Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Elektron hukumat: Farovon jamiyat, qudratli davlat sari dadil qadam
    06.06.2022

    2022-yil 4-iyun kuni “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 111-sonida “Elektron hukumat: Farovon jamiyat, qudratli davlat sari dadil qadam” nomli maqola chop etildi.

    Maqolada raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatishda yangicha tizim afzalliklari va boshqalar haqida so‘z yuritilgan.

     

    Aziz Muhitdinov, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori:

    Zamonaviy dunyo tajribasidan ma’lumki, rivojlanishning yuksak cho‘qqisiga intilayotgan har bir davlat, avvalo, jamiyatning barcha sohalarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashi zarur. Bu borada ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar yutuqlarini barcha sohalarga tatbiq etish, tarmoqlarni raqamlashtirish, elektron hukumat tizimini joriy etish muhim vazifadir.

    Sir emas, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda dunyoning qator davlatlari salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Buni “aqlli shahar”, “kelajak shahri”, “XXI asr mo‘’jizasi” degan ta’rifga sazovor bo‘lgan mamlakatlar misolida yaqqol ko‘rib turibmiz.

    O‘zbekistonda ham barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida taraqqiyotga poydevor bo‘ladigan ana shunday muhim vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada dastavval “Elektron hukumat” tizimini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy asoslar shakllantirildi va uzluksiz takomillashtirilyapti. Qolaversa, ko‘plab soha va tarmoqlarni raqamlashtirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida O‘zbekistonning bir qator reytinglardagi ko‘rsatkichi tobora yaxshilanib boryapti.

    Bu jabhadagi ishlarni yanada takomillashtirish, elektron hukumatni joriy etish Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham ustuvor maqsad etib belgilangan. Xususan, Taraqqiyot strategiyasi birinchi yo‘nalishining 9-maqsadi aynan “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etishga qaratilgan. Ayni paytda ushbu yo‘nalishda barcha soha va tarmoqlarda izchil ishlar boshlangan.

    Aytish kerakki, Prezidentimizning 2021 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur qarorda Markazimizning faoliyat yo‘nalishlari ham aniq belgilab berildi.

    RAQAMLI RIVOJLANISHNING USTUVOR YO‘NALISHLARI

    Birinchidan, elektron hukumatni rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash. Ya’ni elektron hukumat axborot tizimlari o‘zaro hamkorlikda ishlashi uchun ularni yagona texnologik yondashuv asosida joriy qilish kerak.

    Bu borada Markazimiz har bir axborot tizimi ishlab chiqilishidan oldin texnik hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazib, o‘zaro integratsiyasi, bir xil markaziy ma’lumotlardan, yagona identifikatsiya tizimlaridan foydalanish, ular orqali elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga e’tibor qaratmoqda.

    Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish.

    Markazimiz har bir davlat organi va tashkilotida raqamli rivojlanish darajasini reyting asosida baholab boradi va yaxshi – “yashil”, o‘rta – “sariq” va yomon — “qizil” ro‘yxatlarga ajratadi. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarini “yashil” ro‘yxatga o‘tkazish maqsadida ustuvor yo‘nalishlar aks etgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

    Solishtirish uchun: 2021-yil boshida 21 ta davlat organi va tashkiloti “yashil” ro‘yxatda bo‘lgan, bugungi kunga kelib ular soni 66 taga yetdi, ya’ni 3 barobarga oshdi. Lekin shu bilan birga hali 29 ta davlat organi va tashkiloti “sariq” va “qizil” ro‘yxatlarda turibdi.

    Uchinchidan, elektron hukumat sohasidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish.

    Amalga oshiriladigan elektron hukumat sohasidagi loyihalar va dasturlar har bir davlat organi va tashkiloti raqamli rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilangan. Ularni amalga oshirish bosqichlari muntazam nazorat qilib boriladi va muvofiqlashtiriladi. Bu borada “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2 mingdan ortiq loyiha doimiy nazoratimizda.

    Shuningdek, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi aholiga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida ham muhim ishlarni bajarmoqda. Jumladan, my.gov.uz (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) hamda “Litsenziya” axborot tizimi orqali 330 ga yaqin xizmatni onlayn shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi – 142 foiz). Yil yakuniga qadar yana 60 ta elektron davlat xizmati joriy qilinadi va barchasining to‘lov jarayoni Yagona billing tizimiga ulanadi.

    Bugungi kunda mazkur portalda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 1 million 600 mingdan oshgan.

    Ularning portal xizmatlaridan foydalanishi yil boshidan buyon jami 4 milliondan ortgan (o‘tgan yilga nisbatan 204 foiz o‘sgan). Natijada aholining 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i iqtisod qilinishiga erishildi. Endi 34 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlarni elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yilgani hisobiga aholining oyiga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m (bir yilda 16,8 milliard so‘m) mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Yagona portalning mobil ilovasida esa, aholi va yuridik shaxslarga 111 turdagi elektron davlat xizmatlari taqdim etilmoqda.

    E’tiborli jihati: elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish maqsadida barcha hududlarda IT-parklar tashkil etish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutuvchi loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aynan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini raqamlashtirish bo‘yicha jami 444 ta loyiha ijrosi belgilangan. Hozirgi kunda ushbu loyihalarning 290 tasi bajarildi, 154 ta loyiha bo‘yicha ishlar davom etyapti.

    Hududlar va 29 ta namunaviy tumanni raqamlashtirish bo‘yicha 2022-yil yakuniga qadar 1644 ta loyihani amalga oshirish topshirilgan bo‘lsa, shu kunga qadar ulardan 1416 tasi tatbiq etildi va 228 tasi bajarilmoqda.

    DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISHDA YANGICHA TIZIM AFZALLIGI

    Aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda adolat va shaffoflikka erishish uchun barcha tarmoqlar raqamlashtirila boshlandi. Masalan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini joriy etish ortidan ijtimoiy nafaqa tayinlashda fuqarolardan 11 turdan ortiq turli hujjatlarni talab qilish bekor qilindi va bu turdagi moddiy yordam puli 1,5 milliondan ziyod oilaga avtomatlashtirilgan tarzda ajratildi.

    “Raqamli bojxona” loyihasi orqali esa, bojxona rasmiylashtiruvida inson omilini keskin qisqartirishga e’tibor qaratildi. Xususan, 7 ta hududdagi (Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryo, Toshkent, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax) tovarlar rasmiylashtiruvi masofadan o‘tkazilib, byudjetga undirilgan to‘lovlar 52 foizga va deklaratsiyalar soni 17 foizga ortdi.

    Bojxona postlarida huquqbuzarlik xavfini aniqlash tizimi takomillashtirilishi natijasida eksport tovarlarini avtomatik rasmiylashtirish 14 barobarga oshdi. Import tovarlari ko‘rigida huquqbuzarliklarni aniqlash samarasi 2,1 barobarga, ushlab qolingan noqonuniy tovarlar qiymati 55 foizga ko‘paydi. Respublika bojxona postlariga 7 mingdan ortiq nazorat-o‘lchov moslamasi o‘rnatilishi hisobiga 2-3 kungacha davom etadigan bojxona tekshiruvlari vaqtini 10-15 daqiqagacha qisqartirishga erishildi.

    Aholi hayoti farovonligini o‘ylab yo‘lga qo‘yilgan loyihalardan biri – raqamlashgan “Tez tibbiy yordam” tizimi bo‘lib, u ham o‘zini deyarli oqladi. Shifokorlarning chaqiruv joyiga yetib kelishgacha bo‘lgan vaqt 2 barobarga qisqardi. Avvallari murojaat maxsus guruhga 30 daqiqada yetkazilgan bo‘lsa, hozir 1 daqiqani tashkil etyapti. Ma’lumotlar qaytadan yozib olinmay, tizimga kiritilgani to‘g‘ridan to‘g‘ri planshetga yo‘naltirilyapti. Natijada ishchi guruhi planshet orqali ham murojaatchi haqidagi ma’lumotlarni, ham xaritadagi manzilni ko‘ra oladi.

    Yanada qulay tomoni tez yordam mashinalari manzilga ildamroq yetib borishi uchun ularga o‘rnatilgan GPS texnologiyasi va datchiklar qaysi ko‘chada tirbandlik bor-yo‘qligini aniqlab, eng optimal yo‘lni belgilab beradi. Faoliyat avtomatlashtirilishi hisobiga jarayonlar qisqardi, kerak bo‘lmagan bosqichlar olib tashlandi. Operatorlarga, brigada feldsherlari hamda shifokorlarga juda katta qulayliklar yaratildi. Eng muhimi, aholiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga erishildi. Ya’ni tezkor yo‘lga chiqqan guruh yangi texnologiyalar sharofati bilan “Eng qimmatli birinchi soat”da bemorlarga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lyapti.

    Zamonaviy texnologiyalar va elektronlashtirish tufayli bugun tez tibbiy yordamga keltirilgan dorilar hisoboti, ularning taqsimoti, sarflanishi, har bir brigada sumkasida nimalar borligi, to‘liq ta’minlanganlik darajasi – hamma-hammasini nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Bu o‘z-o‘zidan “103” xodimlari – hisobchilar, statistika bo‘limi, rahbariyat, dorixona, omborxona mutaxassislari hamda operatorlarga ham juda katta qulayliklar olib keldi. Hozircha Toshkent shahrida yaxshi natija ko‘rsatayotgan ushbu loyihani bosqichma-bosqich respublikamiz bo‘ylab joriy etish ko‘zda tutilgan.

    Respublikadagi umumta’lim maktablarida joriy etilgan “Elektron kundalik” tizimi har chorakda o‘qituvchilarning 20 soatgacha vaqtini tejayapti. Qog‘oz ko‘rinishidagi kundalik va jurnallarning bekor qilinishi hisobiga yiliga 4,5 milliard so‘mgacha byudjet mablag‘lari iqtisod qilinishi ko‘zlanyapti.

    “E-XSUD” tizimi orqali sudlar faoliyatini raqamlashtirish tufayli soha xodimlarining ish vaqti 7 baravargacha qisqarishiga hamda qog‘oz iqtisod qilinishi ortidan yiliga davlat byudjetiga 10,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejalishiga erishildi.

    Raqamli texnologiyalar ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish ham o‘z samarasini bermoqda. Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida avtomatlashgan boshqaruv tizimi ishga tushirilishi natijasida ish unumdorligi oshib, quvvat sarfini kamaytirishga muvaffaq bo‘lindi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatida texnologik hamda xizmat transporti vositalariga GPS nazorat tizimi o‘rnatilishi hisobiga yoqilg‘i-moylash materiallarini tejash, harajatlarni iqtisod qilish, ish unumdorligini oshirishga erishilyapti.

    XORIJDA TURIB HAM ELEKTRON RAQAMLI IMZO OLISH MUMKIN

    Bugun elektron hukumatning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan Yagona portal, ya’ni my.gov.uz orqali davlat xizmatlarini elektron ko‘rinishda taqdim etish tizimi nafaqat fuqarolarimizning vaqti va mablag‘ini tejashga, balki davlat organlari faoliyatini ham tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2021 yil 1 noyabrdan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga va I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga my.gov.uz xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari uchun 50 foiz chegirma yo‘lga qo‘yildi. Bunda fuqarolardan avvalgidek turli qo‘shimcha ma’lumotnoma va hujjatlar talab etilmaydi, portalning o‘zida mazkur toifaga kiritilgan shaxslar avtomatik aniqlanadi.

    Bundan tashqari, Yagona portalda 2021-yil 1-oktyabrda joriy qilingan “Avtotransport oynalari tusini qoraytirishga ruxsatnoma olish”, xalq tilida “tonirovka” xizmatidan o‘tgan davr mobaynida 220 mingdan ortiq talabgor foydalangan. Ushbu xizmat to‘liq avtomatlashgan bo‘lib, aholidan hech qanday hujjat talab etilmaydi. Asosiysi, to‘lov amalga oshirilgan zahoti ruxsatnoma shakllanadi. Oldinlari bu ruxsatnomani olish uchun odamlar Yo‘l harakati xavfsizligi tuman bo‘limlariga borishi, soatlab navbatda turishi, turli hujjatlarni to‘ldirishi kerak bo‘lgan.

    Ijro bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish va to‘lash xizmati yo‘lga qo‘yilishi aholi uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Endilikda fuqaro ijro hujjatlari bo‘yicha o‘zining qarzdorligi haqida elektron tarzda batafsil ma’lumot olishi va to‘lovni to‘lashi mumkin. Bu xizmat, ayniqsa, xorijga ko‘p qatnaydiganlar uchun qulay. Shuningdek, 7 turdagi nafaqalarni tayinlash (yoshga doir, boquvchisini yo‘qotganlik, nogironlik nafaqaci va boshqalar) xizmatida ham fuqarodan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.

    Respublikamizning chekka hududlarida yashovchi aholimizni o‘ylab, ularga yaqin pochta bog‘lamalarida 30 dan ortiq eng ommabop xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Xorijdagi fuqarolarimiz esa diplomatik vakolatxonalar tomonidan 7 turdagi elektron davlat xizmatlarini, xususan, elektron raqamli imzo ham olishi mumkin.

    DAVLAT XIZMATLARI FUQAROLAR BILAN BIRGA

    Aholi duch kelayotgan muammolarni o‘rganish asnosida Yagona portalda 2022-yili yana 60 dan ortiq yangi xizmatni joriy etish ko‘zda tutilgan. Bular avtomobil tarixi ma’lumotini olish, avtotransportga taqiq mavjudligini aniqlash va boshqalar. Rejaga, shuningdek, 50 dan ortiq elektron xizmatlarni soddalashtirish, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabini bekor qilish ham kiritilgan.

    Istiqbolli loyihalardan eng muhimi sifatida “Davlat xizmatlari fuqarolar uchun” tamoyilidan “Davlat xizmatlari fuqarolar bilan birga” tamoyiliga o‘tish orqali aholiga muayyan vaziyatda kerakli xizmatdan foydalanishni taklif qilishni nazarda tutuvchi proaktiv xizmatlar ko‘rsatilishini aytish mumkin. Bular ijtimoiy nafaqalarni tayinlash, ID-karta, xorijga chiqish pasporti va haydovchilik guvohnomasi kabi hujjatlarni olish, litsenziyani almashtirish va boshqalar.

    Shuningdek, barcha davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni onlayn to‘lash va ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida beriladigan hujjatlarni foydalanuvchilarning Yagona portaldagi shaxsiy kabinetidan bepul tarzda olish imkoniyatini yaratish ustuvor vazifalarimizdan biridir. Yana ommabop elektron xizmatlarni mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda to‘lov tizimlarining mobil ilovalarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

    MAHALLADAN TURIB DAVLAT ORGANLARIGA MUROJAAT QILISH TIZIMI YARATILADI 

    Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida 2022-2023-yillarda elektron hukumatni yanada rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlarida umumiy miqdori 199 milliard so‘m qiymatga ega jami 127 ta, xo‘jalik birlashmalarida umumiy miqdori 3 milliard 321 million so‘m qiymatga ega jami 119 ta, hududlarda esa 404 ta loyihani amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqildi.

    Ushbu qaror loyihasida mahallalar faoliyatini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish hamda ularning rahbarlari bilan muloqotda bo‘lish tizimi yaratiladi va faoliyatga doir hisobotlar to‘liq raqamlashtiriladi. Davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallalarda ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

    Mahalla orqali rasmiylashtiriladigan va olinadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamni tayinlash bo‘yicha hujjatlarni onlayn (elektron) tarzda taqdim etish tizimi joriy etiladi.

    Umuman olganda, raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar aholi hayotini yengillashtirish, uzog‘ini yaqin qilish, ortiqcha xarajatlardan, ovoragarchiliklardan, byurokratiyadan xoli qilish, korrupsiyaning oldini olish va davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, jamiyatimizning turli sohalarida, jumladan, temir yo‘l, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarini raqamlashtirishga oid ishlar ko‘lami kengayadi.

    Bu chora-tadbirlar yangi O‘zbekistonni erkin va baxtli odamlar yashaydigan qudratli davlatga aylantirish, mamlakatimizni dunyoning rivojlangan, iqtisodiyoti barqaror o‘sayotgan, inson kapitali yuqori bo‘lgan raqobatbardosh demokratik mamlakatlar qatoriga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladi.

    Manba: Axborot xizmati