Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Andijon viloyatida bo‘lib, bir nechta IT markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi
    13.03.2023

    Hududda IT-ta’lim eko-tizimini rivojlantirish va istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov joriy yilning 10-11 mart kunlari Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

    Dastlab Andijon tumanida joylashgan Axborot texnologiyalari texnikumining ish faoliyati va mavjud shart-sharoitlari bilan tanishildi. Viloyat yoshlari orasida axborot texnologiyalari sohasiga qiziqish va e’tibor kuchliligi hamda viloyatning IT salohiyatini oshirish maqsadida mazkur texnikum binosi negizida kelgusida “zamonaviy IT oliygohi”ni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

    Shuningdek, amaliy tashrif doirasida vazir o‘rinbosari Marhamat tumanida bo‘lib, tumandan turib AQSHga masofaviy (BPO) xizmatlar ko‘rsatuvchi korxona va IT-Park rezidenti “ERSHI LOGISTICS” kompaniyasi ta’sischisi A. Jumaboyev, logistika markazlari uchun kadrlar tayyorlash va yoshlarga xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha katta tajribaga ega “Smart English Official” kompaniyasi asoschisi hamda tumandagi “O‘zbekiston pochtasi” AJ binosida tashkil etilgan “BPO-School” markazi rahbari A. Xusanovlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuv davomida mazkur kompaniyalarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, yosh xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar, hududdagi yoshlarni chet tiliga o‘qitish va raqamli ta’limga yo‘naltirish bo‘yicha muammo va takliflari o‘rganildi hamda kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, BPO-School markazini rivojlantirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

    Ma’lumot o‘rnida “Smart English Official” kompaniyasi hozirda AQSH va Erondan 2 nafar hamda Kanada davlatidan 1 nafar mutaxassislarni jalb etgan holda mashg‘ulotlarni tashkil etib kelmoqda. Ushbu markazda bugunga qadar 5000 dan ziyod o‘quvchiga turli yo‘nalishlarda bilim berishga erishilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 1000 nafar yoshlarga ta’lim berib kelinmoqda. “ERSHI LOGISTICS” kompaniyasi tomonidan hozirgi kunga qadar 60 dan ziyod yoshlar yuqori maoshli ish bilan ta’minlagan.

    Andijon shahar va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi aholi va yoshlar hamda davlat boshqaruv organlari xodimlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida bilim va ko‘nikmalarini oshirish, startap loyihalarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan va bugungi kunda faoliyat olib borayotgan “Raqamli texnologiyalari o‘quv markazlari” faoliyati o‘rganildi.

    Vazir o‘rinbosari amaliy tashrifni Andijon shahridagi “Wester school” o‘quv markazi faoliyati, u yerda yaratilgan sharoitlar, kelgusidagi rejalar, zamonaviy IT-kasblariga o‘rgatuvchi o‘quv kurslarini tashkil etish hamda IT-Park rezidenti maqomini olish masalalarini muhokama qilish bilan yakunladi.

    Manba: Axborot xizmati