Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi
    28.09.2022

    28-sentabr – Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligida gibrid formatda tashkil etilgan “Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda YUNЕSKO hamkorligida Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuniga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi.

    Ikki kun davom etаdigan nufuzli tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri, O‘zbekistonning YUNЕSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoatchilik fondi direktori Nozima Davletova, YUNЕSKOning kommunikatsiya va axborot masalalari bo‘yicha Bosh direktori yordamchisi janob Taufik Jelassi ochib berishdi. Shuningdek, “Ochiq hukumat” hamkorlik tashkiloti Bosh ijrochi direktori Sanjay Pradxanning ishtirokchilar uchun videomurojaati taqdim etildi.

    Xalqaro konferensiyaning birinchi kunida “Ma’lumotga ega va vakolatli fuqarolar uchun raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda 2030-yilga qadar barqaror rivojlanish sohasida kun tartibida belgilangan maqsadlarga erishishda, bilim va tajriba almashishda qulaylik yaratish uchun sheriklik hamda xalqaro munosabatlardan keng va unumli foydalanish usullari ko‘rib chiqildi.

    Xalqaro tadbir bir nechta sho‘bani o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularda axborot olish erkinligi sohasidagi eng dolzarb mavzular muhokama qilindi. Jumladan:

    – Axborotdan erkin foydalanishga inklyuziv yondashuvni ilgari surishda elektron boshqaruv va sun’iy intellektning roli;

    – Maqsadlar shaffofligi: raqamli texnologiyalar davrida ishtirok etish va hisobdorlikni qanday ta’minlash mumkin?

    – Axborot olish to‘g‘risidagi qonun va uni amalga oshirish sohasidagi muvaffaqiyatlar va hokazo yo‘nalishlarda mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘zaro fikr va tajriba almashishdi.

    Shuningdek, tadbir doirasida Ijtimoiy mulk hisoblangan davlat ma’lumotlarini rivojlantirish va targ‘ib qilish siyosatining yangilangan yo‘riqnomasi tamoyillari; Shaffoflik, innovatsiya va elektron boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yo‘riqnoma tamoyillari hamda Axborotdan erkin foydalanish bo‘yicha onlayn-trening taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi.

    Xalqaro konferensiyaning birinchi kunida BMTga a’zo davlatlarning axborot olishdagi asosiy huquqlarni tan olish va hurmat qilish majburiyatlarini belgilashda mezon bo‘luvchi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Ma’lumot uchun: mazkur xalqaro konferensiya O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga hamda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan.

    Manba: Axborot xizmati