Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • “Estoniyaning elektron hukumat raqamli arxitekturasi – modeldan to amalga oshirishgacha” mavzusidagi o‘quv seminar bo‘lib o‘tmoqda
    07.06.2022

    Joriy yilning 7-9-iyun kunlari Toshkent shahrida Estoniyaning yetakchi IT ekspertlari ishtirokida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining AKT mutaxassislari hamda axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun “Estoniyaning elektron hukumat raqamli arxitekturasi – modeldan to amalga oshirishgacha” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda.

    O‘quv seminari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasi (eGA) hamkorligida 2021 yilda imzolangan ikki tomonlama memorandum doirasida tashkil etildi.

    Tomonlar davlat xizmatchilarining elektron hukumat platformalarini hamda aholi va biznes uchun raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini mustahkamlashda bir-biri bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, estoniyalik hamkorlar “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va raqamlashtirish sohasidagi boshqa islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ekspert yordami hamda o‘z tajriba va bilimlari bilan bo‘lishadilar.

    O‘quv seminari davomida ishtirokchilar Estoniyaning raqamli transformasiya va elektron hukumatni qurish tajribasi bilan tanishdilar. Xususan, estoniyalik ekspertlar X-Road ma’lumotlar almashish uchun namunaviy yechimdan foydalangan holda elektron hukumat arxitekturasini yaratish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, uning ishlash tamoyillari, platformada bajariladigan operasiyalar tafsilotlari, foydalanilgan komponentlar va protokollar haqida gapirib berishdi. X-Road tizimida axborot xavfsizligini ta’minlash uchun foydalaniladigan modellar va funksiyalarni birgalikda ko‘rib chiqdilar.

    Akademiya haqida

    Elektron boshqaruv akademiyasi (eGA) 2002 yilda Estoniya hukumati, Ochiq jamiyat instituti (OSI) va BMTTDning qo‘shma tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, notijorat tahliliy markazi va konsalting tashkiloti hisoblanadi. Akademiya davlat sektori va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga raqamli transformasiyaga erishishda yordam beradi. Buni elektron hukumat sohasida konsalting, trening, tarmoq, tadqiqot va texnik yechimlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish orqali amalga oshiradi. eGA hozirda 132 mamlakat va mintaqalarda 230 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

    Ma’lumot uchun: BMT tomonidan har ikki yilda e’lon qilinadigan elektron hukumatni rivojlantirish reytingida Estoniya hozirda kunda dunyoda 3-o‘rinni egallab turibdi.

     

    Manba: Axborot xizmati