Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamlashtirishda ijobiy natijalarni ko'rsatgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari taqdirlandi
    25.06.2021

    Bugun, 25-iyun kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tashkiligida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining rahbarlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti  Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdi.   

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 - yil 5-oktyabrdagi PF–6079-son Farmoniga muvofiq, tashkilotda raqamlashtirish bo‘yicha olib borilgan faoliyat natijadorligidan kelib chiqib, rag‘batlantirish choralarni ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

    Shundan kelib chiqib, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi faoliyatining bir yilligi munosabati bilan hamda raqamlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarini turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash marosimi tashkil etilgan.

    Taqdirlash marosimida vazirliklar, idoralar, hokimliklar, korxona, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

    Ta'kidlash kerakki, so‘nggi yillarda yurtimizda raqamli islohotlar bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-son “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida hududlarni va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari belgilandi.

    Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, ishga tushirildi (www.id.egov.uz). Eski tizimda ro‘yxatdan o‘tgan aktiv foydalanuvchilar ma’lumotlari yangi tizimga avtomatik migratsiya qilindi, va bugungi kunda uning foydalanuvchilari soni 220 mingtaga ortib, 820 mingtaga yetdi (eski tizimda 600 mingta edi).

    Davlat organlarida elektron hukumatning joriy etilgan va joriy etilayotgan axborot tizimlari hisobini yuritish va monitoringini olib borish, shuningdek, loyiha-texnik hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonini elektron shaklga o‘tkazish imkoniyatini yaratish maqsadida Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirildi (www.reestr.uz).

    Shuningdek, Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri (www.cs.egov.uz) axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi – elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat idoralari axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi doirasida yagona talablarga muvofiq zamonaviy ma’lumotnomalar va tasniflagichlarni shakllantirish, saqlash, yangilash va ta’minlashdan iborat. Bugungi kunga kelib Registrda 13 ta tashkilot tomonidan 41 ta klassifikator kiritilgan.

    2020-yil dekabr oyida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangilangan talqini o‘z faoliyatini boshladi. Bunda portalga bir necha yangilik va o‘zgartirishlar kiritildi, elektron to‘lov imkoniyatlari kengaytirildi, portal interfeysi yangilandi hamda statistik ma’lumotlar yanada aniqrok va kengroq yoritildi. 2020-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat joriy etilib, ularning soni 250 dan oshdi.  Shuningdek, Yagona portalning mobil talqini ham ishga tushirilib, bugungi kunda unda 35 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

    Fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlarda pochta aloqasi bo‘linmalarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda davlat xizmatlarini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar 700 dan ortiq pochta ob’ektlarida 17 ta xizmatni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Yagona portalda yangi xizmatlarni joriy etish orqali xizmatlar sonini 300 taga yetkazish rejalashtirilgan.

    Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilmoqda. Ushbu yangilangan portal davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasini nazarda tutadi va ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilashning monitoring tizimini ta’minlaydi. Bugungi kunga qadar portalda 149 ta davlat idoralari tomonidan 11 mingdan ortiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirilgan bo‘lib, ulardan foydalanishlar soni 7,5 milliondan ortiqdir.

    Davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda hududlarning raqamli rivojlanishi holatlarining “diagnostikasi”ni o‘tkazish, muammoli masalalarni aniqlash va agar kerak bo‘lsa, bugungi kunda ularni hal qilish yo‘llarini aniqlash maqsadida maxsus baholash metodikalari ishlab chiqildi.

    Mazkur metodika doirasida davlat organlarida raqamlashtirish darajasini reytingli baholashni avtomatlashtirilgan tarzda olib borish hamda raqamlashtirish holati yuzasidan dolzarb ma’lumotlarni bir joyda saqlanishiga qaratilgan NIS.UZ idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilindi.

    2020-yil dekabr oyida ushbu metodika asosida baholash jarayoni amalga oshirildi. Baholashda jami 107 ta tashkilot ishtirok etib, shundan 59 tasi davlat va 48 tasi xo‘jalik boshqaruvi organlarini tashkil etdi. Baholash natijasiga ko‘ra davlat organlari orasida 16 ta (27,1%) tashkilot “yaxshi”, 9 ta (15,3%) tashkilot “qoniqarli”, 34 ta tashkilot (57,6%) “qoniqarsiz” baho olgan. Xo‘jalik organlari orasidan “yaxshi” bahoni 5 ta (10,4%) tashkilot, “qoniqarli” bahoni 12 ta (25%) va “qoniqarsiz” bahoni 31 ta (64,6%) xo‘jalik organi olgan.

    Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida raqamli infratuzilma, raqamli iqtisodiyot va raqamli ta’lim darajasi holati yuzasidan o‘tkazilgan baholashda jami 203 ta tuman va shaharlar ishtirok etdi. Baholash natijasiga ko‘ra 28 ta (14%) tuman va shaharlar “yaxshi”, 59 ta (29%) tuman va shaharlar “qoniqarli”, 116 ta (57%) tuman va shaharlar “qoniqarsiz” bahoga ega bo‘lgan.

    Hozirgi kunda baholash natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan tegishli o‘rganish ishlarini tashkillashtirish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

    Tadbirda raqamlashtirish bo‘yicha reytingda yuqori natijalarga erishgan, elektron hukumat yo‘nalishida loyihalarni samarali amalga oshirgan bir guruh vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari statuetka va sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

    Nominatsiya g‘oliblari:

    1. “Elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkor” nominatsiyasi - BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi;

    2. “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va faoliyatni raqamlashtirish borasida eng yuqori natijaga erishgan davlat boshqaruvi organi” nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi;

    3. “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va faoliyatni raqamlashtirish borasida eng yuqori natijaga erishgan xo‘jalik boshqaruvi organi” nominatsiyasi - “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi;

    4. “Ijtimoiy soha obyektlarini telekommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlanganligi bo‘yicha eng ilg‘or hudud” nominatsiyasi - Xorazm viloyati hokimligi;

    5. “Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eng yuqori natijaga erishgan tashkilot” nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi;

    6. “Navoiy shahar eng ilg‘or raqamlashtirilgan hudud” nominatsiyasi - Navoiy viloyati hokimligi

    7. “Axborot tizimlari va infratuzilmasi yuqori darajada rivojlangan tashkilot” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

    8. “Eng yaxshi IT-bo‘linmaga ega tashkilot” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi;

    9. “Eng qulay va interaktiv sayt” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi;

    10. “Ochiq ma’lumotlar borasida eng faol tashkilot” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;

    11. “Sud-huquq sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi;

    12. “Elektron davlat xizmatlari sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi;

    13. “Eng yaxshi ichki jarayonlarni avtomatlashtirgan tashkilot” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

    14. “Moliya sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi - ATB “Kapitalbank”;

    15. “Arxitektura, qurilish va kadastr sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi;

    16. “Energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida eng yaxshi IT-loyiha” nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi;

    17. “Eng ommabop mobil ilova” nominatsiyasi - “INSPIRED” MChJ QK (“Payme” mobil ilovasi).

     

    Manba: Axborot xizmati