Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan qutlaydi
    21.10.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi butun o‘zbek xalqini, shu jumladan, dunyoning boshqa mamlakatlarida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarni “21-oktabr – O‘zbek tili bayrami” kuni” kuni bilan tabriklaydi.

    Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.

    Mamlakatimizda ona tilimizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yuzasidan Davlat dasturi mavjud bo‘lib, uning ijrosini ta’minlashdek ustuvor vazifalarni bajarish tom ma’noda kundalik hayotimizning dasturilamaliga aylangan.

    Ona tili – millatning ruhidir. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, “Oʻzbek tili oʻzbek xalqining maʼnaviy mulkidir” deya ta’kidlanishi jamoatchilikning gʻururiga gʻurur qoʻshdi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

    Til millatning buyuk boyligi, xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’alari unda mujassam bo‘ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz kerak.

    Navoiy bobomiz “Tilga eʼtiborni-elga eʼtibor” deya baholaganlar. Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish bo‘yicha saʼy -harakatlar amalga oshirilmoqda. Barcha matbuotda va ommaviy axborot vositalarida olimlar, shoirlar, adiblar, madaniyat sohasi vakillarining davlat tiliga oid mazmunli chiqishlarining guvohi bo‘lyapmiz.

    Shu o‘rinda hozirgi kunda yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lib, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga egaligi, o‘zbek tili ham ana shu tillar orasida ekanligi, ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Hozirgi kunga kelib, yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar 50 milliondan oshadi.

    O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 65 dan ortiq universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda.

    Hozirgi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.

    O‘zbek tili - milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i hisoblanib, ushbu bayramning mamlakatimiz miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

    Aziz yurtdoshlar!

    Sizlarni va butun xalqimizni o‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga fayz-u baraka, baxt-u saodat tilaymiz.

    Manba: Axborot xizmati