Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi butun O‘zbekiston aholisini Qurbon hayiti bilan muborakbod etadi
    08.07.2022

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi barcha yurtdoshlarimizni insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik bayrami - Qurbon hayiti bilan samimiy qutlaydi.

    Bugungi kunda butun jahonda kechayotgan murakkab vaziyatda odamlar ko‘nglini ko‘tarish, ular haqida g‘amxo‘rlik qilish, keksalarga, muhtojlarga e’tibor ko‘rsatish, muhtoj oilalarning ahvolidan boxabar bo‘lish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda hamda ibratli sa’y-harakatlar ko‘lami tobora kengayib borayotgani e’tiborlidir.

    Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning farovon hayoti, jondan aziz farzandlarimizning baxt-u iqbolini ta’minlash yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz, jumladan, diniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dunyo hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

    Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yil 1-iyul kuni “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi mamlakatimizda mehr-oqibat, saxovat, hamjihatlik, odamiylik muhiti yanada mustahkamlanayotganligi, mudom bardavom bo‘lib kelayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

    Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, mana shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

    Bugun yurtimizda mazkur ayyomning xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, saxovat va hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini e’tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida odamlarning muborak ayyomni nishonlashi uchun yetarli imkoniyatlar yaratilmoqda.

    Barcha ezgu amallar ijobati xolis niyatlarimizga bog‘liqligini unutmagan holda, dinu diyonatimiz va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirsak, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga, albatta, yetamiz.

    Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat bo‘lsin!

    Xonadonlarimizda fayz-u baraka va osoyishtalik ziyoda bo‘lsin!

    Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yanada mustahkam va barqaror bo‘lsin!

    Muqaddas ayyom – Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

    Manba: Axborot xizmati