Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Bugundan boshlab Toshkentda ham analog televideniye to‘xtatildi
    16.07.2018
    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyuldagi “Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan bugundan boshlab Toshkent shahrida yangi rusumdagi televizori yo‘q yoki televizorga ulanadigan qo‘shimcha qurilmaga(tyuner) ega bo‘lmagan oilalar analog televideniyeni kuzatish imkonidan mahrum bo‘lishdi. 

    Mazkur hujjatga binoan 2017 yil yakuniga qadar yurtimizning barcha hududida 90 komplekt yuqori quvvatli hamda 404 komplekt kamquvvatli raqamli teleeshittirish uzatkichlarini o‘rnatilgan. Bu haqda “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Javlon Isayev bizga ma’lum qildi. “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsiyaviy loyihasi asosida raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatish hamda ishga tushirish jarayoni olib borilgan. Natijada yurtimizdagi barcha aholi yashash maskani raqamli televideniye dasturlari bilan to‘liq ta’minlangan.

    - Hozir hatto eng chekka qishloqlarda ham raqamli televideniye signallari mavjud”,- deydi Javlon Isayev. - Shuningdek, Toshkent shahrida sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘iga raqamli teledasturlarni uzatish va qabul qilish Yer stansiyasi tashkil etilgani. Bugungi kunda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 telekanali hamda 4 radiokanali dasturlari uzatilmoqda. Ushbu tele va radiodasturlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki 40 dan ortiq chet mamlakatlar hududida ham ko‘rish va tinglash mumkin.

    Vazirlar Mahkamasi Qarorida O‘zbekiston Respublikasida yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish jadvali tasdiqlangan bo‘lib, unga binoan 2018 yilning 5 dekabriga qadar analog formatdagi teleeshittirishlar to‘xtatilishi belgilangan. Ushbu jadval asosida 2018 yilning 15 yanvaridan Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida analog formatdagi teledasturlar efiri to‘liq to‘xtatilgan edi. Sirdaryo viloyatida 15 apreldan, Jizzaxda 15 maydan, Samarqandda 1 iyundan, Buxoro va Navoiyda 15 iyundan, Xorazmda 1 iyuldan to‘xtatilgan. 
    Hozirda faqat Qoraqalpog‘iston respublikasi (10 sentyabrgacha) hamda Qashqadaryo (5 dekabrgacha) va Surxondaryo (5 noyabrgacha) viloyatlarida analog televideniyeni ko‘rish imkoniyati saqlanib qolmoqda. ​ 
    Javlon Isayevning ta’kidlashicha, “raqamli teleeshittirishlarga o‘tish, analog teleeshittirishlar bosqichma-bosqich to‘xtatilishi to‘g‘risida 2017 yilning noyabr oyida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanib, aholiga SMS-xabarlar yuborildi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi qarorining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz televideniyesida kechayotgan texnik hamda texnologik o‘zgarishlar, buning afzalliklari, analog teleeshittirishlarni to‘xtatish jadvali, raqamli televideniye dasturlarini ko‘rish shartlari haqida ommaviy axborot vositalarida mutaxassislar intervyulari, videoroliklar, e’lonlar efirga uzatilmoqda”.

    Eslatib o‘tamiz, raqamli teledasturlar signallari raqamli qayta ishlanib, yangi tizimda -uzatilganligi bois eski rusumdagi televizorlar ushbu teledasturlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qila olmaydi. Buning uchun raqamli tyuner qurilmasini ulash talab etiladi. Shuningdek, telesignallarni qabul qiluvchi antenna qurilmasi qo‘lbola emas, standart antenna bo‘lishi lozim. Yangi ishlab chiqarilgan, zamonaviy televizorlar esa raqamli televideniye dasturlarini qabul qilish uchun qo‘shimcha qurilmalar talab etmaydi. Chunki bunday televizorlar ichiga maxsus tyuner o‘rnatilgan. Tomoshabin televizorida DVB-T2 standarti mavjudligini tekshirib ko‘rishi zarur. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlarga ushbu standartni qo‘llab-quvvatlovchi raqamli tyunerlar o‘rnatilgan. Unga qo‘shimcha ravishda oddiy antenna talab qilinadi.

    Mamlakatimizda nafaqat raqamli signalni qabul qilish, balki Smart-TV va IP-TV texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlovchi eng so‘nggi rusumdagi televizor modellari ishlab chiqarilmoqda. Eski televizor modellari sohiblari uchun maxsus “O‘zeltexsanoat” AK korxonalari tomonidan besh yil mobaynida 3 million dona raqamli televizion signallarni qabul qiluvchi moslama ishlab chiqariladi.

    Yurtimizda raqamli televideniyening ijtimoiy ochiq to‘plami shakllantirilgan. Uning tarkibiga “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Toshkent”, “Sport”, “Madaniyat va ma’rifat”, “Bolajon”, “Navo”, “Dunyo bo‘ylab”, “Kinoteatr”, “Oilaviy”, “Mahalla”, “O‘zbekiston 24” telekanallari va “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “O‘zbekiston 24” radiokanallari hamda “Zo‘r TV”, “Sevimli” (“Saravan TV”), “Uzreport”, “Futbol TV”, “MY5”, “Milliy” nodavlat telekanallari dasturlari kiritilgan. Mazkur telekanallar dasturlarini ko‘rish bepul.

    2018 yilning dekabr oyida so‘nggi analog uzatgichlar o‘chirilishi bilan O‘zbekiston raqamli televideniyega to‘liq o‘tgan davlatlar qatoriga qo‘shiladi.

    Ma’lumot o‘rnida: AT “Aloqabank” hamda “UzDigital TV” MChJ hamkorlikda maxsus iste’mol kreditini ishlab chiqqan bo‘lib, unga binoan raqamli TV yoki TV-tyunerlarni xarid qilishga boshlang‘ich to‘lovsiz 3 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatga mablag‘ beriladi. Kredit foizi – yillik 18 foizni tashkil etadi va eng kam ish haqining 40 barobarigacha miqdorda ajratiladi. Kreditni AT “Aloqabank” bo‘linmalarida rasmiylashtirish mumkin.
     

    Manba: Axborot xizmati