Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari sohasidagi telekommunikatsiya yoʻnalishidagi islohotlar, Samarqand viloyatida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va sohada kadrlarni tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida brifing
    22.04.2021

    Bugun, 22-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

    Mazkur brifingda Axborot texnologiyalari sohasidagi telekommunikatsiya yoʻnalishidagi islohotlar, Samarqand viloyatida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va sohada kadrlarni tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida so’z yuritildi.

    2021-yil birinchi chorakda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida bir qator ishlar olib borildi.

    Optik tolali aloqa liniyalarini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtaladigan boʻlsam, 2020-yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda birinchi chorakda esa 81,7 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu koʻrsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda 1 millionta Internet tarmogʻiga keng polosali ulanish portlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi. 2021-yil oxiriga qadar portlarning soni 3,9 milliongacha yetkaziladi.

    Mazkur loyiha boʻyicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan, 2021-yil 1 yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxi 2 barobarga arzonlashtirildi.

    2020-yilda Respublika boʻyicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari mavjud boʻlgan boʻlsa, 2021-yil birinchi chorakda 945 ta baza stansiyalari ishga tushirilib, jami 32,68 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari faoliyat koʻrsatmoqda.

    Bugungi kunda Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mobil internet xizmatlari narxlarini yanada arzonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

    Qolaversa, 2019-2020-yillarda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga 2021-yil yanvardan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va xozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 000 soʻm deb belgilangan. Bu o’z navbatida  operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    2021-yil maydan ushbu xizmat joriy narxi yana 30 foizga arzonlashtirilmoqda.

    Olib borilayotgan ushbu samarali ishlarni xalqaro portallar ham eʼtirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Unga koʻra Oʻzbekiston 230 mamlakat orasida 21-oʻrinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz koʻrsatkichlarini 33 pogʻonaga koʻtardi. Unga koʻra, Oʻzbekistonda 1 Gigabayt mobil internet narxi oʻrtacha narxi – $0,6 ekanligi qayd etildi.

    Taʼkidlab oʻtish joizki, 2020-yil fevral oyida ushbu saytda https://www.cable.co.uk/ Oʻzbekistonda 1 Gigabayt mobil internet narxi 1,34 AQSh dollarini, tashkil etgan. Mobil internet narxi arzonligi boʻyicha roʻyxatda Oʻzbekiston 54-oʻrinni egallaganini koʻrsatgan edi .

    https://www.cable.co.uk/ resursining maʼlumotlari quyidagi metodologiya asosida shakllantiriladi.

    Davlatdagi barcha aloqa operatorlarining maʼlum xizmati uchun narxlari, ushbu holatda 1 Gigabayt mobil internet trafik narxlari haqida maʼlumotlar olinib, ularning oʻrtacha qiymati (mediana) belgilanadi va reytingga kiritiladi. Tahlil uchun asosan Internet xizmatidan foydalanish uchun moʻljallangan tarif rejalar va xizmatlar haqida maʼlumotlar olingan.

    Ijtimoiy soha obyektlarini yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlash doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublikada 10 ming 156 ta umumtaʼlim maktablari, 5 ming 625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari va 3 ming 401 ta sogʻliqni saqlash obyektlari mavjud boʻlib, joriy holatiga 9 ming 347 ta xalq taʼlimi, 5 ming 625 ta maktabgacha taʼlim muassasalari va 3 ming 401 ta sogʻliqni saqlash obyektlariga jami 18 ming  373 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan va yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati yaratilgan.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan soʻnggi yillarda hududlarda ham bir qator kompleks ishlar olib borildi.

    Ayniqsa, Prezidentimizning Samarqand viloyatiga joriy yilning 15-16 aprel kunlari qilgan tashrifidan soʻng Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ishchi guruh tomonidan Samarqand viloyatida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilanib, sohaning har bir yoʻnalishi joyida oʻrganilib vazifalar belgilanmoqda.

    Sohaning ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, Samarqand viloyatida telekommunikatsiya infratuzilmasini va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha 2021-yilda amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olinmoqda.

    Birinchi navbatda, 3,7 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 134,1 ming raqamli qurilmalar oʻrnatiladi.

    125 ta qoʻshimcha mobil aloqa tayanch baza stansiyalarini oʻrnatish va 156 ta mavjud tayanch baza stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali hududda yuqori tezlikdagi mobil Internet qamrovi darajasi 82 foizga yetkaziladi.

    Mahalla fuqarolar yigʻinlarining barchasida 1 ming 100 ta (100 foiz) yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

    Ikkinchi navbatda, pochta aloqasi sohasini isloh qilish doirasida Paxtachi, Payariq va Qoʻshrabot tumanlaridagi pochta aloqa bogʻlamalari raqamli transformatsiya qilinadi va ularda 15 turdagi Elektron hukumat va bank xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi.

    Uchinchi navbatda, viloyatda IT sohasida yoshlarga sharoit yaratish, kadrlar malakasini oshirish va mutaxassislarni tayyorlash maqsadida, Qoʻshrabot, Payariq, Kattaqoʻrgʻon, Narpay va Paxtachi tumanlarida “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari” tashkil qilinadi.

    Toʻrtinchi navbatda, tumanlar hokimliklari bilan birgalikda Jomboy, Qoʻshrabot, Narpay, Oqdaryo, Pastdargʻom, Samarqand va Toyloq tumanlarida informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi.

    Ushbu belgilangan vazifalar Samarqand viloyatida axborot texnologiyalarni joriy qilish sohasida asosiy poydevor vazifasini bajaradi.

    Samarqand viloyatida 2021-yilning birinchi choragida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 3,6 ming sigʻimli zamonaviy qurilmalar oʻrnatilib, umumiy sigʻimi 296 mingga yetkazildi. Shuningdek, 2 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 10,1 ming kilometrga yetkazildi.

    Koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmini kengaytirish maqsadida telekommunikatsiya transport tarmogʻining oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazi darajasida 400 Gbit/sekundga oshirildi.

    Viloyatdagi 1 ming 100 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridan 752 tasida optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida joriy yilda 46 ta yangi baza stansiyalari oʻrnatildi va modernizatsiya qilindi. Natijada hududdagi aholi maskanlarida mobil aloqa qamrovi 99,3 foiz hamda tezkor mobil internet qamrovi 79,2 foizga yetdi. Hozirgi kunda mobil aloqa stansiyalarining umumiy soni 4 ming 113 tani va mobil abonentlar soni 2,39 million nafarni tashkil etmoqda. Viloyat boʻyicha aholi yashash maskanlari 100 foiz raqamli televideniye signallari bilan qamrab olingan.

    Bugungi kunda viloyat boʻyicha jami 212 ta pochta aloqa boʻlimlari aholiga pochta aloqa xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali tomonidan 2020-yilda jami 10,3 milliard soʻmlik pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatildi. Aholiga interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida “Oʻzbekiston pochtasi” AJning 23 ta aloqa boʻlimlarida 15 turdagi elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.Shuningdek, 15 ta pochta aloqa boʻlimlarida autsorsing asosida bank xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

    “Besh muhim tashabbus” jumladan, 3-tashabbus doirasida viloyatning 11 ta shahar va tumanlarda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etildi. Mazkur oʻquv markazlarida joriy yilning oʻtgan davrida 978 nafar yoshlar oʻqishga jalb qilinib, 386 nafari oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi. Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 155 nafar yoshlar va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 76 nafar xotin-qizlar oʻqitildi. Shu bilan birga viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan 1 ming 331 ta raqamli texnologiyalar yoʻnalishidagi toʻgaraklarga 38 ming 358 nafar oʻquvchi — yoshlar jalb etildi.

    “Bir million dasturchi” loyiha doirasida viloyatda hozirga qadar 19 737 nafar yoshlar roʻyxatdan oʻtib, ulardan 4 ming 935 nafari bitiruvchi sertifikatini oldi. 

    * * *

    Hozircha olib borilayotgan ishlar qisqacha shulardan iborat. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi har doim hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini maʼlum qilamiz.