Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Farg‘ona viloyatiga xizmat safari doirasida “O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filiali telekommunikatsiya bog‘lamalari faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida AKT vaziri Sh. Shermatov telekommunikatsiya bog‘lamalarida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Aholiga sifatli xizmatlarni ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda aholi va xodimlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, kompaniya abonent bazasini oshirish va yoshlarni ishga kengroq jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
BPO xizmatlarini rivojlantirish kabi muhim va istiqbolli yo‘nalishga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish va yuqori haq to‘lanadigan IT-kasblarini rivojlantirish ularning bandligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda binolarni zamon talablari asosida rekonstruksiya qilish, ulardan oqilona foydalanish hamda ularda BPO markazi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Manba: Axborot xizmati