Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida “Raqamli texnologiyalar markazi” ochildi
    22.03.2019

    Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil rivojlanib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, sohaning barqaror taraqqiy etib borishi uchun malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni oshiradi. Joriy yilning 19 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash bepul oʻrgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik bilan shugʻullanish boʻyicha innovatsion koʻnikmalar beriladi, “startap” loyihalarga yordam koʻrsatiladi.

    Ushbu tashabbus asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tomonidan Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida shunday markazlar tashkil etish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqildi.

    22 mart kuni “Oʻzbektelekom” Aksiyadorlik kompaniyasi Sirdaryo viloyat filiali Mirzaobod tumani telekommunikatsiya bogʻlamasi maʼmuriy binosida “Raqamli texnologiyalar markazi” ochildi.

    Taʼkidlash zarurki, qisqa fursatlarda Vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik oʻquv markazini ochish boʻyicha tashkiliy choralar koʻrilib, Markaz zamonaviy kompyuterlar va zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Ushbu Markazning mamlakatimiz boʻylab Navroʻz umumxalq bayrami tadbirlari davom etayotgan paytda ochilishi Sirdaryo viloyati yoshlariga munosib bayram tuhfasi boʻldi.

    Mirzaobod tumanida joylashgan mazkur Markaz Sirdaryo viloyatining shahar va tumanlarda ochiladigan markazlar hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Hindistonning ilgʻor tajribasi asosida tashkil etilayotgan Texnopark oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini bajaradi.

    Markazda yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik yoʻnalishida oʻquv kurslari tashkil etiladi. Ushbu Markazda 3 ta yosh toifasida, yaʼni 9-15, 16-19 hamda 20-25 yoshdagi taʼlim oluvchilar bosqichma-bosqich axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar sifatida tayyorlanadi.

    Qolaversa, Markazda yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini oʻrgatish, turli oʻyinlar boʻyicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy oʻyinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

    “Raqamli texnologiyalar markazi”ning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

    Manba: Axborot xizmati