Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi negizida Toshkent Puchon universitetining Axborot texnologiyalari fakultetini tashkil etish bo'yicha memorandum imzolandi
    18.08.2022

    Bugun, 18-avgust kuni kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning Puchon universiteti rektori Xan Jong Sok bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda ta’lim, AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikrlar almashildi. Jumladan, AKT vazirligi bilan hamkorlik qilgan holda ta’lim sifatini ta’minlash, yuqori malakali IT mutaxassislarni tayyorlash, korxona va tashkilotlar bilan universitet o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Janubiy Koreyaning Puchon universiteti va Toshkent Puchon universiteti rahbariyati bilan Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi negizida Toshkent Puchon universitetining Axborot texnologiyalari fakulteti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. 

    Uchrashuv davomida IT kadrlarni tayyorlashda koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda ish olib borish, ularni O‘zbekistonga jalb etish, IT autsorsing yo‘nalishini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

    Ma’lumot uchun:

    Toshkent shahridagi Puchon universiteti Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi 3821-sonli Farmoniga asosan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) tashabbusi bilan tashkil etilgan.

    Universitetda ta’lim olish Puchon universitetining (Koreya Respublikasi) oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq Oʻzbekiston qonunchiligi talablarini inobatga olgan holda oʻzbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi.

    Manba: Axborot xizmati