Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “ICTWEEK UZBEKISTAN - 2022” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi yakuni va natijalari
    02.11.2022

    Joriy yilning 24-27-oktabr kunlari Samarqand shahri “Silk Road Samarkand” majmuasida “ICTWEEK Uzbekistan – 2022” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi o‘tkazildi.

    AKT haftaligi doirasida 22 ta xalqaro tadbirlar o‘tkazilib, ularda jami 15 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

    “ICTWEEK UZBEKISTAN” SUMMIT

    Haftalikning mantiqiy ochilish marosimi bo‘lgan “ICTWEEK UZBEKISTAN” sammitida 708 nafar ishtirokchilar (shu jumladan, 20 dan ortiq vazirlik va idoralarning raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlari) hamda AQSH, Rossiya, XXR, Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.

    Sammit doirasida MDH davlatlarining xalqaro elektroaloqa ittifoqi (XEI), Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik (AS'HX) ijroiya qo‘mitasi, “Veon” kompaniyalari guruhi, “Meta” kompaniyasi va BMT vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

    Sammitda “Plug and Play”ning O‘zbekistondagi filialining ochilishi hamda startaplar uchun akseleratsiya dasturini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    “Digital Eurasia” forumi

    “Digital Eurasia” forumi o‘z ichiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining raqamli (elektron) hukumat, aqlli texnologiyalar (IoT), sun’iy intellekt, axborot va kiberxavfsizlik, virtual va to‘ldirilgan (AR/VR) hamda moliya texnologiyalari (Fintech) kabi yo‘nalishlarini qamrab oldi.

    Ushbu forum doirasida “Meta” (XR Lab), “Veon”, “Innotech”, “SAP”, “KPMG”, “Huawei”, “Beeline”, “Astana Hub” kabi 20 dan ortiq xalqaro kompaniyalarning ekspertlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etgan bo‘lib, 350 dan ortiq ishtirokchilarni jalb qildi.

    “IT-Education” forumi

    “IT-Education” Forumida 200 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan 30 nafar xorijiy ekspertlar qatnashdi. Tadbirda Estoniya, Koreya Respublikasi, AQSH, Belarus Respublikasi, Hindiston kabi davlatlarning vakillari va xorijiy ekspertlari ishtirokida panel muhokamalari, xalqaro IT-kompaniyalar (“EPAM”, “TalentService”, “EAST-GAMES”, “LEVERX Group”) hamda universitetlarning taqdimot va chiqishlari bo‘lib o‘tdi.

    Forum doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatovning “Coursera” kompaniyasi vakili bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va platformaning barcha kontentlaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi 10 ming dona litsenziyalarni olish hamda 3 ta yo‘nalishdagi onlayn kurslardan foydalanish imkoniyatini beruvchi 1,2 mln litsenziyalarni bepul olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Bundan tashqari, mazkur Forum doirasida Hindiston bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab “Acharya International University of Uzbekistan” universiteti faoliyatining rasmiy yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilindi.

    Turkiy davlatlar texnoparklarining panel muhokamasi

    Tadbir Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo-davlatlar texnoparklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ijrosi doirasida tashkil etilib, panel muhokamasida IT-park direktori F. Ibragimov (O‘zbekiston), “Astana Hub” bosh direktori M.Madiyev (Qozog‘iston), Qirg‘iziston dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari va xizmatlari uyushmasi bosh direktori A.Menashe (Qirg‘iziston), Moliyaviy Sabah laboratoriyasi direktori T. Ismoilov (Ozarbayjon), Future Laboratory bosh direktori I. Kashibadze (Gruziya) hamda Ernst & Young kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkazdagi texnologik konsalting amaliyoti direktori M. Vyatkin ishtirok etdi.

    Tadbirda IT-xizmatlarining eksport hajmini yanada oshirish, rezident kompaniyalar va startaplarni tashqi bozorlarga olib chiqishda hamkorlik va integratsiya masalalari muhokama qilindi.

    Tadbir yakunida texnoparklar o‘rtasida IT-xizmatlarini eksport qilish borasida tajriba almashish; AQSH IT-xizmatlari bozorida faoliyat yuritayotgan mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash; texnoparklarning tajriba almashish va a’zo-mamlakatlarga o‘zaro tizimli tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Aloqa sohasida hududiy hamdo‘stlik (AS'HH) aloqa ma’muriyati rahbarlari kengashining va AS'HH huzuridagi axborotlashtirish bo‘yicha MDHga a’zo-davlatlarning muvofiqlashtiruvchi kengashining 58/28-qo‘shma yig‘ilishi

    Mazkur yig‘ilishda AS'HHning to‘laqonli a’zolari, ya’ni Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi

    va Gruziya Aloqa ma’muriyatlari rahbarlaridan tashkil topgan delegatsiyalar hamda mazkur davlatlarning milliy aloqa operatorlari vakillari, shuningdek, Xalqaro elektraloqa ittifoqi, Butunjahon pochta ittifoqi, MDH Ijroiya qo‘mitasi va Davlatlarning parlamentlararo assambleyasiga a’zo-davlatlar kengashi kotibiyati vakillari ishtirok etdi.

    AS'HH Kengashi a’zolari MDH davlatlarida raqamli rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlari, “5G”ni joriy etish va rivojlantirish, IT-xablarni yaratishda va startap ekotizimlarini rivojlantirishda birgalikda hamkorlik qilish, aloqa tarmoqlarida firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha fikrlar bilan almashildi.

    Shu bilan birga, AS'HH tashkilotining tarixida birinchi bor AS'HHga a’zo-davlatlar Aloqa ma’muriyatlari rahbarlari Kengashining va MDHga a’zo-davlatlarning AS'HH huzuridagi Axborotlashtirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining raisi lavozimiga bir ovozdan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatovni 3 yil muddatga sayladi.

    Ma’lumot uchun: ASHH tashkil topgandan buyon 31 yil davomida AS'HHga a’zo-davlatlar Aloqa ma’muriyatlari rahbarlari Kengashining va MDHga a’zo-davlatlarning AS'HH huzuridagi Axborotlashtirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining raisi lavozimiga Rossiya Federatsiyasi Aloqa ma’muriyati rahbari saylanib kelingan.

    “IT-Village” majmuasining ochilish marosimi

    Samarqand viloyati Nurobod tumanida “IT-Village” majmuasining ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov hamda Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

    “IT-Village” majmuasi 60 ta ish joyiga mo‘ljallangan bo‘lib, 3 ta o‘quv xonasi, 8 o‘rinli turar joy, 15 kishilik konferens-zal, tibbiyot punkti, eko-kinoteatr mavjud.

    “IT-Village” majmuasi respublikaning chekka hududlarida IT infratuzilmasini tashkil etish, bolalarni IT-texnologiyalarga qiziqtirish va o‘qitish imkonini yaratish, shuningdek, xalqaro va mahalliy IT-tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish, AKT sohasidagi yangi yo‘nalish - IT-Turizmni rivojlantirishga qaratilgan.

    Haftalik doirasida mahalliy va xorijiy IT-kompaniyalar o‘rtasida qariyb 200 mln. AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi bitim va shartnomalar imzolandi. Jumladan:

    - Yaponiyaning “Toyota Tshusho Corporation” va “O‘zbektelekom” AK o‘rtasida respublikada telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha shartnoma (loyiha qiymati 150 mln AQSH dollari);

    - Xitoyning “Huawei” kompaniyasi tomonidan “Mobiuz” aloqa operatoriga 25,4 mln AQSH dollari miqdorida telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha bitim;

    - IT Park rezidenti – “Revotech” va AQSHning “Effika Corp.” kompaniyasi o‘rtasida 2023 yil uchun sug‘urta sohasida 20 mln AQSH dollarlik autsorsing xizmatlarini (BPO) ko‘rsatish bo‘yicha memorandum;

    - AQSHning “LATRO FZE” kompaniyasi bilan “O‘zTTBRM” DUK o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarida xalqaro ovozli trafikni o‘tkazish tartibi buzilishiga qarshi harakat qilish tizimini joriy etish bo‘yicha memorandum (loyiha qiymati 2,0 mln. AQSH dollari);

    - Koreya intellektual sanoat uyushmasi (KOIIA) tomonidan Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash uchun ilg‘or "Big Data" va "BI" dasturiy mahsulotidan foydalanish bo‘yicha sertifikatlar taqdim etish bo‘yicha bitim (loyiha qiymati 1,65 mln AQSH dollari);

    - Xitoyning “ZTE” kompaniyasi tomonidan masofaviy xizmatlar eksporti (BPO) markazlarini zarur texnika va uskunalar bilan jihozlashga moddiy ko‘maklashish bo‘yicha bitim (loyiha qiymati 100 ming AQSH dollari);

    - Xitoyning “Huawei” kompaniyasi va IT Park hamkorligida Termiz va Namangan shaharlarida 2 ta masofaviy xizmatlar eksporti (BPO) markazlarini tashkil etish bo‘yicha bitim (loyiha qiymati 100 ming AQSH dollari).

    Manba: Axborot xizmati