Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Navoiyda ilk BPO-markazi o‘z faoliyatini boshladi
    30.08.2022

    O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 22-avgustdagi “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan respublikaning barcha hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali masofaviy xizmatlarni eksport qilish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etish belgilab berilgan.

    Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va samarali tashkil etish maqsadida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida yangi BPO-markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi, IT Park viloyat vakillari, tuman hokimligi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi hamda Qiziltepa tuman hokimligi ko‘magida “TRANS LOGISTICS BO‘STON” MCHJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan markaz xorijiy bozorga logistika xizmatlarini taqdim etadi.

    Mazkur yangi muassasa Qiziltepa tumanidagi “Coworking” binosida joylashgan bo‘lib, Navoiy viloyatida ochilgan ilk BPO-markazi hisoblanadi. Ushbu markazda 4 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, faoliyatini yanada kengaytirish natijasida ish o‘rinlari sonini yil yakuniga qadar 20 taga yetkazish rejalashtirilgan.

    Eslatib o‘tamiz, markazning asosiy maqsadi – yoshlar bandligini ta’minlash, xorijiy kompaniyalar bilan ishlash imkoniyatini yaratish va IT-xizmatlari eksportini oshirishdan iborat.

    Manba: Axborot xizmati