tataristonda IT sohasini rivojlantirish va IT tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida taqdimotlar ham o‘tkazildi.

    Muzokara doirasida “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi vakillari bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot sohalarida birgalikda loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, autsorsing IT-xizmatlarni tashkil etish maqsadida IT Park bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.

    Shu bilan birga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) hamda “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik olib borish maqsadida “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Mazkur tadbirda   IT Park, “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi rahbarlari ishtirok etishdi.

    Ma'lumot uchun aytish kerakki, 2021-yil sentabr oyida boʻlib oʻtgan “Kazan Digital Week – 2021” xalqaro forumida ishtirok etish doirasida IT-Park rahbariyati tomonidan “Innopolis” vakillari bilan oʻtkazilgan muzokaralar koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun asos boʻldi.

    Memorandum doirasida har ikki tomon rezidentlariga O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi bozoriga chiqish, milliy ishlab chiqaruvchilarning dasturiy mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorlarda ilgari surish, eksport qilish uchun ko‘mak berish, rezidentlar faoliyati uchun shart-sharoitlarni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish, tomonlarning innovatsiyalarga bag‘ishlangan forumlari, konferensiyalari, ko‘rgazmalari, seminarlari va boshqa tadbirlarini tashkil etish va ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

    Mazkur memorandumga asosan ham BPO va KPO xizmatlari bo‘yicha hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishi mo‘ljallangan.

    Bugun O‘zbekistonda xorijiy IT kompaniyalarning to‘laqonli faoliyat olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shunga ko‘ra xorijiy kompaniyalar, shular qatorida Tatariston texnoparklari ham O‘zbekistondan IT mutaxassislarni keng jalb qilishlari mumkin. Bu esa yoshlarning bandligini oshirish, ularni yuqori maoshli ish bilan ta’minlashga zamin yaratadi.

    IT mutaxassislarni tayyorlashda xususiy o‘quv markazlari ham munosib hissa qo‘shadi. Ulardan biri Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Astrum” IT akademiyasi hisoblanadi. “Astrum” IT akademiyasi ikki qavatli zamonaviy bino bo‘lib, ta’lim va ishlab chiqarishni qamrab olgan klasterdir.

    Bu yerda yoshlar avval dasturlashni o‘rganib, keyin shu sohada ishlaydi. Ularning o‘zlashtirishini sun’iy intellekt baholaydi.

    Tomonlar ta’kidlaganidek, mazkur memorandum har ikki mamlakatning axborot texnologiyalari sektori va startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga va O‘zbekistondagi ishlab chiquvchilar va startap egalariga xalqaro bozorga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.

    Tashrif doirasida mehmonlar uchun “Astrum” IT akademiyada yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va tinglovchilar bilan suhbat uyushtirildi.

    Manba: Axborot xizmati