Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi
    18.02.2022

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Xorazm viloyatiga amaliy tashrifi doirasida viloyatda AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar bilan bevosita tanishdi.

    Xususan, vazir ishtirokida “O‘zbektelekom” AK Xorazm filialida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tasarrufdagi tashkilotlar, korxonalar va mobil aloqa operatorlarining hududiy bo‘lim va bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati viloyatda AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2020-yilda AKT xizmatlari hajmi 350 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 420 milliard so‘mga yetgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 600 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda.

    Shuningdek, viloyatda telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi. Optik tolali tarmoqlarni rivojlantirish doirasida 2020-yilda tarmoqlarning umumiy uzunligi 4 ming kilometrdan ortiqni, 2021-yilda esa 7,9 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 11,8 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, keng polosali Internetga kirish portlari soni ham izchil ortib bormoqda. 2020-yilda bu ko‘rsatkich 155,2 mingtani, 2021-yilda 242,4 mingtani tashkil etgan, 2022-yilda 300,3 ming donaga yetkazish maqsad qilingan.

    Viloyatda pochta sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Xorazm viloyatida 101 pochta aloqasi bo‘limi faoliyat yuritib, aholiga davlat, bank va sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Pochta obyektlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi: ularning barchasi to‘liq kompyuterlashtirilgan, yuk mashinalari, elektroskuterlar, ko‘p funksiyali mobil qurilmalar bilan jihozlangan.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sh.Shermatov ta’kidlaganidek, bugungi kunda viloyatda pochta aloqasini rivojlantirish, ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini, jumladan, boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatish hisobiga takomillashtirish va mustahkamlash zarur. Pochta aloqasi obyektlari tomonidan ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari, jumladan, bank ilovalaridan foydalanish orqali aholini yanada faolroq xabardor qilish vazifasi qo‘yildi.

    Bugungi kunda viloyatda AKT sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qatorida IT-tadbirkorlik, jumladan, BPO xizmatlarini ko‘rsatish orqali IT-mahsulotlar va xizmatlar eksportini ko‘paytirish maqsad qilingan. Bu viloyatda yoshlar bandligini yanada oshirish, ularni yuqori maoshli ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Taʼkidlanganidek, bu borada katta imkoniyatlar mavjud.

    AKT vaziri belgilangan vazifalarni tezkor va samarali amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

    Manba: Axborot xizmati