Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi digital.uz rasmiy veb-sayti sinov tariqasida ishga tushirildi. Endilikda ushbu veb-sayt orqali Vazirlik faoliyati bilan tanishib borishingiz mumkin.
eye_icon
Ishonch telefonlari
11-99 Barcha raqamlar
img_icon
  • 2022 yilda axborot texnologiyalari eksportini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash orqali aholini rozi qilish eng muhim ustuvor vazifa ekanligi belgilandi
    28.12.2021

    2021-yil 28-dekabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hay’atining kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi.

    Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida (IT Park) bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Vazirlikning markaziy apparati, tizimdagi korxona va tashkilotlar va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar.

    Hay’at yig‘ilishini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Hay’at raisi Sh. Shermatov olib bordi.

    Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 24-dekabr kuni Axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohani yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi berilgan topshiriqlarning ijrosini tashkil etish vazifalari muhokama etildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2021 yil 28 iyuldagi 467-son qarorining ijrosini ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

    “Davlatimiz Rahbari aynan axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha alohida ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. 2028 yilga qadar dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 milliarddan oshirishni asosiy maqsad sifatida belgilab oldik. Shunda IT Park ham o‘ziga xos megaproyektga aylanadi. Uning boshqa sohalar eksportidan juda katta farqi ham bor, ya’ni bunday eksportda O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat deyarli 100 foiz bo‘ladi, uni amalga oshirish uchun qo‘shimcha import mahsulot yoki xom ashyo kerak bo‘lmaydi.

    1 ta eksportda ishlaydigan xodim 2000 dollar o‘rtacha oylik olsa, bir yilda uning maoshining o‘zi 24 ming dollar eksport daromadini olib keladi, shunday xodimlarning soni 40 mingdan ortsa, ularning oyligini o‘zidan deyarli 1 milliard dollar eksport daromadi yurtimizga kirib keladi. 4,5 yil avval dasturchilar uchun Prezident Farmoni bilan alohida soliq muhiti yaratilganidan keyin, dasturlash xizmatlari 50 barobardan ortiq oshgani faqat boshlang‘ich qadam bo‘ldi. – dedi AKT vaziri Sh. Shermatov.

    Shu bilan birga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatovning mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha olib boriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

    Yig‘ilishda elektron hukumat tizimini joriy etish va shu yo‘nalishdagi reytingda yuqoriga ko‘tarilish muhim ekanligi belgilandi.

    Eng birinchilardan biri bu – infratuzilma komponenti, ya’ni qishloq joylargacha yuqori tezlikdagi internetni yetkazib borish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Uch yil davomida asosan ijtimoiy-siyosiy ob’ektlarga optik tola tortilishi bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Endi shu olib borilgan optik tolani o‘sha joylarda yashaydigan aholiga yetkazib berish qoldi. Buning uchun biz joylardagi portlar sonini kamida 1 milliontaga oshirishimiz kerak. Shunda kamida bir millionta qo‘shimcha abonentga xizmat ko‘rsatishga imkoniyat bo‘ladi», – dedi AKT vaziri.

    Davlat organlaridagi mavjud raqamli ma’lumotlardan xususiy sektor vakillari tomonidan ham axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda foydalanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

    “Besh tashabbus” doirasida yoshlarni dasturlash tillariga bepul o‘qitish maqsadida “Bir million dasturchi” va boshqa shu kabi loyihalarga yoshlarni kengroq jalb qilib, ularni malakali kadrlar sifatida yetishtirish, IT sohasiga jalb qilish va shu orqali oilalarning ma’lum miqdorda moddiy barqarorligini yaxshilashga e’tibor qaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

    2022-2026 yillarda AKT sohasini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 1,5 milliard dollar miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshiriladi.

    2026 yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari sonini 610 taga yetkaziladi.

    2022 yil ikkinchi yarmidan boshlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish hamda xorijiy investorlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida ularga va ularning oila a’zolariga O‘zbekiston Respublikasida mehnat va investitsiya faoliyatini olib borishlari uchun soddalashtirilgan tartibda viza berish va uzaytirish tizimi joriy etiladi.

    Shu bilan bir qatorda, Vazirlik oldiga 2022 yilda axborot texnologiyalari eksportini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash orqali aholini rozi qilish eng muhim ustuvor vazifa ekanligi belgilandi

    Hay’at majlisida vazir o‘rinbosarlari, markaziy apparati, shuningdek tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbar-xodimlarining kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan hisobotlari eshitildi.

    Hay’at majlisida ko‘rilgan masala yuzasidan vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘lim rahbarlarining ushbu masalalar to‘g‘risidagi fikrlari tinglandi.

    Kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Vazirlik Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘yicha tegishli qarori qabul qilindi.

     

    Manba: Axborot xizmati