Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • Asosiy maqsad – mahalliy yoshlarga AKT sohasida o‘z salohiyatini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish
    16.02.2022

    Bugun, 16-fevral kuni Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Ko Kyu Chang boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasiga xizmat safari doirasida IT Parkning Urganch filialiga bordi va Inkubatsiya markazining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov va Xorazm viloyati hokimi F. Ermanov qatnashdi.

    IT Park Urganch filialida mahalliy IT kompaniyalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, unda yuqori tezlikdagi internet aloqa va zamonaviy kompyuter texnikasi bilan jihozlangan ofislar, kovorking markazi tashkil etilgan. Hozirgi kunda filialda 9 ta rezident faoliyat ko‘rsatadi va 40 ga yaqin startap loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 5 tasi moliyalashtirilgan.

    Ayni vaqtga kelib, IT Park Urganch filiali qoshida 13 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, 13 ta IT maktab hamda BPO yo‘nalishi bo‘yicha maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. IT Park tomonidan amalga oshirilayotgan yirik IT loyihalardan biri – “Bir million dasturchi” doirasida Xorazm viloyatida jami 300 mingdan ortiq tinglovchilar tahsil olib, ulardan 270 ming nafari kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi.

    Shuningdek, bugun IT Park Urganch filiali qoshida Inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur markazni ochishdan maqsad – mahalliy yoshlar uchun o‘z startap g‘oya va biznes loyihalarni hayotga tatbiq etishga barcha sharoitlarni yaratishdan iborat. Mazkur markaz zarur jihozlar va kompyuter uskunalari, ya’ni noutbuk, interaktiv doskalar, multimediya proyektorlar, printerlar va boshqa qo‘shimcha jihozlar bilan jihozlangan.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov bugungi kunda Koreya Respublikasi bilan keng qamrovli ikki tomonlama hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligini, boshqa sohalar kabi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida ham ishlar jadal su’ratlarda olib borilayotgani, IT Parkning Urganch filiali qoshida Inkubatsiya markazining ochilishi ham ana shunday hamkorlikning samarasi ekanligini alohida ta’kidladi. 

    “Zamonaviy matematika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asos solgan buyuk olim Muhammad al-Xorazmiy vatanida koreyalik hamkorlar ko‘magida ilk IT markazlardan biri ochilayotgani g‘oyat ramziy ma’noga ega. Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mazkur markazning ochilishi esa ana shu g‘oyalarning amaliy timsolidir” – dedi AKT vaziri Sh. Shermatov.

    Ma’lumot uchun aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi o‘rtasida elektron hukumatni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolangan. Mazkur memorandumga muvofiq, IT Park filiallarining 4 ta hududda tashkil etilayotgan IT o‘quv markazlarini zarur kompyuter texnikalari va boshqa qurilmalar bilan texnik jihozlash uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi ko‘zda tutilgan.

    Uchrashuv davomida “Techbika” loyihasi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, tadbir qatnashchilari IT Parkning Urganch filiali rezidentlari tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalari bilan tanishdi.

    Manba: Axborot xizmati