Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • AKT vaziri raqamli transformatsiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar bilan tanishish maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga tashrif buyurdi
    13.10.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov raqamli texnologiyalar va AKT sohasida erishilgan yutuqlar, shuningdek, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ijrosi bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. 

    Dastlabki manzil “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bo‘ldi.

    Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda.

    Tashrif davomida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda raqamli transformatsiya qilish ishlarining borishi, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida suhbatlashildi. 

    Kombinat boshqarmasida delegatsiya a’zolari ishtirokida NKMKda ishlab chiqarishni raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda kombinatning mas’ul rahbar va mutaxassislari bu borada olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

    Jumladan, Kombinat mutaxassislari tomonidan transport boshqaruvi, ishlab chiqarish, moliya, kadrlar, moddiy-texnika ta’minoti, korxonaning energiya resurslarini nazorat qilish, rejali ta’mirlashni boshqarish, buxgalteriya hisobi kabi yo‘nalishlarda 200 ga yaqin ishlab chiqarish va boshqarish vazifalarini bajaradigan 20 dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilgan.

    Shu bilan birga, geologik qidiruv ma’lumotlarining elektron bazasini yaratish, konlarning geologik tuzilishini xaritalash, konlarning yon bag‘irlari deformatsiyasini oldindan aniqlash, zaxiralarni hisoblash va konchilik ishlarining 3D-modellarini loyihalashtirish uchun kon-geologik axborot tizimlari joriy etilgan.

    Shundan so‘ng AKT vazirligidan iborat delegatsiya a’zolaring navbatdagi manzili 2- va 5-Gidrometallurgiya zavodi Texnik jarayonlarni avtomatik boshqarish markazlari bo‘ldi. 

     “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida 2020-2022-yillarda korxona tizilmalarini raqamli transformatsiya qilish dasturida tasdiqlangan loyihalariga muvofiq, 2-gidrometallurgiya zavodining “B” blogi hamda 5-gidrometallurgiya va 7-gidrometallurgiya zavodlarini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini qo‘llagan holda raqamlashtirishning bosqichma-bosqich tadbiq etilishi ish unumdorligini yanada oshirgani ta’kidlandi.

    O‘z navbatida, zavodlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, jarayonlarning uzluksizligi va barqarorligini ta’minlash maqsadida simli va mobil aloqani ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, barcha jarayonni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimiga o‘tkazilgani iqtisodiy foyda keltirish bilan birga, ishchilar uchun qator qulayliklar ham yaratayotgani aytib o‘tildi. 

    Avtomobil transporti boshqarmasida bo‘lgan vazirlik delegatsiyasi a’zolariga raqamli tizimlar, “Muruntov” va “Dovgiztov” karyeri namoyish qilindi. 

    Hozirgi kunda “Muruntov” konida dunyoda noyob bo‘lgan tik qiyali “KNK-270” konveyerning ishga tushirilishi iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bermoqda. Konda ishlayotgan transport vositalariga “GPS” qurilmasining o‘rnatilishi natijasida ularning harakati sun’iy yo‘ldosh orqali nazorat qilinmoqda.

    O‘z navbatida, “Dovgiztov” konida 2021-yilda ma’dan qazib chiqarish bo‘yicha rekord natija qayd etildi. Ya’ni “Dovgiztov” va “Mag‘ribkon” karyerlaridan 33 million kub metrdan ortiq kon ma’dani qazib olingan. Ushbu konda ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

    Hozirda barcha bo‘linmalarda texnik matematik hisoblashlarni amalga oshirish uchun dasturiy ta’minot yaratilgan. Jumladan, yiliga 5 million tonna sulfidli va oksidli ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega 5-gidrometallurgiya zavodida ishlab chiqarish to‘liq raqamlashtirilgan.

    AKT vaziri Sh. Shermatov transport boshqarmalari va konlarda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari va loyihalari bilan yaqindan tanishib, ularni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini berib o‘tdi.

    Yer osti ma’danlarini qazib olishda, metallurgiya zavodlari, yirik energiya va transport tizimlari, rivojlangan infratuzilma va ijtimoiy soha obyektlarida iqtisodiy raqamlashtirishning o‘rnini yanada sifatli tashkil etishga kelishib olindi.

    Manba: Axborot xizmati