2021 yil 31-yanvar kuni “Xalq so‘zi” gazetasining 22-sonida AKT vaziri Sh. Sodiqovning “Yoshlar va axborot texnologiyalari: O‘zbekistonda ularning salohiyatini birlashtirish holati qanday?” nomli maqolasi chop etildi.
Mazkur maqolada AKT vazirligi tomonidan yoshlarning g'oya va tashabbuslarni har taraflama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan choralar, 2020-yilda AKT sohasini rivojlantirish doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritilgan.
Mazkur maqolarni gazeta ko'rinishida ham o'qish imkon mavjud.
Dolzarb mavzu
YOSHLAR VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI:
O‘zbekistonda ularning salohiyatini birlashtirish holati qanday?
Davlatimiz rahbari deyarli har bir chiqishida, aholi bilan muloqotida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Ularni mamlakatimiz buguni va kelajagida tutgan muhim o‘rniga urg‘u beradi. Binobarin, yurtimizda navqiron avlod vakillarining zamonaviy bilimlarni egallashlari, “nou-xau”lar bilan hamnafas qadam tashlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. O‘ziga ishongan, intiluvchan, ilmga tashna o‘g‘il-qizlar uchun “sotsial lift”, meritokratiya tamoyillari hayotga samarali tatbiq etilyapti. Chunki taraqqiy etgan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 50 foizidan ortig‘i “bilimlar iqtisodiyoti” hisobidan, ya’ni, innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tomonidan yaratilayotganidan ko‘pchilikning xabari bor.
O‘tgan yil dekabr oyida bo‘lgan Yoshlar forumida Prezident tomonidan bu borada muhim takliflarni ilgari surgani ham bejiz emas. Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomada esa “biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz” deya alohida ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yil — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi. Bu o‘tgan yillarda jamiyatning intellektual va innovatsion salohiyatini yuksaltirish yo‘lida boshlangan progressiv islohotlarning mantiqiy davomidir, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur dolzarb yo‘nalishdagi maqsadlarga erishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, soha bilan mashg‘ul yoshlar kontingentini ko‘paytirish, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi aynan shu mezonlar asosida o‘z faoliyatini davom ettirib, zarur bir qancha vazifalarni belgilab oldi. Ularning ijrosini ta’minlash esa qat’iy nazoratda. Bu yo‘lda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 28 mingdan ziyod xodimlar ahil jamoa bo‘lib o‘zaro jisplashgan. Ularning 25 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qiz tashkil etsa, 56 nafari chet el oliy o‘quv yurtlarida tamomlagan kadrlardir.
Ho‘sh, ular nima bilan band?
Bir million dasturchi — taraqqiyot nihollari
Navqiron avlod va ma’sullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish ustida ishlar olib borilyapti. U o‘g‘il-qizlarning ilm olishlari, kasb-hunarli bo‘lishlarini, qisqacha aytganda, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun yaqin ko‘makchi bo‘ladi.
Mazkur yo‘nalishning mantiqiy davomi sifatida o‘sib kelayotgan avlodni AKT sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda 100 dan ziyod shahar va tumanda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochiladi. Shu bilan bir qatorda, Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda mazkur yo‘nalishda texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” fondi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan “Bir million dasturchi” loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deyish mumkin.
2020 yilda loyiha doirasida 120 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olib, ulardan 18 ming nafardan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi ikki yilda bu ko‘rsatkichni 300 ming yetkazish va ularni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish, masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan “Onlayn, raqamli, xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab”, “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimlari yaratilib, ishga tushiriladi.
Shu yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.
IT tadbirkorlar va yosh startapchilar uchun keng imkoniyatlar
IT startaplarga qo‘mak berish va AKT sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ham e’tiborimizda. Jumladan, mahalliy oliy ta’lim muassasalari qoshida IT Inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda shu kabi markazlar G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida, poytaxtimizdagi Turin politexnika universiteti, Inha universiteti, Amiti universiteti, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda boshqa OTMlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida IT-park filiallarini ochish rejalashtirilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Zero, o‘tgan yilda mamlakatimizda ish boshlagan IT-parklar rezidentlari tomonidan jami 750 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 mlrd. so‘m, jumdadan, eksport hajmi 8,4 million dollarni tashkil etdi.
Toshkent shahrida IT-park rezidentlari sonini ko‘paytirish va ularga yetarli imkoniyatlar yaratish doimiy diqqat markazimizda. Shu maqsadda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda infratuzilma ob’ektlarini bunyod etish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Uning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.
Bunday nuqtai nazar faqat markaziy hududlar uchun xom emas. Buni IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital City” texnoparki), Farg‘ona (IT Park Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT Park Guliston filiali), Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida foydalanishga topshirilgani, Andijon filialida o‘nta hamda Marg‘ilon filialida yettita rezident faoliyat yuritayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Quvonarlisi, ularda o‘tgan yilda 400 dan ziyod korxona faoliyat boshlab, 900 dan ortiq dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarildi.
10 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi
O‘tgan yilning 6 oktyabrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlariga asoslangan holda va malakali IT kadrlarga yuqori bo‘lgan talabni qondirish maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq, o‘tgan yili ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etilib jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 millird so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qat’iy, ortga qaytmas ekanligini tasdiqladi. Joriy yilda 82 ta, 2022 yilda 64 ta va 2023 yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgani ham shundan dalolat beradi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Xalq ta’limi vazirliklari, hamda Davlat test markazi hamkorligida tasdiqlangan qabul kvotalari asosida qishki ta’til kunlarida ixtisoslashtirilgan maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi.
Shuningdek, 20 — 29 yanvar kunlari Buxoro, Guliston, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand shaharlaridagi bittadan tayanch umumta’lim maktabiga “informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab” maqomi berilib rasmiy ochildi. Eng zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan sinf xonalari, robototexnika xonasi, raqamli kutubxona, faollar zalida o‘quvchilarga informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqur o‘zlashtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mazkur ilm maskanlariga tanlov asosida informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan sinflariga o‘quvchilar qabul qilindi.
TATU, Amiti va Inhada nima gaplar?
Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga qiziqishlarini inobatga olib, TATUda 2020/2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda sakkizta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur oliy ta’lim muassasi tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020/2021 o‘quv yili uchun 500 nafar talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda, TATU va uning filiallarida jami 15 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda.
Bilamiz, AKTda to‘xtash va uzilish bo‘lmaydi. Bu boradagi uzluksizlikni ta’minlashda esa xorij tajribasini chuqur o‘rganish, eng ilg‘orlarini mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish hamisha dolzarbdir.
Shu ma’noda, 2019 yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyati bejizga yo‘lga qo‘yilmadi. Unga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchi jalb qilindi. O‘tgan o‘quv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. 2020/2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy ta’lim muassassiga 384 nafar talaba qabul qilindi.
Janubiy Koreyaning poytaxtimizdagi Inha universitetida ham jarayonlar qizg‘in. Ayni paytda ushbu dargohda 51 nafar professor-o‘qituvchi va assistent faoliyat yuritib kelyapti. Talabalarning umumiy soni 1 506 nafarni tashkil etadi. Ularning 420 nafari joriy o‘quv yilida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlardir.
Al-Xorazmiyning munosib izdoshlari
Ma’lumki, barcha, ayniqsa, IT jabhasi uchun bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlash jarayonlari qancha erta boshlansa, kelajak uchun yaratilayotgan poydevor shuncha mustahkam bo‘ladi. Shu ma’noda, Yurtboshimizning bevosita g‘oyasi asosida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Hozir bu yerda O‘zbekistonning eng ilg‘or kadrlari ta’lim olyapti, imiji va potensiali shakllantirilmoqda.
Joriy o‘quv yilida ularning safi yanada kengaydi. Ya’ni qabul kvotasi 330 nafar etib belgilandi va kirish imtihonlari respublikamizda birinchi marotaba onlayn shaklda ikki bosqichda o‘tkazildi.
Ayni chog‘da besh muhim tashabbus doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalasi ham doimiy e’tiborda.
Axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida esa 2020 yilda mamlakatimiz bo‘ylab 107 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi. O‘tgan yilning o‘zida o‘quv kurslarini 15 mingdan ko‘p tinglovchilar yakunladi.
Asosiy maqsad - aholiga qulaylik yaratish va davlat davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish
“Elektron hukumat”ni takomillashtirish raqamlashtirish jarayonlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Davlat idoralari va aholi o‘rtasida interaktiv muloqotning samalari mexanizmi barpo etilishi davlat organlari faoliyatini tubdan yahshilashga zamin yaratmoqda, elektron hujjat aylanishi orqali ularning hamda fuqarolarimizning vaqt va moliya xarajatlarini tejalib, ochiqlik hamda oshkoralik ta’minlanyapti.
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali muhim o‘rin tutadi, albatta. 2020 yilda portal xizmatini portalini rivojlantirish doirasida muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan yil undan foydalanuvchilar soni 185 mingga ko‘payib, 380 mingtaga yetdi. Bugungi kunda u orqali 218 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. O‘z navbatida, portal orqali aholidan 9,8 millionta ariza kelib tushdi.
Ayni chog‘da fuqarolar uchun yanada ko‘p qulayliklar yaratilmoqda. Masalan, joriy yil boshida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali biometrik pasportini ID kartaga almashtirish uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda ID kartani olish uchun berilgan arizalar soni 3 mingdan oshdi.
Portalning Android va iOS platformalarida ishlaydigan mobil ilovasi yaratilib, ishga tushurilgani shaffoflikni ta’minlashda qo‘l keladi. Dasturning funksional jihatlari kalit so‘zlar orqali qidiruvni amalga oshirish, yuborilgan arizani ko‘rib chiqish jarayoni monitoringini olib borish, davlat xizmatlari markazlarining geolokasiyasini kuzatish imkonini beradi.
Ta’kidlash kerakki, mobil versiyasida faqatgina avtomatlashtirilgan elektron xizmatlar joriy etilgan. Bu esa davlat organi xodimining aralashuvini bartaraf qilishga va fuqarolarimizning vaqtini tejashga mo‘ljallangani bilan ahamiyatlidir.
Yagona portalning yana bir jihati shundaki, fuqarolar imtiyozli ravishda 10 foiz chegirma bilan davlat xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
Tezkor internetga ulash vazifasi qay darajada uddalanmoqda?
Murojaatnomada 2020 yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e’lon qilinishi hamda shu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani axborot texnologiyalarini ravnaq toptirishda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.
O‘tgan yilgi Davlat dasturida ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini tezkor internetga ulash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgandi. Boisi bu yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan ham ahamiyatlidir. Xo‘sh, ular amalda qanday bajarildi?
Birinchidan, AKT sohasining iqtisodiy ko‘rsatkichlari barqarorligini ta’minlash borasida:
— 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi hisobiga
200,5 million dollardan ortiq, jumladan, 141,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.
Ikkinchidan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida:
— bugungi kunda 1 millionta internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi, 32 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi;
— ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi;
— xizmat miqyosini kengaytirish maqsadida 5 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi, optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 68,6 ming km.ga yetkazildi va aholi maskanlarida uning qamrovi 98 hamda yuqori tezlikdagi yo‘nalishi 90 foizga yetkazildi;
— keng polosali mobil xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida mavjud 3 mingdan ortiq baza stansiyasi modernizatsiya qilindi;
— 5 ming 641 ta mobil aloqa tayanch stansiyasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 31 740 taga yetkazildi;
— 5 petabayt sig‘imga teng Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirildi;
— “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 11 million dollarga teng, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.
Umuman, bugungi kunga qadar ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan, 8 ming 95 ta xalq ta’limi, 5 ming 440 ta maktabgacha ta’lim va 3 ming 207 ta sog‘liqni saqlash muassasalarigacha jami 14 ming km. optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilib, ularda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi.
2G, 3G, 4G va 5G texnologiyalari
2020 yilga qadar, asosan, telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarini kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoq qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G texnologiyalariga asoslanmoqda. Xususan, 2020 yilda 5 641 ta mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilib oshga tushirildi, bundan tashqari 3 600 ta 2G baza stansiya 3G/4G standartiga modernizatsiya qilindi.
Qolaversa, operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarimizni keskin oshirish hisobiga avvalgi yilning shu davriga nisbatan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobar, o‘tgan yil davomida internet xizmatlari tariflari esa 29 foiz arzonlashtirilishiga erishildi (1 Mbit/s uchun narxi 45,0 ming so‘m).
Eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga ham katta e’tibor qaratildi. 2019 yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operator — “UZMOBILE” hamda “Ucell” 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkazishni boshlagani va bugungi kunda Toshkent shahrida 15 ta baza stansiyasi test tartibida ishlab turgani shundan dalolat beradi.
Strategiyaning ikki muhim tirgagi
So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim ishlar bajarildi. Ularning mantiqiy uzviyligini ta’minlish maqsadida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ijrosi izchil ta’minlanyapti. Uchrayotgan kamchilik va muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralar ko‘rilmoqda. Bu borada Prezident va hukumat hujjatlari qabul qilinib, kompleks chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan, kelgusi uch yilda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 2,6 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan 1 ming 627 ta loyiha amalga oshirilishi buning tasdig‘idir.
Jumladan, raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat”ni keng joriy etish bo‘yicha 2020 —2022 yillarda 42 ta vazirlik va idorada jami 260 tadan ortiq loyiha hayotga joriy etilmoqda. “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida 30 dan ortiq axborot tizimini yaratish va integratsiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur dastur doirasida “Yagona tez tibbiy yordam” axborot tizimini tatbiq etish orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilishga sarflanadigan vaqtni 2 barobarga qisqartirishga erishildi.
Toshkent shahridagi 88 ta ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimi ishlamoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jami 50 dan ortiq xizmatlar kiritilib, takomillashtirildi, natijada umumiy xizmatlar soni 218 taga yetkazildi. Foydalanuvchilarni identifikatsiya qilishning yagona tizimi modernizatsiya qilinib, unga 621 mingdan ortiq foydalanuvchilar ulandi. Davlat organlarining axborot tizimlari hisobini yuritish, ularni yaratish bo‘yicha loyihalar monitoringini olib borish maqsadida “Elektron hukumatning axborot tizimlari
va resurslari yagona reyestri” axborot tizimi hamda “Elektron hukumatning ma’lumotnoma va klassifikatorlar registri” axborot tizimi ishga tushirildi, unga 34 turdagi ma’lumotnomalar va klassifikatorlar joylashtirildi.
Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” loyihalarini monitoring qilish va reytingli baholashga mo‘ljallangan “NIS.UZ” axborot tizimi ish boshladi.
Bularni dastlabki odimlar, desak, aslo mubolag‘a emas.
2021 yil uchun kompleks chora-tadbirlar qanday?
Joriy yilda pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish maqsadida sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar jadal davom ettiriladi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini keskin ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Tizim korxonalari tomonidan 168,5 million dollarlik dasturiy mahsulotlar tayyorlanadi, eksport hajmi 20,0 million dollarga oshiriladi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida qiymati 423,5 million dollarga teng investitsiyalar, shu jumladan, 127,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.
Shu bilan birga, telekommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish uchun bu yil 50 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118,6 ming km.ga yetkaziladi. Bunda olis qishloq aholi maskanlari va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga alohida e’tibor qaratilib, mavjud barcha ijtimoiy ob’ektlar (maktablar, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolari yig‘inlari)ni tezkor internet tarmog‘iga ulash ishlari yakuniga yetkaziladi.
Ikki mingta qo‘shimcha mobil aloqa baza stansiyasini o‘rnatish orqali ularning umumiy soni 33,7 mingtaga, aholi maskanlarida keng polosali mobil internet qamrovi darajasi 95 foizgacha oshiriladi. Yil yakuniga qadar Nukus, Urganch, Namangan, Qarshi, Termiz va Toshkent shaharlarida ham IT-park filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish maqsadida 289 ta tibbiyot muassasasining IT-infratuzilmasini yaratish, kompyuter uskunalari bilan jihozlash orqali ularni to‘liq raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Tibbiyot muassasalari o‘rtasida masofaviy tibbiy va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “Telemeditsina” tizimi joriy etiladi.
Bu hali hammasi emas. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida talabgorligi yuqori bo‘lgan 60 ta elektron davlat xizmatini joriy etish bo‘yicha ro‘yxati shakllantiriladi va yil yakuniga qadar ishga tushuriladi. Shu bilan birga “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etiladi hamda Ochiq ma’lumotlar portalining infratuzilmasi va dasturiy platformasi modernizatsiya qilinadi. Har bir viloyatda tashkil etiladigan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlarini yuqori tezlikdagi internet tarmoqlariga ulash choralari ko‘riladi.
Shuningdek, agrosanoat majmuida yagona integratsion platformani tashkil qilish bo‘yicha “Raqamli qishloq xo‘jaligi” axborot tizimi yaratiladi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Toshkent viloyati filialiga asos solinadi. Hududlarda axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar faoliyatigt yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan. Qolaversa, tumanlar hamda shaharlarda bosqichma-bosqich jami
82 ta umumta’lim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Pochta aloqasi sohasida tub islohotlarni amalga oshirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish, shuningdek, Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Xullas, maqsadlar katta, asosiysi, ularning ijrosini o‘z vaqtida sifatli ta’minlashdir. Vazirlik bu borada bor imkoniyatlari va salohiyatini to‘liq ishga soladi. Xalqimizni bu kabi dolzarb chora-tadbirlar o‘z muddatida amalga oshiriladi, deb ishontiramiz.
Shuhrat SODIQOV,
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri.
Manba: Axborot xizmati