Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Bir million dasturchi” loyihasi - amalda
    12.10.2020

    Joriy yil 10-oktabr kungi 194-sonida ““Bir million dasturchi” loyihasi - amalda” nomli maqola chop etildi. 

    Mazkur maqolada respublikamizda “Bir million dasturchi” yirik loyiha doirasida Vazirlik va tizimdagi tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan ishlar batafsil ko‘rib chiqilgan. 

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi to'liq matni.

     

    Raqamli texnologiyalar

    “Bir million dasturchilar” loyihasi — amalda

    Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiya ekanligini alohida ta’kidladi. Jumladan, axborot texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritib: “Xabaringiz bor, poytaxtimizda Muhammad Xorazmiy nomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashgan yangi maktab ochdik. Ayni paytda farzandlarimizning “ay-ti” texnologiyalarga qiziqishini yanada oshirish va ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun sharoit yaratish maqsadida joriy yilda — 14 ta, kelgusi yilda 82 ta, 2022 yilda — 64 ta, 2023 yilda — 45 ta axborot texnologiyasiga ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi va barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi”, dedi.

    Bu, albatta, bejiz emas. Chunki bugungi tezkor va globallashuv davri yuqori malakali dasturchi va mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo qilmoqda. Bugungi kun va kelajagimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sohaning yetuk kadrlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

    Mamlakatimizda 2020 yil Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinishi zamirida ham katta ma’no va maqsad mujassam. Bu boradagi Davlat dasturida joriy yilda bir qator yirik vazifa va loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

    O‘zbekiston aholisining qariyb 60 foizi yoshlardan iborat. Ularni zamonaviy axborot texnologiyalari, dasturiy mahsulot yaratish va autsoring xizmatlarini ko‘rsatishga keng jalb qilish orqali ish bilan ta’minlash muhim vazifa hisoblanadi.

    Ayni paytda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Bir million dasturchi” loyihasi amal qilmoqda. Ushbu loyiha doirasida uzbekcoders.uz o‘quv portalida mashg‘ulotlar olib borilyapti.

    Mashg‘ulotlarda to‘rtta eng kerakli mutaxassislik — ma’lumotlarni tahlil qilish, “android” ilovalar, veb-ilovalar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha o‘zbek tilida subtitr vositasida bepul video kurslar taqdim etiladi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Bir million dasturchi” loyihasiga yoshlarni keng jalb qilishni maqsad qilgan. Shu bois loyiha ijtimoiy tarmoqlar, “onlayn maktab” teledarsliklari, radioda muntazam targ‘ib qilinyapti. Shunigdek, ZIYONET ta’lim portali, UZMOBILE mobil aloqa operatori va UZONLINE internet-provayderlarining bepul xizmatlari tarkibiga kiritilgan. Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida yoshlarga ushbu loyiha doirasida dasturlash ko‘nikmalari o‘rgatilyapti.

    — Shu yilning may oyida Vazirlar Mahkamasi Rayosatida uzbekcoders.uz portali orqali 2020/2021 o‘quv yili uchun oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilarini axborot texnologiyalari sohasida o‘qitishni tashkil etishning asosiy ko‘rsatkichlari tasdiqlandi, — dedi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi direktori Farhod Ibragimov. — Unga muvofiq, 2,1 mingdan ortiq umumta’lim maktabining 47 ming nafardan ziyod yuqori sinf o‘quvchilari, 44 ta oliy ta’lim muassasasining 54 ming nafardan ortiq talabari uzbekcoders.uz portali orqali o‘qitilishi rejalashtirilgan.

    2020/2021 o‘quv yilida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida informatika faniga “Bir million dasturchi” loyihasida nazarda tutilgan dasturlash yo‘nalishlarini alohida mavzu sifatida kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

    — Joriy yil yakuniga qadar 100 ming, 2021 yilning birinchi yarmida 150 ming o‘quvchi va talabalarni dasturiy ta’minot bo‘yicha malakasini oshirish vazifasi belgilandi, — deydi Farhod Ibragimov. — 5-sinfdan boshlab o‘qitilayotgan “Informatika” fanini zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish, ushbu fanga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yo‘nalishlarni kiritish ko‘zda tutilyapti.

    Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot, “Elektron hukumat” yo‘nalishlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Prezidentimizning 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2023-yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravar, ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish hamda ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish nazarda tutilgan.

    2020-2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, qishloq va suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha 268 ta loyiha amalga oshiriladi.

    Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan yuzma-yuz muloqotsiz aloqa shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishlab chiqildi. Bugungi kunda ushbu portal vositasida 208 ta elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda.

    Elektron o‘qitish dasturi doirasida o‘qib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xo‘jalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish galdagi muhim vazifadir. Chunki ular tashkilotlar faoliyatini an’anaviy elektron formatdan raqamli ko‘rinishga o‘tkazishga mas’ul mutaxassislardir. IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish — davr talabi.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi barcha hududda raqamli texnologiyalar bo‘yicha kamida 100 ta o‘quv markazi ochishni rejalashtirmoqda. Bu markazlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.

    Bugungi kunda soha mutaxassislariga sharoit yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etildi. Andijon va Marg‘ilon shaharlarida IT parkning filiallari tashkil qilindi. Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida IT parkning yana bir filialiga bino qurilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Guliston, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida ham ana shunday filiallar tashkil etiladi.

     

    Risolat Madiyeva,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

     

     

    Manba: Axborot xizmati