Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekistonda gender raqamli tafovut: qisqartirish yo‘llari va usullari
    10.03.2023

    Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorlikda “O‘zbekistonda gender raqamli tafovut: qisqartirish yo‘llari va usullari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Suhbatda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Bandlik va kambag‘alikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yetakchi ayollari muloqoti platformasi, Gender adolat liderlari – volontyorlari, fuqarolik jamiyati va OAV vakillari ishtirok etdi.

    Har yili 8-mart sanasi butun dunyoda ayollar huquqlari harakatining markazi sifatida nishonlanib, gender tenglik, reproduktiv huquqlar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalalariga eʼtibor qaratiladi.

    Tadbir davomida “O‘zbekistonda gender raqamli tafovut”ni aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar natijalari ko‘rib chiqildi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikka ushbu tafovutni qisqartirish yo‘llari orqali erishish va amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar haqida muzokaralar olib borildi. Tadbir ishtirokchilarning ushbu mavzudagi salbiy gender stereotiplari bilan ham kurashish borasidagi taklif va tavsiyalari eshitildi.

    Bugun barchamiz texnologiyalar jadal rivojlanib, kundalik hayotimizning muhim qismiga aylanib borayotgan zamonda yashayapmiz. Biroq, dunyo aholisining deyarli yarmini tashkil qiluvchi ayollarning 37 % turli sabablarga ko‘ra internetdan foydalana olmaydi. Erkaklarga qaraganda 259 milliondan kamroq ayollar internetga kirish imkoniyatiga ega.

    Taʼkidlash lozimki, O‘zbekistondagi BMT TDning 2022-yilda o‘tkazgan “O‘zbekistonda gender raqamli tafovut”ni aniqlash bo‘yicha o‘rganishlari xotin-qizlarning raqamli ko‘nikmalari erkaklarnikidan qariyb 24% ortda qolishini tasdiqladi. 35 yoshdan oshgan ayollar 35 yoshdan kichik ayollarga qaraganda 10 % ga kam AKT sohasida malakaga ega. Ilg‘or raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ayollar 36%ga yuqori daromad olishadi. Shuningdek, oliy maʼlumotli ayollar oliy maʼlumotga ega bo’lmagan ayollarga qaraganda 46% ko‘proq raqamli ko‘nikmaga ega.

    Tadbir so‘nggida ishtirokchilar O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni qisqartirish orqali gender tenglikka erishish bo‘yicha yangi yondashuvlar, g‘oyalar va tashabbuslar yuzasidan fikr almashilib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Manba: Axborot xizmati