Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Taraqqiyotga eltuvchi eng qisqa yo‘l
    12.08.2020

     

    Bugungi kunda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkinligini o‘tgan qisqa fursat ko‘rsatib berdi. Bu borada AKT vazirligi tomonidan so‘nggi ikki yil ichida bir qator yo‘nalishlarda kompleks ishlar olib borildi. 

    Shu bois 12-avgust kuni “Yangi O'zbekiston” gazetasining 151-sonida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuxrat Sodiqovning “Taraqqiyotga eltuvchi eng qisqa yo‘l” nomli maqolasi chop etildi. 

    Mazkur maqolada Vazirlik tomonidan joriy yilda respublikamizda raqamli iqtosodiyotni rivojlantirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar batafsil tahlil qilingan.

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi to'liq matnni quyidagi havola orqali ko'rishingiz mumkin:

     

    Yangilanish mezonlari

    Taraqqiyotga eltuvchi eng qisqa yo‘l

     

    O‘zbekiston bugun keng qamrovli islohotlar natijasida rivojlangan kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olishni asosiy maqsad qilgan. Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallash zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish zaruriy infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishi, biroq qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishishimiz zarurligi, shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Chunki raqamli texnologiyalar mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og‘ir illatlardan biri – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

    2020 yilning Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilingani hamda shu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani ham yuqoridagi ustuvor yo‘nalishlar ro‘yobida salmoqli rol o‘ynamoqda. Chunonchi, raqamli iqtisodiyotga o‘tish vazifasi qat’iy maqsad sifatida belgilab qo‘yilgani nafaqat xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qizg‘in kutib olindi, balki bugungi pandemiya davrida ham nihoyatda ratsional qaror bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, yaqin yillarda biznes yuritish muhiti bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or ellik davlati safiga kirsak, ajabmas.

    Raqamli iqtisodiyotga o‘tish eng ustuvor maqsadimiz bo‘lishi barobarida bevosita ilm-ma’rifatni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Binobarin, bugungi tezkor zamonda raqamli iqtisodiyot ilg‘or davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida keng joriy etilmoqda. Hatto, ayrim mamlakatlar sun’iy intellektdan faol foydalanishga o‘tganiga guvoh bo‘lyapmiz.

    Nufuzli xalqaro tashkilotlar tahlillari natijalariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foiz oshirish, shuning barobarida, xufiyona iqtisodiyotga barham berish va korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini taqdim etadi. Ko‘rinib turibdiki, mazkur soha yurtimizda barcha tarmoqlarning yuksak rivojiga jiddiy turtki bo‘ladi, insonlarning turmush darajasini sezilarli darajada oshiradi.

    Harakatlar strategiyasini Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlashda eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida ijtimoiy soha ob’ektlari, umumta’lim maktablarini 80 foiz, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini yil oxirigacha 100 foiz tezkor internetga ulash vazifasi qo‘yildi.

    Bu, o‘z navbatida, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan ahamiyatlidir.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda internet tarmog‘iga keng polosali ulanish uchun 490 mingta port o‘rnatilib, ularning umumiy soni 2,5 millionga yetkazildi. Bundan tashqari, 9 ming kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyalari tortildi.

    Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobar, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi. Xizmat miqyosini kengaytirish maqsadida 1375 ta mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatilib, ularning soni 27,4 mingtaga yetkazildi va aholi maskanlarida uning qamrovi 97 foizga hamda yuqori tezlikdagi yo‘nalishi 78 foizga yetkazildi. Aholining keng polosali mobil xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK “O‘zmobayl” filiali tomonidan mavjud 1 000 dan ortiq baza stansiyasi modernizatsiya qilindi.

    Jizzax erkin iqtisodiy zonasida janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda qiymati 11 million dollarga teng, yillik quvvati 50 ming kilometr optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod ishga tushirildi.

    Bugungi kunga qadar telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish ishlari asosida mavjud 19 341 ta ijtimoiy soha ob’ektidan 60 foizi, jumladan, xalq ta’limi ob’ektlarining 5 659 tasida (56 foiz), maktabgacha ta’lim muassasalarining 3723 tasida (65 foiz) va sog‘liqni salash ob’ektlarining 2 213 tasida (63 foiz) optik tolali aloqa liniyalari asosida yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanishga imkoniyat yaratildi.

    Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 153,7 million dollar qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Shu kunga qadar, asosan, telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida 2200 ta 3G/4G baza stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan. Qolaversa, telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019 yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. uchun 17 foizga, 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 34 foiz arzonlashtirildi

    Mamlakatimizda AKT sohasidagi eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga katta e’tibor qaratiladi. 2019 yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operatori — “UZMOBILE” va “Ucell” 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkaza boshlagani shundan dalolat beradi.

    Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron platforma orqali amalga oshirish, ya’ni davlat o‘z fuqarolari uchun elektron xizmatlar ko‘rsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi raqamli iqtisodiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ana shu maqsadda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz) ishlab turibdi. Bugungi kunda ushbu portal orqali 200 turdan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Ular bo‘yicha yil boshidan beri 1,4 millionta arizalar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,1 foiz oshdi. Yil yakuniga qadar umumiy xizmatlar turi 230 tadan oshadi. Jumladan, ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnoma olish xizmatlari joriy qilinishi hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish, kadastr pasportini ro‘yxatdan o‘tkazish, ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish xizmatlarining takomillashtirilishi rejalashtirilgan.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanishining muhim omillaridan yana biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.

    Aynan mana shu maqsadni ko‘zlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidentlari hisoblangan 400 tashkilotda bugun to‘rt ming nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.

    Yil boshidan beri IT-park rezidentlari tomonidan 560 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 mlrd. so‘m, xususan, eksport hajmi 6,1 million dollarni tashkil etdi.

    Toshkent shahrida IT-park rezidentlari sonini ko‘paytirish va yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kvadrat metrga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. IT-parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalarning tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

    IT-parkning hududiy filiallari binolari Andijon (“Digital city” texnoparki), Farg‘ona (IT-parkning Marg‘ilon filiali), Sirdaryo (IT-parkning Guliston filiali) viloyatlarida foydalanishga topshirilib, Andijon filialida 10 ta va Marg‘ilon filialida 7 ta rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Namangan, Nukus, Samarqand , Urganch va Jizzax , Buxoro shaharlarida IT-park filiallari binolarini qurish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Raqamli texnologiyalarning eng katta yutug‘i tashkiliy, moliyaviy xarajatlarni tejash orqali iqtisodiy samaradorlikni keskin ravishda oshirish imkoniyatidir. Hozir raqamli texnologiyalardan turli soha va tarmoqlarda keng foydalanilmoqda. Yurtimiz uchun eng dolzarb bo‘lgan shunday sohalaridan biri qishloq xo‘jaligidir. Mazkur sohada hozirgi paytda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.

    Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun geoaxborot markazini tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda. Mazkur loyiha geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham qamrab oladi. Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta’minlanadi.

    Andijon shahrida yaqinda ochilgan IT-Park filiali — Digital City da “Monterra” nomli pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning maqsadi sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining holatini (sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili natijasida aniqlash orqali) ob’ektiv baholash hisoblanadi.

    21 iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi. Jumladan, yig‘ilishda kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi.

    Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.

    Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.

    Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

     

    Shuhrat SODIQOV,

    O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari

    va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri