Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Pochta aloqasi xizmatlarining sifat va tezkorligi oshirilmoqda
    12.08.2021

    Bugun barcha sohalar bilan bir qatorda pochta aloqasi sohasida ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotganligining guvohi bo‘lib turibmiz. Insonlar hayotida pochta aloqasi alohida ahamiyatga egadir. Barcha ijtimoiy qatlamlariga pochta xizmatlarining keng tarqalganligi, qamrovliligi hamda uning xizmatlaridan barcha aholi foydalanishi mumkin bo‘lganligi sababli, O‘zbekiston pochta xizmati faoliyati jamiyatimizda katta ijtimoiy ahamiyatga ega hisoblanadi. Oxirgi yillarda respublikamiz pochta aloqasi xizmati milliy operatori hisoblangan “O‘zbekiston pochtasi” AJning faoliyatida yangi, zamonaviy usullardan foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish hamda raqamlashtirishni faollashtirishga bog‘liq samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

    Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-dekabrdagi “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4921-son qarori qabul qilindi. Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbai etib, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining 100,0 milliard so‘m miqdordagi oddiy aksiyalarini qo‘shimcha chiqarish belgilangan.

    Hozirgi kunga qadar, tijorat banklardan kredit va lizing mablag‘larini jalb etgan holda bir qator ishlar amalga oshirildi. Pochtalonlar elektroskuterdan foydalangan holda pochta va kuryerlik jo‘natmalarni, davriy matbuot nashrlarni va boshqa jo‘natmalarni markazdagi pochta saralash bo‘limidan olib, oluvchilarga yetkazib berish (bunda aloqa bo‘limlari pochta jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanmaydi) amaliyotini joriy etish maqsadida 290 ta elektroskuter sotib olindi va ish joylariga berildi. Pochta almashinuvlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan avtotransportlar soni esa, 256 tani tashkil etadi.

    “Gibrid pochta” xizmatidan foydalanish bo‘yicha 70 tadan ortiq tashkilotlar bilan shartnomalar tuzildi. Shuningdek, ushbu xizmatni rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish hamda pochta jo‘natmalariga ishlov berish jarayonida qo‘l mehnatini qisqartirish maqsadida, 2 ta “Neopost” avtomat konvertlash uskunasi xarid qilinib, Toshkent shahrida sinov tariqasida ishlatilmoqda. Pochta xodimlari (pochtalonlar) tomonidan joyida xizmat ko‘rsatish uchun 1000 ta mobil qurilma xarid qilindi va mazkur qurilmalarga “Gibrid pochta tizimi” ilovasi o‘rnatilib mazkur ilovalar orqali xabarchilar tomonidan joyida gibrid po’chta jo’natmalarni yetkazib berilganlik bo’yicha ma’lumotlar tizimga kiritish imroniyati  yo‘lga qo‘yildi.

    Pochta aloqasi obyektlarini zamonaviy kompyuter texnikasi va mobil qurilmalar bilan ta’minlash bo‘yicha 410 ta kompyuter, 88 ta printer va 295 ta ko‘p funksiyali uskuna harid qilindi va ish joylariga yetkazib berildi. Shu bilan birga, 288 ta pochta aloqasi bo‘limigacha 583,1 km optik tolali aloqa liniyalari tortildi.

    Ta’kidlash kerak, mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi 30 ta avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) sotib olindi hamda 13 ta pochtamat Toshkent shahridagi pochta aloqasi obyektlariga va aholi gavjum hududlarga, 17 ta pochtamat Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Nukus, Navoiy, Samarqand, Namangan, Farg‘ona (3 ta), Qarshi, Surxondaryo, Toshkent viloyati (3 ta) va Urganch shahriga o‘rnatildi. Bugungi kunda, ularni tarmoqqa ulash va axborot tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

    Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi “UNISAVDO” brendi ostida Milliy onlayn savdo maydonchasi 2021-yil fevral oyidan sinov tariqasida va mart oyidan boshlab to‘liq ishga tushirildi. Shuningdek, may oyidan mobil ilovasi ishga tushirildi. Bugungi kunda, ushbu “UNISAVDO” Milliy onlayn savdo maydonchasiga tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni joylashtirish bo‘yicha 300 ta tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilib, 11 mingga yaqin mahsulotlar joylashtirildi hamda internet-savdo maydonchalari egalariga o‘z mahsulotlarini saqlash, ya’ni omborxona muammosini hal etish hamda internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning o‘zida tez fursatlarda qadoqlanib, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beradigan 4 ta logistika markazlarini 2021-yil yakuniga qadar Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urganch shahrida tashkil etish belgilab olindi. Toshkent shahrida (“Xalqaro pochtamt” filiali binosida) logistika markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.

    Hozirgi kunda pochta aloqasining an’anaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, jo‘natmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish maqsadida, “Pochta xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi” ishlab chiqilmoqda. Pochta jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizim 2021-yil 17-maydan Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirildi.

    Pochta aloqasi obyektlarida bank xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan AT “Aloqabank” bilan o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi hamda 2021-yil 1-fevraldan boshlab, 571 tadan ortiq pochta aloqasi obyektlarida bank kartalarini pul mablag‘lari bilan to‘ldirish va naqd pul yechish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

     Bugungi kunda 860 ta pochta aloqa obyektlarida “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”dan foydalanilgan holda 33 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 110 ta pochta aloqasi ob’ektlarining binosini davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘rinishga keltirish yuzasidan ro‘yxatlar shakllantirildi va 31 ta pochta aloqasi obyektlarining binosini zamonaviy ko‘rinishga keltirish yuzasidan ta’mirlash va qayta qurish ishlari boshlangan.

    Bundan tashqari yengil konstruksiyadan iborat bo‘lgan 26 ta aloqa bo‘limlari aholiga qulay bo‘lgan hududlarga joylashtirildi va bugungi kunda pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda (Surxondaryo 11 ta, Navoiyda 7 ta, Qashqadaryoda 7 va Sirdaryoda 1 ta).

    “O‘zbekiston pochtasi” AJda 1806 ta pochta aloqasi bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda va xodimlar soni 6 450 nafarni tashkil etmoqda. Pochta aloqasi obyektlarida yangi xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilganligi munosabati bilan AT “Aloqabank”, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki” MChJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida jami 2 894 nafar pochta xodimlari ishtirok etib, malakasi oshirildi.

    Xulosa qilib aytish mumkinki, Prezidentimiz tomonidan “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bozor iqtisodiyoti sharoitida raqabatbardoshlikka intilayotgan “O‘zbekiston pochtasi” AJ, hozirgi kunda pochta xizmatlarini ko‘rsatayotgan ko‘plab mahalliy pochta kuryerlik kompaniyalari, yurtimizda ushbu faoliyatni yuritayotgan xorijiy kompaniyalar uchun anchadan buyon intiqib kutilayotgan qaror bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda belgilangan vazifalarni bajarish barcha soha mutaxassislari, xodimlari, mutasaddi korxona va tashkilotlar oldida turgan muhim va dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan masalalardan hisoblanadi, chunki, yurtimizda pochta xizmatlaridan foydalanish aholimiz kundalik hayotining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

     

    Manba: Axborot xizmati