Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish masalalari bo‘yicha vazifalar belgilab olindi
    19.04.2022

    2022-yil 19-aprel kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati, tizimidagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida Vazirlik Hay’atining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Kengaytirilgan majlisda joriy yilning 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida axborot texnologiyalari sohasida erishilgan natijalar va 2022-yilga mo‘ljallangan vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlariga berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan vazifalar ko‘rib chiqildi.

    Majlisda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Hay’at raisi Sherzod Shermatov tomonidan 2022-yilning birinchi choragida Vazirlik hamda soha korxonalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, jumladan, IT Park rezidentlari eksport hajmi 4 barobarga oshib, 16 million dollarga yetganligi,  2,8 mingga yaqin mobil aloqa tayanch stansiyalari o‘rnatilganligi, shuningdek, IT Park rezidentlari tomonidan 1,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilganligi va buning natijasida ularning umumiy soni 11,5 mingtaga yetganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

    Yig‘ilish davomida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Hay’at raisi Sherzod Shermatov bunday misollarni ko‘p keltirdi.

    - 2019 yilda IT-Park rezidentlarida atigi 4000 nafar odam ishlagan bo‘lsa, hozir 11,5 mingta mutaxassis bo‘ldi, lekin bu juda kam deb, yig‘ilishda Prezidentimiz yangi vazifa qo‘ydi. Bundan buyog‘i eng katta maqsadimiz eksport bilan yuqori maoshli ishchi o‘rinlar yaratishdir. Yilning oxirigacha bu ko‘rsatkichni 15 mingga, keyingi yil 30 mingga, undan keyin 50 mingga chiqarishimiz kerak. Bu katta vazifa. Shuning uchun hammamiz ishlashimiz kerak. Bundan tashqari «ayti sohasi»da o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar 20 mingga yetdi. Yilning oxirigacha 23800, deyarli 24000 odam bo‘ladi. Buni ham ko‘paytirishimiz lozim. Joylarda hududimiz rahbarlari shu odamlarni ham bilishi, o‘rganishi, kerak bo‘lsa uchrashuvlar o‘tkazishi lozim. 20 ming odam, 20 ming ishchi kuchi katta raqam. Asosiy vazifamiz — O‘zbekistonni mintaqaviy ayti-markazga aylantirish asosiy maqsadga hamma birlashishi kerak, - dedi AKT vaziri.

    Xususan, AKT vaziri Sh.Shermatov Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Vazirlik oldiga O‘zbekistonni mintaqaviy axborot texnologiyalari markaziga aylantirish, joriy yil oxirigacha IT-mahsulotlar va xizmatlar eksportini 100 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganligiga alohida e’tibor qaratdi.

    AKT vaziri mamlakatimizni IT-markazga aylantirish uchun, eng avvalo, telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, takomillashtirish zarurligini qayd etib, keyingi bosqichda ana shu infratuzilmani ishlatish uchun kadrlar tayorlash darajasini yuqori bosqichga ko‘tarish kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, nafaqat poytaxtda, balki respublikamizning barcha hududlarida IT mutaxassislar va kompaniyalar uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratib berish lozimligini aytib o‘tdi.

    Bundan tashqari, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish, ularning yuqori haq to‘lanadigan IT-kasblarini rivojlantirish orqali bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish, shu maqsadda mamlakatimiz bo‘ylab masofaviy xizmat ko‘rsatish markazlari (BPO-markazlari)ni bosqichma-bosqich tashkil etish choralarini ko‘rish, erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ishlar har qancha yaxshi bo‘lmasin, bu bilan chegaralanib qolmasdan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirish doirasida hali ko‘plab ishlar qilinishi zarurligi alohida qayd etildi.

    Hay’at majlisida AKT vazir o‘rinbosarlarining ham hisobotlari tinglandi.

    AKT vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos IT-tadbirkorlik, elektron hukumat tizimini rivojlantirish, hududlar va tarmoqlarni yanada raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. Xususan, birinchi yarim yil yakuniga qadar tizimga 30 ta, yil oxiriga qadar esa 40 ta davlat xizmatini joriy etish va shu orqali ular sonini 376 taga yetkazish, onlayn formatdagi davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini 1,5 milliondan 4 million kishiga oshirish rejalashtirilgan.

    Majlisda telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida AKT vaziri o‘rinbosari J. Maxsudovning axboroti tinglandi. Qayd etilganidek, yil oxirigacha 800 mingga yaqin xonadonni yuqori tezlikdagi internetga ulash, optik tolali internet qamrovini 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, magistral yo‘llarning mobil aloqa bilan qoplanishini 60 foizga yetkazish, 80 ta qishloq aholi punktini internet aloqasi bilan qamrab olish ishlarini jadallashtirish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, majlisda “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini sifat jihatidan o‘zgartirish ishlari amalga oshirilaytganligini, o‘zgarishlar “O‘zbektelekom” AKga ham ta’sir qilishini, rejalarga ko‘ra, kompaniya kelajakda IPO o‘tkazishini, ya’ni kompaniya aksiyalari xalqaro fond bozorlariga qo‘yilishi mumkinligi ta’kidlandi.

    Majlisda IT-ta’limni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini ilmiy-ta’lim klasteriga aylantirish dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Unda IT-mahsulotlar va xizmatlarini eksport qilishga yo‘naltirilgan xalqaro kompaniyalar bilan ishlashga mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.

    Vazirlik Hay’atining kengaytirilgan majlisida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan vazirlikning tegishli hududiy boshqarmalar rahbarlarining fikr-mulohazalari tinglandi.

    Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Manba: Axborot xizmati