Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamlashtirish jarayonida qanday atamalardan foydalangan ma’qul?
    08.07.2020

    Mulohaza

    Raqamlashtirish jarayonida qanday atamalardan foydalangan ma’qul?

    Bugun “raqamli” yoki “raqamlashtirish”, “elektron hukumat” so‘zlari inson hayotining har bir jabhasiga kirib ulgurdi. “Raqamli televideniye”, “raqamli iqtisodiyot”, “agrar sohani raqamlashtirish”, “axborot tizimi” shular jumlasidandir. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

    Bu kabi tushuncha, so‘z va atamalarning kirib kelishi jarayonida bir qancha savollar tug‘iladi: xo‘sh, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid so‘z va atamalarning ma’nosini hammamiz ham tushunamizmi yoki to‘g‘ri talqin qila olamizmi?

    Zamonaviy texnologiyalarning kundalik hayotimizga kirib kelishi, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik natijasida tilimizga kirib kelayotgan yangi so‘z va atamalarni aslicha qabul qilish kerakmi? Yoki ularning o‘zbek tilidagi muqobilini yaratish maqsadga muvofiqmi?

    O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nozim Komil aytganidek, “Mana, masalan, velosiped, mashina, poyezd, samolyot degan atamalarning muqobili bormi? Yo‘q. Chunki men yuqorida nomlarini tilga olgan narsalar ilgari bizda bo‘lmagan. Demak, bu atamalarning muqobili bo‘lishi ham mumkin emas. Ularni allaqanday sun’iy nomlar bilan atash g‘irt nodonlik. Bu so‘zlar allaqachon tilimizga o‘rnashib bo‘lgan va beminnat xizmat qilib kelmoqda. Esimda, 1989 yili o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan tilni butunlay “tozalash” tarafdorlari ham paydo bo‘ldi. Aeroportni tayyoragoh, samolyotni uchoq, institutni oliygoh, ilmiy-tadqiqot muassasalarini ilmgoh deyish rasm bo‘ldi. Ammo bu hol uzoqqa cho‘zilmadi. Tilimiz bu atamalarni hazm qilolmadi, tupurib tashladi. Yana o‘z o‘zaniga tushib oldi” (“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 1-son).

    Albatta, ajnabiy atamalarning o‘zbek tilidagi muqobilini topish va uni muomalaga kiritish yaxshi, ammo ba’zi holatlar borki, ularga ko‘z yuma olmaymiz. Shuning uchun “yetti marta o‘lchab, bir marta” kesgan ma’qul.

    Masalan, “elektron davlat xizmatlari ko‘rsatadigan bir tashkilotning axborot tizimini ikkinchi tashkilotning axborot tizimiga intergatsiya qilish” deganda nimani tushunasiz?

    Mazkur gapdagi “integratsiya” so‘zi lotin tilidagi “integratio” so‘zidan olingan bo‘lib, “qayta tiklash”, “to‘ldirish”, “bog‘lash, ulash” ma’nolarini bildiradi. Demak, foydalanayotgan matnimizga ma’no-mazmunidan kelib chiqib, ushbu so‘z ma’nolaridan keragini olamiz. Bu gapning ma’nosi ikki tizimni bir-biriga bog‘lash, ulashni, muvofiqlashtirish ekanligini tushunamiz.

    Yoki bo‘lmasa, mobil aloqa xizmatlari. Bu so‘z ingliz tilidagi “mobile” so‘zidan olingan bo‘lib, “harakatchan”, “chaqqon”, “ko‘chma”, “o‘zgaruvchan”, “beqaror” degan ma’nolarni bildirarkan. Yana bir joyda uning ma’nosi odamlar o‘rtasidagi aloqani ta’minlash uchun foydalaniladigan kichkina simsiz telekommunikatsiya qurilmasiga nisbatan ishlatiladi. Shu bilan birga, uni “uyali telefon” bilan adashtirmaslik zarurligi qayd etilgan.

    Biz esa bu so‘zni o‘zbek tilida “uyali” deb bilamiz. Xo‘sh, endi aytingchi, “mobil” so‘zini hamma joyda “uyali” deb ishlatish mumkinmi? So‘z ma’nolaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, yo‘q. Chunki mobil so‘zining ma’nosi biz o‘ylagandan, biz tushungandan ko‘ra kengroq.

    Bugun aholiga qulaylik yaratish, ularga ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarining sifatini yanada oshirish maqsadida “Elektron hukumat” doirasida “idoralararo integratsion platforma”lar yaratilmoqda. Bu yerda “idoralararo” degan so‘zdan bir nechta idora haqida gap ketayotganligini bir qarashda tushunib olamiz. Shu o‘rinda bu tushunchani “idoralararo muvofiqlashtirilgan maydoncha”, deyish ham mumkin. Lekin axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislarini tayyorlash jarayonida asosan rus va ingliz tilidagi manbalardan foydalanilganligi uchun oddiy aholi u yoqda tursin, mutaxassislarga ham buni tushuntirish oson emas. Ular uchun birinchisi ma’qulroq va tushunarliroq.

    Interaktiv davlat xizmatlari” degan tushuncha hayotimizga yanada chuqurroq singib bormoqda. Bu o‘rindagi “interaktiv” so‘zi “bir-biriga ta’sir ko‘rsatuvchi” degan ma’noni bildiradi. Shundan kelib chiqib, “o‘zaro muvofiqlashtirilgan/birlashgan davlat xizmatlari” deyish to‘g‘ri bo‘ladi, menimcha.

    Kommunikatsiya so‘zi lotincha bo‘lib, foydalanilayotgan jumlaga qarab, jamlash, bog‘lash, umumlashtirish, xabar/ma’lumot/fikr/axborot almashish, aloqa qilish kabi ma’nolarni bildiradi. Lekin biz bu so‘zning o‘zbek tilidagi ma’nolaridan ko‘ra, uning o‘zini ishlatishni afzal deb bilamiz.

    Juda ko‘p yillardan buyon “abonent” so‘zini ishlatamiz. Sirtdan olib qaraganda bu so‘z o‘zbekchadek bo‘lib ketgan. Ya’ni tilimizga o‘zlashib ulgurgan. Aslida bu so‘z fransuz tilidagi “aboner” so‘zidan olingan bo‘lib, “obuna bo‘lmoq” ma’nosini bildiradi. O‘zbek tilida esa uni “mijoz”, “foydalanuvchi” deyish mumkin. Lekin biz bu so‘zlardan foydalanmaymiz. Yuqorida aytilganidek, bu so‘z qon-qonimizgacha singib ketgan.

    Onlayn efir”, “onlayn radio”, “onlayn televideniye”, “onlayn do‘kon”, “onlayn o‘qitish” kabi tushunchalar ham juda ko‘p qo‘llanmoqda. “Onlayn” so‘zi ishlatilgan joyda internet aloqasi mavjudligi tushuniladi. Demak, uydan turib, bu xizmatlardan foydalanish mumkin. Xo‘sh, bu so‘zning biz bilgan “jonli”, “to‘g‘ridan to‘g‘ri” ma’nolari yuqoridagi holatlarga mos keladimi?

    Virtual” so‘zini ko‘pincha aloqa shaklida ishlatamiz, ya’ni virtual aloqa. Bunday muloqot jarayonida siz hamsuhbat bilan bevosita emas, telefon yoki internet aloqasi yordamida fikr almashasiz. Xo‘sh, bu jarayonni o‘zbek tilida qanday ataymiz?

    Joystik” – qaysidir tizimga koordinatalar kiritishga mo‘ljallangan qurilma. Joystik plastmass g‘ilof shaklida yasalgan bo‘lib, unga tik ravishda dastak o‘rnatiladi. Joystik avtomatlashtirishning turli sohalarida va kompyuter o‘yinlarida ishlatiladi (Zamonaviy kompyuter texnologiyalariga oid atamalarning ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati. “UNICON.UZ” DUK, 2015.).

    Hammamizning uyimizda televizor bor. Mahalliy va xorijiy telekanallar orqali efirga uzatilayotgan dasturlarni miriqib tomosha qilamiz. Shu jarayonda “televizor”, “televideniye”, “antenna” kabi so‘zlardan foydalanamiz.

    “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi tomonidan 2014 yilda ishlab chiqilgan “Televideniyega oid atamalarning ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘atida ushbu so‘zlarning qanday ma’noni anglatishi berilgan:

    • Televizor – maishiy televizion qabul qilgich.
    • Televideniye – harakatlanmaydigan yoki harakatlanadigan ob’ekt-larning bir-birini almashtiradigan tasvirini uzatish uchun mo‘ljallangan elektr aloqa turi. Umuman olganda, televideniyening asosiy qo‘llanilishi televizion eshittirish hisoblanadi, lekin televideniye, shuningdek, sanoatda, fanda, meditsinada va boshqa sohalarda ham qo‘llaniladi.
    • Antenna – radioto‘lqinlarning nurlanishi yoki qabul qilinishi uchun mo‘ljallangan qurilma. Antennalar bajaradigan vazifasiga ko‘ra, qabul qiluvchi, uzatuvchi va qabul qiluvchi-uzatuvchi antennalarga ajratiladi.

    “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr qilingan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da esa ushbu so‘zlarning asl ma’nolari keltirilgan:

    • Televizor: (tele. + lot. visio – ko‘rish; ko‘rsatuv). Telestudiyadan uzatiladigan telesignallarni tasvir va ovoz tarzida qabul qilib, ko‘rsatadigan va eshittiradigan apparat.
    • Televideniye: (tele. + r. videniye – ko‘rish / lot. visio – ko‘rish). Harakatdagi yoki harakatsiz ob’ektlarning tasvirini tovush bilan birga radioelektron vositalar yordamida muayyan masofaga uzatish va qabul qilish; uzoqdan ko‘rish; axborot tarqatish vositalaridan biri.
    • Antenna: lotincha antenna – kema machtasidagi ko‘ndalang yog‘och, hashorat mo‘ylovi. Elektromagnit to‘lqinlarni fazoga uzatuvchi yoki qabul qiluvchi qurilma.
    • Bularning nima keragi bor ekan deya xulosa qilishga shoshilmang. Bu so‘zlar ma’no-mazmun jihatdan ikki manbada ham deyarli bir xil keltirilmoqda, biroq bitta so‘z bilan o‘zbek tilida ifodalanmagan. Aytmoqchi bo‘lganim, hamma so‘zlarni ham ikkinchi tildagi boshqa bitta so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.

    Ammo bu chet tillaridan kirib kelayotgan barcha so‘zlarni shundayligicha qabul qilish kerak, degani ham emas. Bu masalada ijobiy natijaga erishish uchun til va muayyan sohada faoliyat yurituvchi tajribali mutaxassislar hamkorlikda yangi so‘z yoki atamaning o‘zbek tilidagi muqobilini yaratish ustida ishlashlari talab qilinadi.

    Bular axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda raqamlashtirish jarayonida tilimizda yuzaga kelgan, kelayotgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan ba’zi masalalar xolos. Texnika kundan-kunga rivojlanib borayotgan davrda ularni o‘rganish, foydalanish bilan birga tilimizning jozibadorligini asrab qolish, uni kirib kelayotgan yangi so‘z va atamalarning o‘zbek tilidagi muqobillarini yaratish orqali yanada boyitish hamda foydalanish uchun muomalaga kiritish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Muammoni ko‘tarish, masala dolzarbligi, uning ahamiyati, zarurati to‘g‘risida gapirish oson, biroq yechim haqida ham to‘xtalib o‘tish o‘ta muhim. Yuqoridagi kabi muammolarga duch kelmaslik uchun, avvalo, sohaga kadrlar yetishtirib beruvchi o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalaridan juda katta mas’uliyat talab qilinadi.

    Shuningdek, bugungi kunda turli vazirlik, idora va tashkilotlarda AKT sohasida faoliyat yuritayotgan mas’ul mutaxassislarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish maqsadida turli o‘quv kurslarini tashkil qilish, uslubiy qo‘llanmalar yaratish, ularning keng tarqatilishini ta’minlash, shuningdek, faoliyat davomida tilimizga kirib kelayotgan so‘z va atamalarning o‘zbek tilidagi muqobilidan foydalanish zarur.

    Bu faoliyatni tashkil qilish orqali nafaqat yurtimizda keng miqyosda olib borilayotgan raqamlashtirish jarayoniga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz, balki mazkur jarayonning yanada jadallashishini ta’minlaymiz.

     

    Nurulla Abdullayev,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish

    vaziri maslahatchisi

    Manba: Axborot xizmati