Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan tabriklaymiz!
    07.03.2022

    O‘zbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jamoasi muqaddas va mo‘tabar onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbdan muborakbod etib, o‘zining chuqur hurmat va ehtiromini bildiradi.

    Bahor kirib kelishi bilan tabiat ochilib, ko‘ngillarimiz yorug‘ tuyg‘ularga to‘lib borayotgan mana shu shukuhli ayyomda ayollarimizning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligini madh etishdan charchamaymiz. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

    Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan. Chunki ayollar va onalarimiz bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

    Bugun ayol nafaqat ona, opa-singil yoki farzand, balki faol xodim, ustozdir. So‘nggi paytlarda hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan ayollarga turli darajadagi rahbarlik lavozimlarining ishonib topshirilayotgani esa ularga davlat siyosati darajasida eʼtibor, aytish joiz bo‘lsa, ehtirom ko‘rsatilayotganidan dalolat beradi.

    Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bugungi kunda jami 35 ming nafardan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, shundan 10 ming nafarga yaqinini xotin-qizlar tashkil etadi. Ushbu raqamlar ham IT sohasida ayollarga alohida eʼtibor qaratilayotganligini ko‘rsatish bilan birga, ularning mazkur sohaga bo‘lgan qiziqishini yaqqol namoyon etmoqda.     

    Sizlarga yaxshi ma’lumki, hurmatli opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2022-yil 1-martdagi PQ–146-son qarori qabul qilindi.

    Qarorda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar belgilandi.

    O‘ylaymizki, ushbu qaror bilan tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi ayollarning jamiyatda tutgan o‘rnini yana bir pog‘ona ko‘tarishga xizmat qiladi.

    Aziz opa-singillar!

    Barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbdan tabriklaymiz.

    Oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘lib, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lishingizni tilaymiz.

    Oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizni tinchlik, fayzu baraka hech qachon tark etmasin.

    Bayramingiz muborak bo‘lsin!

    Manba: Axborot xizmati