Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • To‘rt ming dollarlik yuqori maosh – BPO yoshlar uchun qanday imkoniyatlar taqdim etmoqda?
    24.03.2022

    2022-yilning 24-mart kuni Yangi O‘zbekiston” gazetasining 59-sonida “To‘rt ming dollarlik yuqori maosh – BPO yoshlar uchun qanday imkoniyatlar taqdim etmoqda?” nomli maqola chop etildi.  

    Unda bugungi kunda O‘zbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda BPO (Biznes jarayonlari autsorsingi)ning taqdim etayotgan imkoniyat va afzalliklari haqida batafsil so‘z yuritilgan.

    Maqolaning gazeta ko'rinishidagi varianti.

    Yangicha yondashuv

    To‘rt ming dollarlik yuqori maosh – BPO yoshlar uchun qanday imkoniyatlar taqdim etmoqda?

    Mamlakatimizda so‘nggi yillarda IT sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘ziga yarasha katta resurslarni talab qilishi tabiiy, albatta.

    AKTning jadal rivojlanishi yangi imkoniyatlarni ochishi bilan birga, davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashni hamda respublikaning xalqaro AKT bozoridagi o‘rnini kuchaytirishni talab qiladi.

    Bugungi kunda ko‘pgina yirik xalqaro tashkilotlar o‘z biznesini amalga oshirishda tashqaridan ishchi kuchi jalb qilmoqda. Ayniqsa, pandemiya davrida qator mamlakatlar masofadan ishlash va u orqali mo‘maygina daromad topishni yo‘lga qo‘ydi.

    Jahonning yetakchi kompaniyalari ham o‘z xodimlari masofadan ishlashiga sharoit yaratib berdi. Bu ikki tomon uchun ham qulay: bir tomondan, kompaniya sarf-xarajatlarini kamaytirish va ish samaradorligini oshirishga erishilsa, boshqa tomondan, mutaxassis uchun dunyoning istalgan burchagidan turib o‘z xizmatlarini taklif qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ilmiy tilda ushbu jarayon BPO deyiladi.

    Hozirgi davr mutaxassisiga qayerdan turib ishlashning ahamiyati yo‘q. Muhimi, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi va yaxshi internet aloqasi bilan ta’minlangan bo‘lsa bas. 

    Pandemiya ijtimoiy hayotning ayrim jabhalariga olib kirgan o‘zgarishlar esa, uzoq vaqt saqlanib qolishi yoki yangicha ijtimoiy munosabatlarni qaror toptirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

    Uydan ishlash allaqachon global trendga aylanib ulgurdi. Kelasi 5-10 yil ichida ko‘pchilik xodimlarini uydan ishlashga o‘tkazishni rejalashtirgan ayrim tashkilotlar koronavirus bu jarayonni tezlashtirib yuborganini qayd etgan.

    Keling, hozirgi kunda yurtimizda ham asosiy trendga aylanib borayotgan va muhimi, masofa tanlamaydigan kasblar haqida fikrlashamiz.

    Biznes jarayonlari autsorsingi o‘zi nima?

    Biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) – bu biznes amaliyoti bo‘lib, unda tashkilot muhim biznes vazifasini bajarish uchun tashqi xizmat ko‘rsatuvchi provayder bilan shartnoma tuzadi.

    Tashkilotlar ishning ikkita asosiy yo‘nalishi bo‘yicha biznes-jarayonlari autsorsingi bilan shug‘ullanadi: bek-ofis va front-ofis. Ba’zan ichki biznes funksiyalari deb ataladigan bek-ofis funksiyalari buxgalteriya hisobi, axborot texnologiyalari (IT) xizmatlari, inson resurslari (human resources), sifatni ta’minlash va to‘lovlarni qayta ishlashni o‘z ichiga oladi. Front-ofis funksiyalariga mijozlar bilan aloqa xizmatlari, marketing va sotish kiradi.

    Odatda, autsorsing jarayonlari buxgalteriya hisobi, boshqaruv, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va qo‘ng‘iroq markazlari, inson resurslari, IT boshqaruvi va xizmatlari, ishlab chiqarish, marketing, tadqiqot, sotish, yuk tashish va logistikani qamrab oladi.

    BPO bir qator afzalliklarga ega. Moliyaviy imtiyozlar, biznes jarayonini arzonroq xarajat bilan amalga oshirish yoki kompaniya pulini boshqa yo‘llar bilan soliqdan tejash, moslashuvchanlik shular jumlasidandir.

    BPO shartnomalari kompaniyalarga o‘zgaruvchan bozor dinamikasiga yanada chaqqonroq munosabatda bo‘lish imkonini beruvchi autsorsing biznes jarayonini taklif etadi. Masalan, yuqori sifat va yaxshi ishlash. Biznes jarayonlari ularning asosiy biznesi bo‘lganligi sababli, BPO provayderlari ishni yuqori aniqlik, samaradorlik va tezlik bilan yakunlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

    BPO provayderlari o‘zlari ixtisoslashgan sohalarda sodir bo‘layotgan yutuqlar haqida ko‘proq biladi. Bu ularning ish tezligi, narxi yoki sifatini oshirishi mumkin bo‘lgan avtomatlashtirish kabi yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish ehtimoli ko‘proq ekanligini anglatadi.

    Bu borada O‘zbekistonning imkoniyatlari qanday? Mamlakatimizda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari ko‘rsatishning barcha sohalariga joriy etish, axborot xizmatlarini ilgari surish, “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish va amalga oshirish, xalq bilan muloqot qilish va aholining kundalik muammolarini o‘z vaqtida hal qilishning samarali mexanizmlarini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimizning 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar rivojida muhim huquqiy asos vazifasini o‘tayotir.

    Farmonga muvofiq, butun respublika bo‘ylab Texnopark rezidentlari tashkil etilmoqda. Texnopark rezidentlari 2028 yil 1 yanvargacha barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod qilindi. Bu esa xorijiy hamkorlarni yurtimizga keng jalb qilish uchun katta imkoniyat yaratdi.

    Ushbu yo‘nalishida oyiga qancha daromad topish mumkin?

    Masalan, yetakchi kompaniyalarga masofadan xizmat ko‘rsatib, boshqaruvchi sifatida 4 ming dollar, menejer lavozimida 2 ming dollar, dasturchi sifatida mingdan 4 ming dollargacha, oddiygina dispetcher bo‘lib esa 300 dollardan ortiq daromad topish mumkin. 17 yoshdan oshgan, ushbu kasb sir-asrorlarini o‘rganishga astoydil kirishgan har qanday odam sohada o‘zini bemalol sinab ko‘rishi mumkin. Bunda oliy ma’lumotli bo‘lish ham shart emas. Muhimi, o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lish, xorijiy tillardan birini bilish (ingliz, rus yoki koreys tili) hamda sifatli internet aloqa bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.

    Bu borada IT park ham O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasi lokomotivi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida bir yil oldin mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan taqdim qilinayotgan ish o‘rinlarining eng yirik bazasini ishga tushirgani e’tiborga molik. Ushbu yirik platforma mamlakatimiz mutaxassislariga loyihalar ustida ishlash, buyurtmalar qabul qilish, umuman, axborot texnologiyalari sohasida karyera qurish uchun o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

    Yurtimizda eng ommalashgan yo‘nalishlardan biri yuk tashish (logistika) sohasi hisoblanadi. Mamlakatimizda asosan AQSHning logistika kompaniyalari o‘z filiallarini tashkil etishi so‘nggi vaqtlarda sezilarli darajada ko‘paydi. Logistika xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ishlayotgan O‘zbekiston yoshlari oyiga o‘rtacha 1000-1500 dollar va ba’zi holatlarda undan ham ko‘proq maosh oladi.

    Xo‘sh, ushbu soha daromadli ekan, unda o‘z o‘rnimni topish uchun nima qilishim kerak?, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Bunday holatda “BPO School” maktablariga murojaat qilish lozim.

    “BPO School” IT park va Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘lib, u yerda yoshlarimiz autsorsing (tashqi xizmat ko‘rsatish) sohasida ishlashni o‘rganishi mumkin. Ayni paytda bunday markazlar yurtimizning Toshkent, Jizzax, Farg‘ona, Guliston va Mo‘ynoq shaharlarida faoliyat yuritmoqda. Tez orada Xorazm, Namangan va Andijon viloyatlarida ham bu kabi markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

    Ta’limdan keyingi imkoniyatlar qanday?

    Ta’lim jarayoni 2 haftadan 1 oygacha davom etadi. Ushbu vaqt davomida talabalar faoliyat doirasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. E’tiborli jihati, “BPO School” ta’lim markazi bitiruvchilari uchun xalqaro kompaniyalarda amaliyot o‘tash va ishga joylashish imkoniyati mavjud.

    Markazda o‘qish uchun ayrim talablar bor. Ya’ni, yoshingiz 17 va undan yuqori bo‘lishi, ingliz, koreys, rus tillaridan birini bilishingiz, kelajakda buyurtmachilar bilan ularning vaqt rejimiga qarab ishlashga tayyor turishingiz lozim.

    O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va aholining turmush darajasini oshirish maqsadida bir necha yil avval boshlangan tarkibiy islohotlar davom etmoqda. Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznesni yuritish – 2020” hisobotida O‘zbekiston amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va samaradorligi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi 20 ta islohotchi davlat qatoriga kirdi.

    “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yaqin yillarda mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida, jumladan, vertikal tuzilmalar hamda davlat boshqaruvida 280 dan ortiq IT-loyihalarni joriy etishni nazarda tutadi.

    Mamlakatda startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 12 ta venchur fond ishga tushirildi, 40 dan ortiq startap xorijiy investor va mablag‘lar hisobidan 80 million dollardan ortiq mablag‘ jalb etildi. Respublikada xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 11 mingtaga yetdi.

    Xorijiy mutaxassislar uchun ham O‘zbekistonda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining IT park rezidenti xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislarni Toshkentga jalb etish, jumladan, ularni oilalari bilan ko‘chirish bo‘yicha maxsus dasturni ishga tushirdi. Unga ko‘ra, endilikda dastur yordamida IT mutaxassis viza bilan ta’minlash (agar kerak bo‘lsa), aeroport transferlari va transport, davlat va xususiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etish, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joy tanlash, yirik IT-kompaniyalarda ishga joylashishda yordam berish yoki istiqbolli IT-loyihalarda ishtirok etish uchun taklifnoma kabi ko‘pgina imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

    IT mutaxassislar uchun qanday imtiyozlar bor?

    O‘zbekistonda 2028 yilgacha IT kompaniyalarga katta soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etildi. Jumladan, barcha turdagi soliqlardan to‘liq ozod qilindi. Shuningdek, xodimlardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 7,5 foizgacha pasaytirildi, uskuna va dasturiy ta’minotni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan to‘liq ozod qilindi hamda valyuta o‘tkazmalari bilan bog‘liq cheklovlar butunlay olib tashlandi.

    Mamlakatning barcha hududlarida 205 ta IT ga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tashkil etildi. Respublikada 1 milliondan ortiq talabalarni birlashtirgan “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi ish boshlandi. Hozirga qadar 500 dan ortiq IT-kompaniyalar IT park rezidentlari hisoblanadi.

    Davlatimiz rahbarining 2021 yil dekabrdagi Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri AKT sohasi etib belgilangan edi.

    Ayni vaqtga kelib IT park rezidentlari eksporti (46 million dollar)ning 83 foizi AQSH bozoriga to‘g‘ri kelmoqda. Chet tilini bilish orqali BPO bo‘yicha yuqori maosh olish imkoniyati oshib bormoqda. Shuning uchun ham Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan BPO markazlarini ko‘paytirish ustida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.  

     

    Abdulahad QO‘CHQOROV,

    “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki

    direksiyasi” MCHJ (IT-Park) direktori o‘rinbosari

    Manba: Axborot xizmati