Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Vazirlik Hay'at kengashining yig'ilishi o'tkazildi
    03.07.2018

    Shu yilning 2 iyul kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxo'jaev raisligida vazirlik Hay'at kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda 2018 yilning I yarim yilligida axborot-kommunikatsyai texnologiyalarining rivojlanish holati, shuningdek sohaga xorijiy sarmoyalarning jalb etilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi sarhisob qilindi.

    Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 21 iyun kuni videoselektor yig'ilishi o'tkazilgani, unda sohalarda va hududlarda investitsion loyihalarning amalga oshirilishi, xorijiy sarmoyani jalb qilish va o'zlashtirish bo'yicha natijalar tahlil qilingani qayd etildi. Investitsion loyihalarni ishlab chiqish, ekspertiza xulosalarini berish, moliyalashtirish va amalga oshirish bo'yicha takliflar tayyorlash masalasi ko’tarildi.

    Hay'at yig'ilishida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar yurtimiz bo'ylab 690 km optik tolali aloqa tarmoqlari yotqizilgani, mobil operatorlarning 1004 ta baza stantsiyalari o'rnatilgani, ularning 483 tasi 3G hamda 4G LTE texnologiyasida xizmat ko'rsatishi qayd etildi. Ayni kunda yurtimiz bo'ylab 24,5 ming km optik tolali aloqa tarmoqlari o'tkazilgan, jami 20,994 ta baza stantsiya o'rnatilgan.

    Aytish joizki, vazirlik tashabbusi bilan sohaga sarmoya va sarmoyadorlarni jalb qilishga mo'ljallangan maxsus portal faoliyati tashkil qilmoqda. Unda mamlakatning AKT salohiyati, mavjud imkoniyat va qulayliklar, hukumat tomonidan berilgan imtiyozlar, istiqboldagi rejalar, xorijlik investorlarni qiziqtirishi mumkin bo'lgan investitsion muhit to'g'risida ma'lumot keltiriladi.

    Hay'at kun tartibiga ko'ra, sohaning joriy yil I yarim yilligida rivojlanish holati sarhisob qilindi. Unga ko'ra sohada xizmat ko'rsatish ko'lami o'tgan yilning shu davriga nisbatan 118,9% ga oshgan. Xalqaro internet kanallariga ulanish tezligi sekundiga 140,034 Gbit.ga etgan, ya'ni, 2018 yilning boshiga nisbatan 1,5 barobar oshgan (yil boshida 94,034 Gbit/s). Shuning bilan birga, operatorlar va provayderlar uchun xalqaro internet kanallariga ulanish narxi o'zgarishsiz qolgan – 1 Мbit/s uchun 244958 so'mni tashkil qilmoqda.

    Joriy yilning o'tgan davri mobaynida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 30 dan ziyod yangi elektron davlat xizmatlari joriy qilindi. Natijada, jami xizmatlar soni 101 tani tashkil qilmoqda. Yagona portal orqali shu davr ichida fuqarolar tomonidan xizmatlardan foydalanish yuzasidan 31 mingta ariza kelib tushgan. Davlat xizmatlaridan foydalanish yuzasidan jami arizalar soni 560 mingtani tashkil qilmoqda.

    2018 yilning aprelida jamoatchilik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan MENINGFIKRIM.UZ portali ishga tushirilgan edi. Bugungacha mazkur resursda 70 tadan ziyod petitsiyalar e'lon qilindi, 170 ta petitsiya qayta ishlash jarayonida. I yarim yillik natijalariga ko'ra, portalda 1000 tadan oshiq jamoaviy murojaatlar kelib tushgan, ularga 13 mingdan oshiq fikr-mulohazalar qoldirilgan.

    Shuningdek, shu yilning 1 fevralida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi yangi talqinda ishga tushirildi. U orqali 2 milliondan ziyod murojaatlar kelib tushgan, 1,9 mln (98%) murojaat ko'rib chiqilgan.

    Me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida O'zbekiston Respublikasining 13600 dan ziyod me'yoriy hujjatlarining loyihalari e'lon qilindi, ularga nisbatan fuqarolarning 2 428 dan oshiq taklif va fikrlari olindi. Birinchi yarim yillikda Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) Innovatsiya markaziga a'zo bo'lish istagini bildirgan kompaniyalardan 176 nafariga a'zolik maqomi berildi. Ularning soni bugungi kunda 319 taga etdi. Bu kompaniyalarda jami 2,6 ming nafar xodim mehnat qiladi.

    Hay'at yig'ilishida asosiy e'tibor joriy yilda amalga oshirish rejalashtirilgan vazifalarga qaratildi. Xususan:

    - xalqaro tajriba va rivojlanish tendentsiyalarini hisobga olgan holda 2018-2021 yillarda "elektron hukumat"ni rivojlantirish bo'yicha strategiyani ishlab chiqish;

    - MUIC a'zolari tomonidan ko'rsatilayotgan xizmatlar ulushini 2 hissa, eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmini 1,8 barobar oshirish;

    - Markaz a'zolariga yangi bozorlarga chiqish imkonini yaratish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

    - xalqaro internet kanallarining o'tkazuvchanligini 8-10 barobar oshirib, sekundiga 1 Tbit.ga etkazish;

    - xalqaro etakchi telehauslarga ulanish nuqtalarini tashkil qilish va turli yo'nalishlar bo'yicha yangi marshrutlarni bosqichma-bosqich tashkil qilish;

    - magistralnx telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish maqsadida mamlakat bo'ylab 2 ming km.lik optik tolali aloqa tarmoqlarini tortish;

    - pochta aloqasini rivojlantirish va yangi xizmatlarni joriy qilish yuzasidan hukumatning tegishli qarorini ishlab chiqish;

    Hay'at kengashining yig'ilishi natijalariga ko'ra, sohani istiqbolda rivojlantirish chora-tadbirlari o'rin olgan qaror qabul qilindi.

    Manba: Axborot xizmati