Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Yangi va raqamli davrda O‘zbekiston: o‘zgarishlar, ustuvor yo‘nalishlar, yutuqlar va rejalar
    22.07.2020

    Bugungi kunda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkinligini o‘tgan qisqa fursat ko‘rsatib berdi.

    Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi ikki yil ichida bir qator yo‘nalishlarda kompleks ishlar olib borildi.

    Shu haqda bugun 22 iyul kuni “Xalq so‘zi” gazetasining, 153-sonida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuxrat Sodiqovning “Yangi va raqamli davrda O‘zbekiston: o‘zgarishlar, ustuvor yo‘nalishlar, yutuqlar va rejalar” nomli maqolasi chop etildi.

    Mazkur maqolada Vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar batafsil tahlil qilinib, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha hukumat tomonidan qo‘yilgan vazifalarning bajarilishiga alohida e’tibor qaratilgan.

     

    Bugunnung gapi

     

    Yangi va raqamli davrda O‘zbekiston: o‘zgarishlar, ustuvor yo‘nalishlar, yutuqlar va rejalar

    Yangilanayotgan O‘zbekiston o‘z oldiga bugun shunchaki rivojlanishni emas, balki jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida eng kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olishni asosiy marra qilib qo‘ygan. Buni oldindan ko‘ra bilgan, his qilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yildagi parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.

    Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishi, biroq qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishishimiz zarurligi, shu bois raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi besh yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri sifatida belgilab berildi. Chunki raqamli texnologiyalar mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og‘ir illatlardan biri – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

    Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi qatorida odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkinligini o‘tgan qisqa fursat ko‘rsatib berdi.

    Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi ikki yil ichida bir qator yo‘nalishlarda kompleks ishlar olib borildi.

     

    Birinchi qadam — zamonaviy AKT-infratuzilmani yaratish

    XXI asrda raqamli texnologiyalar insonlarni har tomondan o‘rab oldi. Ulardan inson mehnatini kamaytirish orqali yanada ko‘proq natijaga, samaradorlikka erishish maqsadida foydalanilmoqda.

    Raqamli iqtisodiyot — raqamli texnologiyalarga asoslangan elektron biznes va elektron tijorat bilan chambarchas bog‘liq iqtisodiy faoliyat hamda shu faoliyat natijasida ishlab chiqariladigan va sotiladigan raqamli tovarlar, xizmatlar yig‘indisi.

    Raqamli iqtisodiyot izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili — zamonaviy AKT-infratuzilmasini yaratish hisoblanadi. Bu bo‘yicha mamlakatimizda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.

    O‘tgan yil boshidan bugungi kungacha respublika bo‘yicha internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlarining umumiy soni 2,2 mln.ga yetkazildi, 7,8 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 44,4 ming km.dan oshdi.

    Shundan 7,3 km. optik tolali aloqa liniyalari 9410 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga tortilishi natijasida 4 786 ta maktab, 2 895 ta maktabgacha ta’lim va 1 729 ta sog‘liqni saqlash muassasasini tezkor internetga ulash imkoniyati yaratildi. Bu o‘z navbatida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

    Bu borada investorlar va mahalliy tadbirkorlar ham faol qatnashayotgani e’tiborga molik. Masalan, Jizzax erkin iqtisodiy zonasida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda loyiha qiymati 11 mln. dollarga teng optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilib, yiliga 50 ming km. optik tolali kabel tayyorlash quvvati yaratildi.

    Bu esa, o‘z navbatida, internet tezligining keskin oshishida muhim omilga aylandi. Gap shundaki, “Ookla” kompaniyasining Speedtest.net servisi internet tezligi bo‘yicha 2020 yil iyun oyi natijalariga ko‘ra yangi ma’lumotlarni e’lon qildi va ushbu Speedtest Global Index reytingida O‘zbekiston keskin o‘sishni namoyon etdi.

    Internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekiston hozirgi kunda 94-pog‘onani egallab turibdi, bir yil ichida 36 pog‘onaga ko‘tarilish kuzatildi. Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sdi.

    Qolaversa, telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019 yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. 17 foizga arzonlashtirilgandi. 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 34 foiz arzonlashtirildi. E’tiborli jihati shundaki, bozor iqtisodiyoti talablariga ko‘ra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.

    Joriy yilda «O‘zbektelekom» AK tomonidan yirik xorijiy IT-kompaniyalarining server uskunalari va ko‘plab xizmatlari mahalliylashtirildi. Bu butun O‘zbekiston uchun muhim voqeadir. Mazkur yangilik ushbu xizmatlar tomonidan taqdim etiladigan audio hamda videokontentlarni, dasturiy ta’minot va boshqa kontentlarni yuklab olish tezligini oshirishga yordam beradi. O‘z navbatida xalqaro internet kanalini sezilarli darajada yengillashtirishi ham muhim mezonlardan biridir. Bu O‘zbekistonning barcha operator hamda provayderlariga abonentlar uchun yanada arzon va tezkor takliflarni taqdim etish imkonini beradi.

    Mobil aloqa sohasini rivojlantirishda ham keng miqyosda ishlar olib borilmoqda. Mazkur davr mobaynida 6 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.

    Aytish joizki, shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida 2200 ta 3G/4G baza stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan.

    2020 yil - «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlanish yili»ning birinchi yarmida mobil aloqa operatorlari tomonidan jami 1375 ta mobil aloqa tayanch stansiyasi o‘rnatilib, aholi maskanlarining mobil aloqa hamda keng polosali mobil internet tarmog‘iga ulanish darajasi oshirildi.

    Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda AKT sohasidagi eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga muhim e’tibor qaratiladi. 2019 yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operator — “UZMOBILE” va “Ucell” 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkazishni boshlagani shundan dalolat beradi.

     

    To‘laqonli IT-ekotizimini barpo etish — muhim masala

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanishining yana bir muhim omillaridan biri sohada raqobatbardosh mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki hamda tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishdir.

    Aynan mana shu maqsadni ko‘zlab barpo etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning rezidentlari hisoblangan 392 tashkilotda bugun to‘rt ming nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, ushbu tashkilotlarning 14 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan bo‘lsa, 54 tasi yangi ochilgan.

    Mazkur IT-Parkda zarur infratuzilma, jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking- markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilgan. Texnoparkda rezidentlarga moliyaviy, marketing, yuridik va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. Yana bir muhim jihat shundaki, rezidentlar uchun moliyaviy imtiyozlar ham berilgan: ular 2028 yilning 1 yanvariga qadar barcha soliq va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek, bir martalik ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan.

    Yil boshidan beri IT-Park rezidentlari tomonidan jami 560 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 321 mlrd. so‘m, xususan, eksport hajmi 5,1 mln. dollarni tashkil etdi.

    Toshkent shahrida IT-Park rezidentlari sonini ko‘paytirish hamda yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida umumiy maydoni 408 ming kv. m.ga teng hududda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda IT-Park infratuzilmasi ob’ektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi. IT-Parkning hududiy filiallarini tashkil etish bo‘yicha joylardagi mahalliy hokimliklar bilan qo‘shma qarorlar imzolanib, har bir loyiha bo‘yicha bajariladigan vazifalar tarmoq jadvallari tasdiqlandi.

    Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport, tadbirkorlik hamda turizm yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish bo‘yicha “mGovAward” birinchi respublika tanlovi o‘tkazilmoqda. Tanlov uchun Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan 100 ming dollar ajratilgan va 3 ta munosib jamoa mazkur mablag‘ hisobidan rag‘batlantiriladi.

    Amerika Qo‘shma Shtatlarining YuSAID agentligi bilan birgalikda IT-Park tomonidan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qiymati 140 ming dollarlik tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi amalga oshirilyapti.

     

    Qulay onlayn xizmatlar ko‘lami oshmoqda

    So‘nggi ikki yilda mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.

    Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishlab chiqildi (https://my.gov.uz). Bugungi kunda portal orqali 176 tadan ortiq elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda.

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish, xususan, bir vaqtning o‘zida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini o‘tkazish hamda tezkor jo‘natish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “project.gov.uz” joriy etildi.

    Bundan tashqari, Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish xizmati uchun litsenziya berish, Abituriyentlardan hujjatlarni onlayn qabul qilish, Ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olish va o‘qish joyidan ma’lumotnoma olish xizmatlari ham yaratildi.

    Hozir Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yana 26 ta yangi xizmat ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, buning natijasida umumiy xizmatlar soni 200 tadan oshadi. Yil boshidan beri 1,4 mln. ta elektron xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 8,1 foiz oshdi.

    Elektron hukumatning idoralararo platformasida davlat organlarining 90 ga yaqin axborot tizimlari va resurslarining o‘zaro elektron hamkorligini ta’minlash yo‘lga qo‘yilib, 160 mln.dan ziyod so‘rovlarga onlayn shaklda ma’lumotlar berilganini ham alohida ta’kidlash joiz.

     

    Kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi qay ahvolda?

    Har bir yangi sohada bo‘lgani kabi raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida ham malakali kadrlar yetishmovchiligi ko‘zga tashlanmoqda. Tan olish kerakki, bu muammo har doim ham dolzarb bo‘lib kelgan. Kadrlar masalasida to‘siqlarga duch kelayotganimiz bor gap. Chunki yangi soha, yangi yo‘nalishda faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan zaxira mavjud emas.

    Shu o‘rinda bir misol keltirib o‘tsak. Ayni paytda vazirlik va idoralarda rahbarning aynan raqamlashtirish yo‘nalishidagi o‘rinbosarlari lavozimlari joriy qilinmoqda. Vazirligimiz esa mana shu lavozimlarga tajribali mutaxassislarni tavsiya qilish, kerak bo‘lsa, ta’minlash uchun javobgardir. Vazirlik mamlakat miqyosida barcha sohalarda raqamlashtirishga mas’ul bo‘lib, ba’zi holatlarda o‘zi uchun professional mutaxassis zarur bo‘lib turgan bir paytda bu bo‘shliqni nimaning hisobiga to‘ldirish zarur? Buning uchun nimalar qilish kerak? Buning ham yechimi topildi, unga mustahkam poydevor qo‘yildi. Zotan, O‘zbekistonning eng katta boyligi — aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi yoshlardir. Shuning uchun ham davlat siyosatida navqiron avlodning jamiyatdagi nufuzini oshirish muhim o‘rin tutadi, ularning yangi-yangi mutaxassisliklar va kasblarni egallashiga katta e’tibor qaratilyapti.

    Barchaga ma’lumki, Prezidentimiz g‘oyasi bilan bugun respublika bo‘ylab yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida «5 muhim tashabbus» amalga oshirilmoqda. Ana shu tashabbusning uchinchisi — aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish doirasida hududlarda 30 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etildi. Bugungi kungacha jami 7,2 mingdan ortiq tinglovchi o‘quv kurslarini yakunlagan.

    O‘z navbatida yoshlarni, umumta’lim maktab o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilariga dasturlash asoslarini o‘qitishga yo‘naltirilgan «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 69 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ulardan 5,8 ming nafari kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi. Hammaga ma’lumki, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning eng samarali yo‘li — ularni bolalik paytidan boshlab o‘rgatishdir. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.

    2019 yil dekabr oyida ushbu o‘quv dargohining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda matematika va xorijiy tillardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan 680 nafar o‘g‘il-qiz maktabning 5-11 sinflarida ta’lim olmoqda.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ta’lim sohasida ham katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab universitet zamonaviy ta’limning kredit modul tizimiga o‘tkazildi va hozirgi kunda bu tizimda 9 609 nafar talaba o‘qiyapti. Universitet tuzilmasida O‘zbek—Belarus qo‘shma fakulteti ham tashkil etildi. Bundan tashqari Universitetda Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining (JICA) 1,6 million dollar miqdoridagi texnik granti hisobiga zamonaviy o‘quv media markazi ochildi. Media markazda videokontentni tasvirga olish va ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyat mavjud.

    Prezidentimizning 2019 yil 7 yanvardagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019 yilning sentyabr oyidan o‘quv yilini ochdi.

    Toshkent shahridagi Amiti universitetiga bakalavr darajasi uchun Axborot texnologiyalari, Muhandislik va kompyuter texnologiyalari, Iqtisodiyot, Turizm boshqaruvi, Biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha, shu bilan birga, magistrlik darajasi uchun ham qabul amalga oshirildi.

    Mazkur davr mobaynida xalqaro aloqalarni rivojlantirish yo‘lida Toshkent shahridagi INHA universiteti ham samarali ish olib bordi.

    Kelgusida o‘quv markazlaridan tashqari «Ishga marhamat» monomarkazlarida va Texnopark filiallarida yoshlarga raqamli texnologiyalarni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar ham tashkil etiladi.

    O‘ylaymanki, mana shu markazlarda tahsil olgan yoki loyiha ishtirokchisiga aylangan yoshlarning barchasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishini tanlamagan holda ham ularning ma’lum qismi shu yo‘ldan ketadigan bo‘lsa, kadrlar muammosini hal qilishga yordam beradi.

     

    Yaqin davrdagi vazifalar

    Oldimizda turgan eng asosiy vazifa — o‘z ichiga barcha soha va tarmoqlarni qamrab olgan hamda O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘liq va kompleks ijobiy o‘zgartirishga hamda raqobatbardoshlikni oshirishga yo‘naltirilgan.

    Yana bir muhim vazifa — davlat rahbarining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashimiz zarur. Mazkur hujjatga asosan tasdiqlangan «Raqamli Toshkent» kompleks dasturida ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, kommunal sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston poytaxtining qiyofasini to‘liq ijobiy o‘zgartirish maqsad qilib qo‘yilgan.

    “Raqamli Toshkent” konsepsiyasi «Xavfsiz shahar» yirik loyihasi bilan bevosita bog‘liq. Mazkur loyihani 2019 — 2023 yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi belgilangan. Birinchi bosqichda 2019 — 2020 yillarda Toshkent shahrida loyihaning yagona texnologik platformasini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi 28 aprel kuni qabul qilingan «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra 2023 yilga borib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 hamda ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish nazarda tutilgan.

    Qolaversa, 2020 — 2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar, axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, qishloq hamda suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha jami 268 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

    Shulardan kelib chiqib, IT-Park rezidentlari sonini 450 taga hamda ular tomonidan ko‘rsatilgan eksport hajmini 25 mln. dollarga yetkazish maqsadida tegishli infratuzilma kengaytirilmoqda.

    Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab hududida IT-Park Toshkent filialini ishga tushiriladi hamda qo‘shimcha 700 ta ish o‘rni yaratiladi.

    O‘z navbatida «5 muhim tashabbus»ning uchinchisi doirasida yil yakunigacha qo‘shimcha 72 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etiladi, ularda axborot texnologiyalari sohasida 15 mingdan ortiq yoshlar o‘qitiladi.

    Barcha hududdagi yoshlar markazlarida yoshlarni «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratilgan kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, umumta’lim maktablari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qitish orqali loyihaga jalb qilinganlar soni 100 mingtaga yetkaziladi.

    «O‘zbektelekom» AK ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi sig‘imini 5 baravarga (5 Petabaytgacha) kengaytirish ham ko‘zda tutilyapti. Ayni chog‘da 600 ming portli keng polosali ulanish qurilmalarini o‘rnatish orqali umumiy portlar soni 2,8 mln.taga, 5,5 ming km. optik kabel liniyalari qurish orqali respublika bo‘yicha umumiy optik aloqa liniyalari uzunligini 50 ming km.ga yetkaziladi. Qolaversa, 1 052 ta mobil aloqa baza stansiyasini o‘rnatish va ularning umumiy sonini 28,3 mingga yetkazish orqali respublika aholi yashash maskanlarining keng polosali mobil tarmoq bilan qamrov darajasi oshiriladi.

    Eng muhimi, 2700 ta maktabgacha ta’lim hamda 1740 ta sog‘liqni saqlash ob’ektining to‘liq, 2160 ta xalq ta’limi muassasasini yuqori tezlikdagi internetga ulash imkoniyati ham yaratiladi.

    Agrar sohada ham raqamli texnologiyalar keng joriy qilinadi

    Bugungi kunda, yer munosabatlari, qishloq va suv xo‘jaligi resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida raqamli hamda geoaxborot texnologiyalari tizimini joriy etish yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham aniq vazifalar qo‘yilgan.

    Respublikamizda geoaxborot texnologiyalarini rivojlanirish maqsadida sohada yetuk tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi.

    Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun “virtual” qabul qilish stansiyasi (geoaxborot markazini)ni tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda.

    Mazkur loyiha - geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham o‘z ichiga qamrab oladi.

    Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta’minlanadi.

    Shuningdek, qishloq hamda suv xo‘jaligi, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ekologiya, arxeologiya, shaharsozlik hamda yo‘l qurilishi, chegara nazorati, xavfsizlik va mudofaa sohalaridagi ayrim masalalarni hal etish tizimi ham yaratiladi.

    Yer hamda ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kunda 8 ta elektron davlat xizmatlari joriy qilingan bo‘lib, 50 mingga yaqin arizalar kelib tushgan.

    Mazkur yo‘nalishda aholiga qo‘shimcha qator qulayliklarni yaratish, eng asosiysi mazkur yo‘nalishda “inson omili”ni cheklash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 5 ta davlat xizmatlari takomillashtiriladi.

    Qishloq xo‘jaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar holatini tezkor va aniq baholash maqsadida kosmik ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha Andijon viloyatida tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Andijon viloyatining maydonlari vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga kiritilmoqda.

    Mazkur platforma hozirgi kunda Davergeodezkadastr qo‘mitasining “Yer axborot” tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilindi.

    Loyiha sentyabr oyida ishga tushadi va Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining tahliliy ma’lumotlari shakllantirilib, yer egalariga taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

    21 iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda vazirligimiz oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi.

    Jumladan, yig‘ilishda, kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi. Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.

    Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.

    Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

     

    Shuhrat SODIQOV,

    O‘zbekiston Respublikasi

    axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

    rivojlantirish vaziri

    Manba: Axborot xizmati