Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida raqamlashtirish sohasidagi ishlarni yanada samaraliroq amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik vazifalari belgilandi
    07.10.2022

    Bugun, 7-oktabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdi.

    Tashrif buyurishidan asosiy maqsad – AKT sohasi xodimlari tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga yordam berish va raqamlashtirish sohasida hamkorlikni yanada oshirishdan iborat.

    AKT vaziri Sh. Shermatov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida axborot texnologiyalari va raqamlashtirishni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishilib, ularni yanada samaraliroq amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik vazifalari belgilab olindi.

    Bugungi kunda, 2022-2026 yillarda kombinatni raqamli transformatsiya qilish “yo‘l xaritasi”ga muvofiq joriy yilga mo‘ljallangan 60 ta loyihadan 35 tasi bo‘yicha ishlar yakunlandi.

    Shuningdek, “Directum RX” elektron hujjat almashinuv tizimi joriy etildi. Bu O‘zbekiston Prezidenti va Hukumat qarorlari ijrosini onlayn nazorat qilish, boshqaruv jarayonida qog‘oz hujjatlar bilan ishlashni keskin qisqartirish imkonini berdi. Tizimda 60 dan ortiq hujjat turlari raqamlashtirilib, qog‘oz hujjatlar aylanishi 70 foizga qisqartirildi.

    Tashrif davomida “Xaridlar va ombor yuritish” elektron tizimi joriy yil iyul oyida ishga tushirilgani, natijada ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xomashyo, uskuna va ehtiyot qismlarga yillik buyurtmalarni real shakllantirish 25 foizga optimallashtirildi va omborlarda qolgan tovar moddiy boyliklarni 15 foizgacha (260 mlrd.) kamaytirib, unga ketadigan moliyaviy mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish imkoniyati yaratilgani ta'kidlandi.

    Texnologik transport boshqarmasida bo‘lgan AKT vazirligi ishchi guruhiga transport sohasida joriy etilgan raqamlashtirishning samaradorligi haqida to‘liq ma'lumot berildi. Hozirda yonilg‘i-moylash materiallari nazorati tizimida avtotransportga yoqilg‘i quyishga ID karta orqali ruxsat berish, kunlik limitlarni monitoring qilish hamda hisobotlarni elektron formatda yuritish ishlari yakuniga yetkazildi. Natijada yonilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish vaqti 2 barobarga kamaydi va shaffofligi ta’minlanib, joriy yilning 8 oyida 9350 tonnadan ziyod yonilg‘i (117 mlrd so‘m) iqtisod qilindi.

    Shuningdek, “SIEMENS” va “SAP” (Germaniya), “AVEVA” va “Datamine” (Buyuk Britaniya), “Schneider Electric” (Fransiya) va boshqa xalqaro kompaniyalar bilan imzolangan 10 ta anglashuv memorandumlari doirasida xorijiy kompaniyalar raqamlashtirish sohasidagi tajribasi o‘rganilib, kombinatni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha qator ustuvor loyihalar belgilab olingani aytib o‘tildi.

    Ishchi guruhning navbatdagi manzili Mis boyitish fabrikasi bo‘ldi. Mis boyitish fabrikasida “PI System” (Plant Information System) tizimi joriy etilib, texnologik jarayondagi ma'lumotlarni konsolidatsiya va vizualizatsiya qilish hamda qurilmalarni 10 mingdan ortiq teglar orqali onlayn nazorat qilish hisobiga tezkor qaror qabul qilish vaqti 2 barobarga qisqarib, uskunalarning samaradorligi 5 foizga oshirilgani to‘g‘risidagi ma'lumotlar mehmonlarga ma'lum qilindi.

    Shundan so‘ng, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig'i A. Abdullayev, Kiberxavsizlik markazi direktori O. Mirzayev hamda OKMK rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

    Unda OKMK boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Azizov kombinatda amalga oshirilayotgan “Raqamli OKMK” konsepsiyasi doirasidagi ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

    O‘z navbatida, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ochiq kon va yer osti ma’danlarini qazib olishda, shuningdek, oltin saralash fabrikalari, metallurgiya zavodlari, yirik energiya va transport tizimlari, rivojlangan infratuzilma va ijtimoiy soha obyektlarida iqtisodiy raqamlashtirishning o‘rnini yanada yaxshilashga kelishib olindi.

    Manba: Axborot xizmati