Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot Strategiyasi to‘g‘risida”
    25.02.2022

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

    Farmoni

    2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida

    Mamlakatimizni 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi.

    Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

    Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.

    Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

    So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.

    Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida:

    1. Keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Taraqqiyot strategiyasi) va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:

    • inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
    • mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
    • milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
    • adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
    • ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
    • milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
    • mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.

    2. Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:

    a) 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinsin.

    Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxo‘jayev), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

    ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

    ijtimoiy sug‘urta tizimini yaratish, jumladan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish;

    kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish;

    “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integratsiya qilish;

    b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin.

    Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-yil 1-apreldan boshlab birinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlashni tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    Bunda, loyihada ajratiladigan mablag‘lar sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va korrupsiyaviy omillarning oldini olish bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilsin;

    v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilsin.

    Moliya vazirligi (T. Ishmetov) uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishini nazarda tutuvchi Qonun loyihasini kiritsin:

    ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish;

    bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash.

    3. Mahallaning “faol” modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida 2022-yilda:

    mahallalarda yangi institut sifatida joriy qilingan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilsin;

    barcha darajadagi rahbarlar mahallaga tushib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning holati vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilansin;

    mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish va ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimi yaratilib, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali mahallalarning xalq oldidagi nufuzi oshirilsin;

    mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilsin;

    mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularda istiqomat qilib, faoliyat yurituvchi aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshirilsin;

    mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka ko‘maklashish va o‘qitish markazlari, tadbirkorlik obyektlari kabi infratuzilmani yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilsin;

    mahallani joylardagi vakillik organlari bilan doimiy aloqalarining huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan mahalla raisi tomonidan mahalliy Kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritishning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilsin;

    fuqarolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etilsin.

    Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (M. Ubaydullayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda keng jamoatchilik, shu jumladan mahalla tizimida ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlarni jalb qilgan holda mahalla faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi va yangilangan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    4. Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:

    a) 1-apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilsin.

    Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    b) o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida:

    umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat budjetidan 605 mlrd so‘m ajratilsin;

    141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilsin va ularning soni 2026-yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazilsin.

    Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish va maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha choralarni ko‘rib borsin.

    5. Taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:

    a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmatini “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etilsin.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda tegishli qurilish ishlarini 2022-yil yakuniga qadar yakunlash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin;

    b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat budjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yo‘llashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish mexanizmi joriy qilinishini ta’minlasin.

    6. Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar:

    2022-yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish;

    xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin hamda malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    7. Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:

    a) 2022-yilda yillik inflatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023-yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari ko‘rilib, keyinchalik inflatsiya va Davlat budjeti taqchilligi ushbu ko‘rsatkichdan oshmasligi ta’minlab borilsin.

    Bunda, davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarilsin.

    Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov) Markaziy bank (M. Nurmuratov) bilan birgalikda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralarni doimiy ravishda ko‘rib borsin;

    b) 2023-yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushirilsin.

    Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026-yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘rilsin.

    Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida quyidagi loyihalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin:

    Energetika vazirligi (A. Sultanov), Qurilish vazirligi (B. Zakirov) 2022-yil 1-martga qadar — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari;

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B. Abdinazarov), Energetika vazirligi (A. Sultanov) 2022-yil 1-iyunga qadar — sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash dasturi hamda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimini yaratish bo‘yicha qaror.

    8. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini o‘rnatish tajribasi asosida sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettirilsin.

    Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar sharoiti “og‘ir” bo‘lgan hududlarda 2025-yil 1-yanvargacha yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    9. 2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etilsin hamda takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablar qayta ko‘rib chiqilib, yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘liq ishga tushirilsin.

    Adliya vazirligi (R. Davletov) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (D. Qosimov) va Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov) bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ko‘rib chiqish va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha yagona reyestrga kiritish hamda ushbu reyestrni 2025-yilga qadar to‘liq ishga tushirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

    10. 2022-yil 1-aprelga qadar tadbirkorlik subyektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat ko‘rsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtirilsin:

    ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga bo‘lgan shartlarni bekor qilish;

    faoliyat yo‘nalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan xodimlarga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish;

    muayyan faoliyat bilan ko‘chma tartibda, shu jumladan avtotransport vositalaridan foydalangan holda shug‘ullanish imkoniyatini yaratish;

    xizmat ko‘rsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar bo‘yicha milliy standart va talablarni bekor qilish;

    “bog‘lovchi-operator” sifatida masofaviy xizmatni ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari (agregatorlar) faoliyatiga doir maxsus shartlarni belgilash orqali ayrim litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish bo‘yicha talablarni bekor qilish.

    Adliya vazirligi (R. Davletov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlar talablarining mazkur bandga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.

    11. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatilsin:

    2022-yilda — 14 ta, shu jumladan sertifikatlashtirish xizmatlari;

    2023 — 2025-yillarda — 11 ta, shu jumladan neft mahsulotlarini saqlash, temir yo‘llarda tashishda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, temir yo‘lda ekspeditorlik xizmatlari.

    12. Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida hududlar bilan ishlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi o‘rnatilsin:

    2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar asosida har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqiladi;

    har chorak yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazirning o‘rinbosarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot beradi;

    ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinadi.

    Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan respublikaning hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar loyihalarini tasdiqlasin.

    13. Davlat boshqaruvi organlarining “Davlat — inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida:

    mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasiga ko‘ra ularni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, e’lon qilib borilsin;

    davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida muntazam e’lon qilib borish tizimi yaratilsin;

    har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

    Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda to‘rt oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan qaror loyihasini kiritsin.

    14. Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini ta’minlash maqsadida 2022-yilda:

    fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinsin;

    keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratilsin.

    Adliya vazirligi (R. Davletov) va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) 2022-yil 1-oktabrga qadar davlat xizmatlari tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish, navbatlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va xususiy sektorga o‘tkazish choralarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    15. Taraqqiyot strategiyasida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:

    ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilsin;

    qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini ma’muriy sudda isbotlash majburiyatini, uni qabul qilgan mansabdor shaxsning o‘ziga yuklash tartibiga amal qilinishi qat’iy ta’minlansin;

    harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni hisobga olish bo‘yicha yagona onlayn elektron reyestr yuritilishi yo‘lga qo‘yilsin.

    16. Jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinsin.

    Ushbu tizim doirasida jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda aniq loyihalarini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

    Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) uch oy muddatda “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini ishga tushirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    17. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) va Transport vazirligi (I. Maxkamov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    Bunda, yo‘l infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilarga munosib sharoitlarni yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlashga hamda “Ochiq budjet” axborot portali orqali yo‘naltiriladigan mablag‘lardan aynan mazkur yo‘nalishda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilsin.

    18. 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) hamda uning ishchi guruhi tarkiblari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    Komissiya va ishchi guruh zimmasiga Taraqqiyot strategiyasiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va monitoring qilish, shuningdek, uni 2023 — 2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarining tayyorlanishini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.

    19. Belgilab qo‘yilsinki:

    Taraqqiyot strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ustuvor vazifasi hisoblanadi;

    Taraqqiyot strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.

    20. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ta’sischilarining “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tadqiqot va “aql” markazi sifatida qayta tashkil etish hamda quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatish to‘g‘risidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansin:

    tegishli yo‘nalishlarda aniqlangan tizimli muammolarni, jumladan byurokratik to‘siqlar, qonunchilikdagi nomuvofiqliklar, ishlamayotgan huquqiy mexanizmlar, eskirib ketgan qoidalarni umumlashtirish;

    ko‘tarilayotgan tizimli muammolar va Taraqqiyot strategiyasida yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, tegishli davlat organlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etib borish;

    tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar hamjamiyati va jamoatchilik vakillari bilan birga tizimli muammolarni muhokama qilgan holda, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish;

    tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mavzuli ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish va ularning natijalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish.

    Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish, shuningdek islohotlarni amalga oshirish jarayoniga jamoatchilikni jalb qilish uchun “ilmiy maydon” yaratish bo‘yicha choralarni ko‘rsin.

    21. “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” fondining Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonlariga milliy va xalqaro hamjamiyatni keng jalb qilib borishga qaratilgan quyidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:

    Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhini tashkil etish;

    hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va tizimli ravishda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazib borish;

    fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan tashabbuslarni umumlashtirib, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda jamoatchilik loyihalarini ilgari surish.

    22. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan tahliliy va axborot materiallarini Internet jahon axborot tarmog‘ida va ommaviy axborot vositalarida aks ettirib borish choralarini ko‘rsin.

    23. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo‘yicha onlayn portalni ishga tushirsin.

    Bunda, chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha aholining fikrlari, taklif va e’tirozlarini qabul qilgan holda ilgari surilgan tashabbuslar tizimlashtirilib, har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borilsin.

    24. Vazirlar Mahkamasi:

    muntazam ravishda Taraqqiyot strategiyasi, Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsin;

    har chorakda Taraqqiyot strategiyasi, Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ijro etish holatini har tomonlama muhokama qilib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rib borsin;

    Taraqqiyot strategiyasini keyingi yillarda amalga oshirish bo‘yicha yillik davlat dasturlari loyihalarini o‘z vaqtida tayyorlab borilishini ta’minlasin.

    25. Adliya vazirligi Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda:

    Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish;

    Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi, jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishiga amaliy yordamni ko‘rsatib borsin;

    Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda e’lon qilish va keng tarqatishni ta’minlasin;

    monitoring natijalari to‘g‘risidagi axborotni har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borsin.

    26. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:

    Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;

    Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.

    27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Mazkur Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

    Toshkent sh.,

    2022-yil 28-yanvar,

    PF-60-son

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoniga
    1-ILOVA

    2022 — 2026 YILLARGA MO‘LJALLANGAN YANGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI

    I. INSON QADRINI YUKSALTIRISh VA ERKIN FUQAROLIK JAMIYATINI YANADA RIVOJLANTIRISh ORQALI XALQPARVAR DAVLAT BARPO ETISh

    1-maqsad: Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish.

    Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida mahallalar vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish.

    Fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani ta’minlash, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish.

    Mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish.

    Mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish.

    Mahallalar uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash, barcha mahalla raislari va hokim yordamchilarida boshqaruv asoslari, bandlikni ta’minlash, bank-moliya, tomorqa, er, chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish.

    Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi institutining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

    2-maqsad: Xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish.

    Xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish va ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish.

    Xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish, mahalliy budjetni shakllantirish va nazorat qilish bo‘yicha ularning mas’uliyatini kuchaytirish.

    Mahallalarning joylardagi vakillik organlari bilan, xalq deputatlari Kengashlarining Oliy Majlis Senati bilan, hokimliklarning vazirliklar va ularning hududiy bo‘linmalari bilan aloqalarini mustahkamlash.

    Mahalliy kengashlarning kotibiyatlari faoliyatini yanada kuchaytirish choralarini ko‘rish.

    3-maqsad: Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish.

    Joylardagi masalalarni hal etishda mahalliy hokimliklarning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish va har bir vazifa ijrosi, shuningdek sarflanayotgan mablag‘lar yuzasidan jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish.

    Mahalliy ijro hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirish, shu jumladan hokimlarni saylash tizimini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan hududiy ijro organlarining shtat birligi va tuzilmalarini belgilash amaliyotini bosqichma-bosqich kengaytirish, hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar bo‘yicha “vakolatlar reyestri”ni shakllantirish.

    Mahalliy boshqaruv faoliyatiga axborot texnologiyalarni keng joriy qilish, hududlarning 40 dan ortiq, jumladan transport, infratuzilma, ijtimoiy va boshqa sohalar bo‘yicha ma’lumotlarni jamlovchi tahliliy geoportallarini ishga tushirish.

    4-maqsad: Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish.

    Vazirlik va idoralarni tashkil etish va tugatishning aniq tartibi, ularni bir-biridan farqlovchi mezonlarni nazarda tutuvchi huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqib, amaldagi davlat boshqaruvi tizimini qayta ko‘rib chiqish.

    Davlat boshqaruvi organlarining shtat birliklarini oshirishga cheklov o‘rnatishning tartibini hamda kadrlar va moddiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq mezonlarni belgilash.

    Davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish.

    Vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini “Davlat — xalq xizmatchisi” tamoyili asosida fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirish.

    5-maqsad: Ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish.

    Vazirlik va idoralar rahbarlariga tashkiliy-huquqiy masalalarni o‘zlari mustaqil hal etishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, qabul qilinayotgan qarorlarning ular tomonidan samarali ijro etilishini ta’minlash.

    Davlat boshqaruvi organlarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarini rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish.

    Vazirlik va idoralarda ish yuritish va ma’muriy boshqaruv jarayonlari sifatini oshirish.

    6-maqsad: Davlat boshqaruvi tizimida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirish.

    Xususiy sektorga o‘tkaziladigan ayrim davlat funksiyalari sonini 3 barobarga oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish.

    Davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash.

    Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalarining samarali ishini tashkil etish.

    7-maqsad: Mamlakatimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish.

    Oliy Majlis palatalarining davlat hokimiyati tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, ularning ichki va tashqi siyosatga oid muhim vazifalarni hal etishdagi vakolatlarini kengaytirish.

    Barcha sohalarda vaziyatni har tomonlama o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish uchun ta’sirchan choralar ishlab chiqishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish, qabul qilingan qonunlarning amaliyotda so‘zsiz va to‘liq ijro etilishini ta’minlashda parlamentning ishtirokini kengaytirish.

    Qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirishning amaldagi mexanizmlarini samaradorlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish, mazkur jarayonlarda fuqarolarning ishtirokini ta’minlash orqali jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish.

    Davlat budjetini tasdiqlash va uning ijrosini nazorat qilish doirasida parlament tomonidan mas’ul tashkilotlarga aniq strategik vazifalarni qo‘yish va natijaga qarab ularga so‘rov yuborish amaliyotini joriy qilish.

    Oliy Majlis palatalarida hududlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri, shu jumladan masofaviy ishlash amaliyotini keng joriy qilish, hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlari muhokamasida tegishli hududdan saylangan deputat va senatorlarning ishtirokini kuchaytirish.

    “Elektron parlament” doirasida deputatlarni o‘z saylovchilari bilan, senatorlarni hududlardagi fuqarolar bilan bog‘lash, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish.

    Qonunchilik palatasi boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish, parlament saylovlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida yanada takomillashtirish.

    8-maqsad: Norma ijodkorligi jarayonini modernizatsiya qilish, qonunchilik hujjatlarining qat’iy ijrosini ta’minlash.

    Qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini takomillashtirish.

    Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligi, sifati va samaradorligini ta’minlash maqsadida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo‘llash doirasida qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholashni rivojlantirish va kengaytirish.

    Huquq tizimining raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiyotning yangi drayverlarini harakatga keltirish doirasida zamonaviy texnologiyalarga va raqamli faoliyatga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish.

    Sohalarda “tartibga solish yuki”ni kamaytirish doirasida qonunchilik hujjatlarini qisqartirish, davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish.

    O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish.

    Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega davlat organlari doirasini qisqartirish, shuningdek ushbu hujjatlar sonini maqbullashtirish ishlarini davom ettirish.

    9-maqsad: “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etish.

    Davlat xizmatlarini mobil ilovalar orqali ko‘rsatishni kengaytirish.

    Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiya qilishning Mobile ID tizimini joriy qilish.

    “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali davlat organlari hamda xususiy tijorat tashkilotlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish asosida byurokratik jarayonlarni qisqartirish.

    Shaxsga doir ma’lumotlarning himoyasini ta’minlaydigan ruxsat berish hamda xabardor qilish tizimini joriy etish.

    Fuqarolarga muddatli, muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni berish va almashtirishni hamda kompozit davlat xizmatlarini ularning murojaatini kutmasdan turib taklif etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.

    Keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, ularga qulayliklar yaratish.

    “Raqamli idora” loyihasi doirasida davlat organlarida ish yurituvini raqamlashtirish orqali ma’muriy tartib-taomillarni optimallashtirish va boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish.

    “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilish.

    Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish.

    Davlat xizmatlarini raqamlashtirish va ularning 20 foizini xususiy sektorga o‘tkazish.

    10-maqsad: Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish.

    Davlat xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish.

    Davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi bo‘yicha “Milliy reyting” tizimini joriy etish.

    Davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish tizimini takomillashtirish.

    Mahalliy hokimlik organlari, vazirlik va idoralarga rahbarlik lavozimlari uchun munosib nomzodlarni tayyorlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish.

    Davlat xizmatiga kirish, zaxirani shakllantirish, baholash va xizmatni o‘tash bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “Raqamli davlat xizmati” loyihasini amalga oshirish.

    Davlat organlarida ish vaqti va mehnat me’yorlari bo‘yicha talablarni qayta ko‘rib chiqish.

    11-maqsad: Xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish.

    Xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish.

    Davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni jamlovchi markazlashgan tizimni yaratgan holda ularni ko‘rib chiqish muddati va sifati ustidan raqamli nazorat o‘rnatish, aholining kundalik turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi masalalar bo‘yicha murojaatlar tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash.

    “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqparvar davlat” milliy dasturi izchil amalga oshirilishini ta’minlash.

    Jamoatchilik palatasining faoliyatini samarali tashkil etib, uning fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va aholini qiynayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini belgilash jarayoniga faol jalb etish.

    12-maqsad: Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

    Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jamoaviy murojaatlar asosida hududiy, tarmoq va davlat dasturlari ijro sifatini tekshirish amaliyotini joriy etish.

    Ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati subyektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.

    Aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini va saylov madaniyatini oshirish, saylovlarga oid xalqaro standartlarni qonunchilikka implementatsiya qilish ishlarini davom ettirish.

    Ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini o‘rganishda ularning mehnatidan samarali foydalanish.

    Ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini ikki barobarga oshirish.

    Xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini yetti barobarga oshirish.

    II. MAMLAKATIMIZDA ADOLAT VA QONUN USTUVORLIGI TAMOYILLARINI TARAQQIYOTNING ENG ASOSIY VA ZARUR ShARTIGA AYLANTIRISh

    13-maqsad: Mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash.

    Xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash.

    Xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, shu jumladan davlat idorasining rasmiy ma’lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish.

    14-maqsad: Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash.

    Mahkumlar va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy ta’minot va xalqaro e’tirof etilgan boshqa huquqlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashishning samarali mexanizmlarini joriy etish, ushbu yo‘nalishda davlat va jamiyat institutlarining birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

    Fuqarolarga huquqiy ta’sir ko‘rsatish, shu jumladan harakatlanish erkinligini cheklash bilan bog‘liq choralarni qo‘llashda qonuniylikni so‘zsiz ta’minlash hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.

    Fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha hisobga olish tizimini yanada soddalashtirish va aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ushbu yo‘nalishda boshlangan islohotlarni yakuniga yetkazish.

    Jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat ijroiya qonunchiligini takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish.

    Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmlarni takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda maxsus qonun qabul qilish.

    Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash.

    15-maqsad: Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish.

    Ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish.

    “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish.

    Sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish.

    Sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish.

    Sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish.

    Nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish.

    Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish.

    Sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish.

    Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish.

    16-maqsad: Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish.

    Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish.

    Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha patrullik xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish, shu jumladan zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etgan holda fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga tekshirish uchun olib borish amaliyotidan voz kechish.

    Yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini qisqartirish, shu jumladan harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlash.

    17-maqsad: Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltirish.

    Ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yo‘naltirish.

    Qonuniylikni qat’iy ta’minlovchi, ochiq va adolatli prokuratura faoliyatining mustahkam huquqiy asoslarini yaratish hamda “Qonun — ustuvor, jazo — muqarrar” tamoyilini bosh mezonga aylantirish.

    Tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish.

    Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyatlar haqida xabarlarni hisobga olish tizimini tubdan isloh qilish, jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olishda zamonaviy usullardan foydalanish.

    18-maqsad: Sud va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash.

    Sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning samarali mexanizmlarini joriy etish.

    Sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning muqobil, shu jumladan suddan tashqari usullaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish.

    Majburiy ijro organlari faoliyatiga xalqaro standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish va ayrim funksiyalarni (sud hujjatlaridan tashqari) xususiy sektorga o‘tkazish, davlat ijrochilari ish yuklamasini kamaytirish.

    19-maqsad: Advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish.

    Advokatura institutini to‘laqonli o‘z o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish, tizimga yosh malakali kadrlarni jalb qilish.

    Advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy va samarali mexanizmlari va institutsional asoslarini shakllantirish.

    Advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish.

    Bepul huquqiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, notariat va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlarining xizmatlaridan ovoragarchiliksiz, shu jumladan masofadan turib va “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanishni ta’minlash.

    20-maqsad: Faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish.

    Aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish.

    Tadbirkorlar va aholi, ayniqsa uning kam ta’minlangan qatlamlari uchun huquqiy hujjatlarni yurist ishtirokisiz tayyorlash imkonini beruvchi “Legal Tech” platformasini ishga tushirish.

    III. MILLIY IQTISODIYOTNI JADAL RIVOJLANTIRISh VA YUQORI O‘SISh SUR’ATLARINI TA’MINLASh

    21-maqsad: Iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni — 1,6 baravar va 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish uchun zamin yaratish.

    Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va yillik inflatsiya darajasini 2023-yilgacha bosqichma-bosqich 5 foizgacha pasaytirish.

    Davlat budjeti taqchilligini qisqartirish va 2023-yildan yalpi ichki mahsulotga nisbatan uning 3 foizdan oshib ketmasligini ta’minlash.

    Har bir tuman budjetining kamida 5 foizini “Fuqarolar budjeti” dasturi doirasida aholining takliflari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflashni tashkil qilish.

    Davlat qarzini boshqarishda yiliga yangi jalb qilingan tashqi qarz miqdori 4,5 milliard AQSh dollaridan oshib ketmasligini ta’minlash.

    22-maqsad: Milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirishga qaratilgan sanoat siyosatini davom ettirib, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga oshirish.

    Sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish hamda transformatsiya jarayonlarini yakunlash.

    Energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlarini ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda erkinlashtirib, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalarini kiritish.

    Iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga neft-gaz mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash.

    Mis sanoati klasterini tashkil etish orqali mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravar ko‘paytirish hamda 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish uchun asos yaratish.

    Kimyo va gaz-kimyosi sohalarini rivojlantirish va tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga yetkazish orqali kimyo sanoatida 2 milliard AQSh dollariga teng mahsulot ishlab chiqarish.

    Avtomobil sanoatida kooperatsiyani yanada rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga, eksport hajmini 2 baravarga ko‘paytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish. Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi ishlab chiqarishini yagona sanoat klasteri usulida tashkil etish.

    Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga ko‘paytirish.

    To‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga ko‘paytirish.

    Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 3 baravarga ko‘paytirish.

    Farmatsevtika sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 baravar ko‘paytirish va mahalliy bozorni ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish.

    Elektrotexnika sanoatida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga va eksportini 3 baravarga oshirish.

    Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,8 baravarga ko‘paytirish.

    Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini amalga oshirish.

    Yirik sanoat tarmoqlari va hududiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.

    Sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish dasturlarini keng joriy qilish.

    23-maqsad: Geologiya-qidiruv ishlari hajmini keskin oshirish, sohaga xususiy investorlar va ilg‘or xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish.

    Istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv va konlarda qazib olish ishlariga shaffof mexanizmlar asosida mahalliy va xorijiy investorlarni keng jalb qilish.

    Iqtisodiyot uchun zarur mineral xomashyo bazasini kengaytirish.

    Uglevodorod xomashyosi mavjud konlar, geologiya-qidiruv maydon va strukturalarini tahlil qilgan holda ularga shaffof mexanizmlar asosida investorlarni jalb qilish orqali qazib chiqarish hajmlarini oshirish.

    Geologiya sohasida zamonaviy ta’lim standartlarini keng joriy etgan holda malakali kadrlarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish.

    24-maqsad: Iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish.

    2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 30 milliard kVt.soatga oshirib, jami 100 milliard kVt.soatga yetkazish.

    2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash.

    O‘zbekiston energetika tizimining qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan barqaror ishlashini ta’minlash.

    Sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish.

    Uy-joy-kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va energiya samaradorligini oshirish.

    Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha choralarni ko‘rish.

    Iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqaradigan zararli gazlar hajmini bir birlik Yalpi ichki mahsulot hisobida 10 foizga qisqartirish.

    25-maqsad: Raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga a