Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Aloqa tarixi muzeyida “O‘zbekiston Respublikasi pochta markalari Davlat kolleksiyasi” deb nomlangan yangi ekspozitsiya ochildi
    10.03.2022

    Bugun, 10-mart kuni Aloqa tarixi muzeyida “O‘zbekiston Respublikasi pochta markalari Davlat kolleksiyasi” deb nomlangan yangi ekspozitsiya ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ekspozitsiya “O‘zbekiston pochtasi” AJ tashkil topganligining 30 yilligiga bag‘ishlandi.

    Marosimda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston aloqa tarixi muzeyi Toshkentdagi eng yirik va mashhur muzeylardan biri hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyasi eng qadimgilardan tortib to zamonaviy telekommunikatsiya tizimlarigacha bo‘lgan turli xil aloqa usullarining uzoq tarixini o‘z ichiga oladi.

    Zamonaviy uch qavatli muzey binosi 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda aloqa sohasining shakllanish va rivojlanish yo‘lidan dalolat beruvchi 400 dan ortiq turli eksponatlar jamlangan.

    Ko‘rgazmaning asosiy qismi O‘zbekistonda telefon aloqasining rivojlanish tarixiga bag‘ishlangan. Unda mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda chiqarilgan pochta markalari kolleksiyalari, 19-asr pochta kartochkalari, shuningdek, 60 yillik tarixga ega telefonlarni ko‘rish mumkin.

    “O‘zbekiston pochtasi” stendlarida o‘zbek pochta aloqasining shakllanishi Temuriylar sulolasidan boshlab, uning rivojlanishining zamonaviy bosqichigacha bo‘lgan yo‘nalishlar aks ettirilgan.

    1992-yil “O‘zbekiston markasi” nashriyot markazi tashkil etilib, o‘sha yilning 7 may kuni mamlakatning eng birinchi pochta markasi chiqarilgan. Ushbu pochta markasi – o‘zbek xalqining mashhur shoirasi Nodirabegim tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan.

    30 yil mobaynida “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan 1530 ta pochta markalari chiqarilgan. Shulardan Flora turkumiga bag‘ishlab – 275 ta, Fauna turkumiga bag‘ilab – 150 ta, tarixiy obidalar va zamonaviy arxitekturalarga bag‘ishlab – 155 ta, san’at va madaniyatga bag‘ishlab – 150 ta hamda buyuk o‘zbek allomalari tavallud topgan kunlariga bag‘ishlab – 177 ta, yubiley sanalarga bag‘ishlab – 243 ta pochta markalari ishlab chiqarilgan.

    2022-yilda “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan “O‘zbekistonning oltin merosi”, “O‘zbekiston muzeylari”, “O‘zbek milliy taomlari” “Flora va Fauna”ga bag‘ishlangan, shuningdek, Yaponiya va Hindiston kabi xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ham pochta markalari chiqarilishi rejalashtirilmoqda. 

     

    Ma’lumot uchun:  

    O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi dushanbadan shanbagacha soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi. Tanaffus 13:00 dan 14:00 gacha. Yakshanba dam olish kuni.

    Oʻzbekiston aloqa tarixi muzeyi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy koʻchasi, 28A uyda joylashgan. Eng yaqin bekatlar: “14-sonli poliklinika”, “Alisher Navoiy muzeyi” va “Alisher Navoiy metrosi”.

    Telefon raqami: +99871 244 99 03

    Joylashuv xaritasi

    Manba: Axborot xizmati