Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining yangi yil tabrigi
    31.12.2021

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Siz aziz yurtdoshlarimizni, mo‘tabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimizni – ko‘p millatli butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi – 2022 yil bilan muborakbod etadi.

    Shu munosabat bilan, barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik tilaymiz.

    Bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan  Vatanimiz taraqqiyotining yangi bosqichida barcha sohalar qatori axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ham o‘z o‘rniga ega va ushbu yo‘nalishning xalqaro nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi. Aholiga  ko‘rsatilayotgan sifatli xizmatlar   amalga oshirayotgan ishlarimizda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

    Shu bilan birga, yurtimizning dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirishi, buning uchun olib borayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar tahsinga loyiq.  

    Joriy yilda barcha sohalarda katta o‘zgarishlar  bo‘ldi. Buning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa o‘z misolida ko‘rmoqda. Eng muhimi, ularning  ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

    O‘zbekistonimizning dunyodagi obro‘-e’tibori tobora ortib, uning xalqaro maydonda munosib o‘rin olayotganini  ko‘rib-kuzatib, shu yurtda yashayotgan har qaysi insonning ko‘ngli haqiqatan ham g‘urur va iftixorga to‘ladi.

    Shuningdek, kelayotgan Yangi yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boshlagan keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.

    Bizning niyatimiz va maqsadimiz shuki, har bir oila, har bir inson kelgusi yilda shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatidan bahramand bo‘lsin! 

    Aziz yurtdoshlar!

    Biz yangi yilda ham xalqimiz hayot darajasi va sifatini, nafaqat markazlarda, balki respublikamizning barcha hududiga, bir so‘z bilan aytganda har biringizning xonadoningizga kirib borishiga, bu orqali esa uzog‘ingizni yaqin, og‘iringizni yengil qilishga alohida ahamiyat qaratamiz.

    O‘tayotgan yil mamlakatimiz tarixida esda qolarli yil bo‘ldi. Shu bois eski yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz. 

    Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolgan mana shu hayajonli damlarda barchamiz Yaratganimizdan ezgu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasi, fayzini berishini chin qalbimizdan so‘raymiz va har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ijobat bo‘lishini tilab qolamiz.

    Yana bir bor kirib kelayotgan yangi yil yurtimizga, barcha-barcha oilalarga baxtu saodat va omad keltirsin!

    Go‘zal va betakror yurtimiz tinch-osoyishta, olijanob, bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

    2022-yilning qadami qutlug‘ kelsin!

    Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

    Manba: Axborot xizmati